AsosiySport

Ronaldu «Yuventus»ni tark etdi. Uning yangi jamoasi...

'Ronaldu «Yuventus»ni tark etdi. Uning yangi jamoasi...'ning rasmi

Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu «Yuventus»ni tark etdi. Ijtimoiy tarmoqda u xususiy samolyotda Turindagi aeroportdan uchib ketgani aks etgan video tarqaldi.

Futbolchi o`z agenti Jorje Mendesh bilan o`z kelajagini muhokama qilmoqda. Shu vaqtgacha uning keyingi jamoasi «Manchester Siti» bo`lishi haqida aytilayotgandi. Endi Manchesterning ikkinchi jamoasi Ronalduni qaytarish payiga tushgan. Yaqin soatlar ichida uning keyingi jamoasi nomi ma`lum bo`ladi. 

Allegri tasdiqladi

«Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri Ronalduning klubni tark etish haqidagi qarori yuzasidan munosabat bildirdi.

«Kecha Krishtianu Ronaldu menga ortiq «Yuventus»da o`ynamoqchi emasligini aytdi. Shu tufayli u ertangi o`yinga chaqirilmadi. Undan xafa emasman. U ketishni istadi, bu uning tanlovi. U o`ziga yangi klub izlamoqda, «Yuve»dagi uch yillik faoliyati uchun unga minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Hayot shunday», degan Allegri.

Portugaliyalik futbolchi «Yuventus»ga 2018 yilda «Real»dan kelgandi. U klub safida ikki bor A Seriyada g`olib chiqdi, ikki marta Italiya Superkubogini qo`lga kiritdi, shuningdek, Italiya Kubogi sohibiga aylandi.

Gvardiola hali hech narsa hal bo`lmaganini aytdi

«Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiola Ronaldu uning klubiga kelishi haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi.

«Krishtianu qaerda o`ynashni o`zi hal qiladigan kam sonli futbolchilardan, buni na men va na «Manchester Siti» hal qiladi.

Ronaldu va Messi aql bovar qilmas futbolchilar. Ular so`nggi 20-30 yillikning eng zo`r futbolchilari», dedi u.

Bungacha Ronaldu «Man Siti»ga kelishi, inglizlar klubi unga 2 yillik shartnoma taklif etishi, «Yuventus» ushbu transferdan 25-30 mln evro ishlab olishi haqida xabarlar berilgandi.

Ole sobiq jamoadoshini hamkorlikka chorladi

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher Krishtianu Ronalduning kelajagi borasidagi vaziyatga aralashdi.

«Biz hamisha yaqin muloqotda bo`lib kelganmiz. Brunu Fernandesh ham u bilan gaplashib turadi. Ronaldu biz unga yaqin ekanimizni his qiladi. Agar u «Yuventus»dan ketayotgan bo`lsa, bilsinki, biz shu erdamiz.

Krishtianu - klubimiz afsonasi. Fikrimcha, u «Manchester Yunayted»da o`ynagan tarixdagi eng zo`r futbolchi. Omadim kelib u bilan birga to`p surganman. Men uni shug`ullantirganman ham. Ko`ramiz, nima bo`larkin», dedi norvegiyalik mutaxassis.

Sulsher 1996-2007 yillarda «MYu»da to`p surgan, 2003-2009 yillarda shu klub a`zosi bo`lgan Ronaldu bilan birga to`rt mavsum o`ynagandi.

«MYu» kurashda

Ko`p o`tmay OAVda portugaliyalik yulduz sobiq jamoasiga qaytishi haqida xabar tarqaldi.

Jurnalist Fabrisio Romano agent Jorje Mendesh bir necha kundan beri mijozining «Manchester Siti»ga o`tishi bo`yicha muzokara olib borgani, ammo transfer bo`yicha kelishuvga erishilmagani haqida yozdi.

«Shaharliklar» shu vaqtgacha «Yuventus»ga rasmiy taklif yuborishmadi, avvalroq klub va futbolchi o`zaro shartnoma tuzilgani haqida tarqalgan xabarlar tasdiqlanmadi.

Ma`lum qilinishicha, payshanba kuni kechqurun Mendesh «Manchester Yunayted» bilan ham muzokaraga kirishgan. 

«Siti» kurashdan chiqdi, «MYu» uloqni ilib ketdi

Bu vaqtda Ronaldu «Manchester Siti»ga o`tmasligi ma`lum bo`lib ulgurdi.

Insayder Fabrisio Romano va boshqa manbalar «shaharliklar» ushbu 36 yoshli futbolchining transferi bo`yicha muzokaralardan chiqqani haqida xabar tarqatishdi.

Romanoning yozishicha, Ronaldu unga «MYu»ga qaytmoqchiligini aytgan. «Qizil iblislar» sobiq futbolchisiga ikki yillik shartnoma taklif etayotgani ma`lum qilingan.

Jurnalist Mark Ogdenning yozishicha, bugun tongda sobiq jamoadoshlari bilan olib borilgan yozishmalar ham Ronalduning qaroriga ta`sir ko`rsatgan.

MEN nashrining yozishicha, «MYu»ning afsonaviy ustozi Sir Aleks Fergyuson ham vaziyatga aralashib, shogirdini yana shu klub uchun o`ynashga ko`ndirgan. Manbaning qo`shimcha qilishicha, Ronaldu «MYu»da haftasiga 270 ming funt miqdorida maosh oladi, agentlarning gonorarlari miqdori bo`yicha ham kelishuvga erishilgan.

Nihoyat eng ishonchli insayderlardan biri Janluka Di Marsio ham Ronaldu tez orada «MYu»ga qaytishini bildirdi.

Mirror manbasi xabariga ko`ra, «MYu» Ronaldu uchun «Yuventus»ga 30 million evro taklif qilgan, ammo turinliklar transfer doirasida Pol Pogbani olishni istamoqda. Italiyalik jurnalist Rudi Galettining yozishicha, turinliklar fransiyalik futbolchini qaytarish uchun Ronalduga qo`shib 30 million evro to`lashga ham tayyor.

    Boshqa yangiliklar