O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 avgust kuni Evropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Evrokengash Prezidenti davlatimiz rahbari va O`zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi. Respublikamizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qat`iy qo`llab-quvvatlanayotgani ta`kidlandi.
Ko`p qirrali O`zbekiston-Evroittifoq hamkorligining dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
O`zbekistonga “Preferensiyalar bosh tizimi plyus” benefisiari maqomi taqdim etilgani ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, o`zaro savdo hajmini oshirish va EI mamlakatlarining etakchi kompaniyalari ishtirokidagi investisiya loyihalarini ilgari surishga, shuningdek, moliyaviy-texnik ko`mak dasturini kengaytirishga xizmat qilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bo`lajak oliy darajadagi sammitning kun tartibini ishlab chiqish, shu jumladan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitimni tuzishga tayyorgarlik ko`rish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Afg`onistondagi ahvolning keskinlashishi ta`sirida mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan ham fikr almashildi. Evrokengash Prezidenti fuqarolarni evakuasiya qilish bo`yicha insonparvarlik operasiyalarini o`tkazishda ko`rsatilayotgan amaliy ko`mak uchun O`zbekiston etakchisiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Bundan tashqari, joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o`tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o`zaro bog`liqligi masalalari bo`yicha xalqaro konferensiya hamda avgust oyi boshida Turkmanistonda o`tgan mintaqamiz davlatlari rahbarlari uchinchi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari yuksak baholandi.