AsosiyJamiyat

Oshqozon-ichak tizimidagi kasalliklar qanday omillar natijasida yuzaga keladi?

'Oshqozon-ichak tizimidagi kasalliklar qanday omillar natijasida yuzaga keladi?'ning rasmi

O`zbekistonning issiq iqlimi, xalqimizning ovqatlanishdagi o`ziga xos xususiyatlari, ayrim hududlarda ekologik vaziyatning yomonlashishi respublikamiz aholisi orasida oshqozon-ichak tizimi kasalliklari ko`payishiga sabab bo`lmoqda. Shuning uchun aholining bu xastaliklardan xabardor bo`lishi muhimdir. 

Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori Olim G`ulomov ushbu kasallik bilan bog`liq savollarga javob berdi.

— Oshqozon-ichak tizimi kasalliklari qanday vujudga keladi?

— Oshqozonning me`yorida faoliyat ko`rsatishi uning shilliq qavati butunligiga bog`liq. Buning uchun inson tanasidagi va tashqaridan ta`sir etuvchi himoya hamda agressiv omillar o`rtasidagi aniq muvozanat saqlanishi zarur. Shilliq qavatni shikastlovchi agressiv omillar:

  •  xlorid kislotasi;
  •  pepsin;
  •  o`t kislotalari;
  •  oshqozonosti bezi shirasi (uning o`n ikki barmoq ichakka tushishi);
  •  bakteriyalar va mikroorganizmlar;
  •  ovqat bilan tushuvchi toksin moddalar (shu jumladan, dorilar).

Shilliq qavatning himoya omillari:

  •  Shilliq va biokorbonatlar sekresiyasi;
  •  hujayralarning o`z vaqtida yangilanishi;
  •  uning qon bilan me`yorida ta`minlanishi, yallig`lanishga qarshi sitokinlar deb ataluvchi va to`qimalar qon bilan ta`minlanishiga ijobiy ta`sir etuvchi garmonlarning me`yorida ishlab chiqarilishi.

Oshqozon va o`n ikki barmoq ichak kasalliklariga chalinmaslik uchun inson tanasidagi hamda tashqaridan ta`sir etuvchi agressiv va himoya omillari o`rtasidagi aniq muvozanat saqlanishi kerak.  

—  Gastrit qanday kasallik?

—  Gastrit oshqozon shilliq qavati yallig`lanishi bilan kechuvchi kasallik hisoblanib, qator tashqi va ichki salbiy omillar ta`sirida yuzaga keladi.

Uning kelib chiqishiga quyidagi tashqi va ichki omillar sabab bo`ladi.

Tashqi omillar:

  • ovqatlanish tartibining buzilishi (ovqatning miqdori va sifati, kechqurunlari ko`p miqdorda ovqatlanish);
  • spirtli ichimiliklar iste`mol qilish;
  • taom tayyorlashda o`tkir ziravorlardan ko`p foydalanish;
  • ovqat mahsulatlari va masalliqlarini saqlashda sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga keladigan infeksiyalarning ta`siri;
  • tuxum, ziravorlar, meva, malina, qulupnay kabi ayrim taomlarga allergiya mavjudligi;
  • ayrim dori vositalarining salbiy ta`siri.

Ichki omillar:

  • infeksiyalar va gripp, zotiljam, buyrak va jigar etishmovchiligi kabi kasalliklar ta`siri;
  • kuyish, muzlash, nurlanish ta`sirida organizmda to`qimalarning parchalanishi.

Gastritning o`tki va surunkali shakllari mavjud.

Tashqi omillar ta`sirida yuzaga kelgan o`tkir gastritda salbiy omil bevosita oshqozon shilliq qavatiga ta`sir ko`rsatib, uning yallig`lanishiga sabab bo`ladi va keyinroq ikkilamchi o`zgarishlar qo`shiladi.

Ichki omillar ta`sirida yuzaga kelgan o`tkir gastritda ular qon bilan asta-sekin oshqozon shilliq qavatida o`zgarishlar chaqiradi va bemor ahvolida umumiy zaharlanish belgilari ustunlik qiladi. Ayrim hollarda kasallikning kelib chiqishida har ikkalar guruh omillari faol ishtirok etadi.

Shilliq qavatning chuqurroq zararlanishi bilan kechadigan o`tkir gastritda aksariyat shilliq qavatning o`lishi kuzatiladi. Bunda bemorlarning og`iz bo`shlig`ida, qizilo`ngach va epigastral sohada kuchli og`riq, shilliqli va qonli qayt qilish, og`ir hollarda karaxtlik va keyinchalik butun qorinda kuchli og`riq turishi belgilari yuzaga keladi. O`tkir gastritga shubha bo`lganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilgan ma`qul.

O`tkir gastritning oldini olish, ovqat mahsulotlari va masalliqlarni saqlash hamda shaxsiy sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilish kabi tadbirlarda iborat. Muzlatkichda uzoq muddat saqlangan mahsulotlarni iste`mol qilmaslik, oshqozon shilliq qavatiga salbiy ta`sir etuvchi spirli ichimlik, nosvoy va sigareta chekmaslik shular jumlasidandir.

Boshqa yangiliklar