Go`zallik tushunchasi nisbiy bo`lsa-da, xalqaro go`zallik konkurslarida ishtirok etib, faxrli o`rinlarni egallagan, modellik biznesida, fotos`yomkalarda, filmlardagi ishtiroki bilan muvaffaqiyatlarga erishgan dunyoning eng go`zal ayollar 10 taligini aniqladik, deb yozadi “Top10a.ru” nashri. Marhamat, ular bilan tanishing!
10-o`rin Skarlett Yoxansson
Skarlett Yoxansson – amerikalik mashhur qo`shiqchi va aktrisa bo`lib, bir qancha mashhur kinomatografiya mukofotlariga sazovor bo`lgan go`zal ayollardan biridir. U nafaqat Amerikada, balki butun dunyoda mashhurdir. Skarlett aktrisalik karerasini 1992 yilda Los-Anjeles shahrida boshlagan. U avvaliga filmlarda kichik epizodik rollarni ijro etgan. Oradan bir necha yillar o`tgach, “Menniya Lo” filmida ilk marotaba bosh qahramon rolini qo`lga kiritadi. Film katta muvaffaqiyatlarga erishdi, Skarlett esa, “eng yaxshi ayol roli uchun” mukofotini qo`lga kiritdi. Hozirda aktrisaning filmografiyasida qirqdan ortiq filmlar mavjud. Ulardan eng mashhurlari: “Amerikacha rapsodiya”, “Tarjima qiyinchiliklari”, “Orol”, “Enaganing kundaliklari” filmlaridir.
9-o`rin Rianna
Rianna – mashhur barbadossalik qo`shiqchi va aktrisa bo`lib, o`zining qobiliyati, iste`dodi, go`zalligi bilan butun dunyoni hayratga solgan ayollaridan biri hisoblanadi. U 16 yoshida Amerikaga kelib, qo`shiqchilik faoliyati bilan shug`ullana boshlagan. Uning ilk qo`shiqlar albomi 2005 yilda chiqqan bo`lib, shu yilning o`zidayoq eng zo`r qo`shiqlar albomi o`ntaligiga kiritilgan. Uning navbatdagi albomlari mashhurlik jihatdan ilgarigisidan qolishmadi va musiqa yo`nalishi bo`yicha bir qancha mukofotlarni qo`lga kiritdi. Qo`shiqchining albomlari millionlab nusxada dunyo bo`ylab tarqaldi va muvaffaqiyatli ravishda sotilib ketdi. 2007 yilda Rianna dunyoning eng zo`r qo`shiqchisi deb tan olindi va dunyo musiqasiga qo`shgan hissasi uchun Barbadossaning madaniyat bo`yicha faxriy elchisi etib tayinlandi.
8-o`rin Ember Xerd
Ember Xerd – mashhur amerikalik model va kinoaktrisa bo`lib, o`zining go`zalligi, yoqimtoyligi bilan dunyo ahlining, barcha muxlislarining yuragini zabt etgan ayollardan biri. Uning uch fazilati – tashqi qiyofasining go`zalligi, aktyorlik mahorati, hayotiy kuch-quvvatga to`laligi muvaffaqiyatga erishishiga sabab bo`ldi. Xerd yoshligida teatrda spektakl postanovkalarida, turli reklama roliklarini suratga olish ishlarida, siyosiy kompaniyalarda faol ishtirok etib kelgan. Ember 16 yoshida Nyu-Yorkda modellik kasbida o`z xizmat faoliyatini boshlagan. Ember Xerd aktrisalik karerasini Los-Anjelesda boshlab, bir qancha teleseriallarda suratga tushgan. Aktrisaning filmografiyasida 30 dan ortiq filmlar bo`lib, ular orqali Ember o`zining aktyorlik mahoratini, go`zalligini mohirona namoyon eta olgan.
7 -o`rin Sharliz Teron
Sharliz Teron – mashhur amerikalik aktrisa va model bo`lib, bir qancha nufuzli kinomatografiya mukofotlari sohibasidir. Sharliz Teron Afrikada, tomirida turli millatlar qoni oqayotgan oilada tug`ilgan. U modellik karerasini 16 yoshda, moddellar tanlovi orqali boshlagan. Italiyaning Pozitanosida o`tkazilgan tanlovda erishgan g`alabasi uning Milan modellik agentligi bilan shartnoma tuzishiga asos bo`ldi. Unga jahonshumul mashhurlikni “Iblisning advokati” filmidagi ilk debyut roli olib keldi. Sharliz filmdagi roli, go`zalligi bilan er yuzidagi millionlab erkaklarni o`ziga shaydo qila oldi. Uning filmografiyasida 40 dan ortiq filmlar mavjud. “Qudratli Jo Yang”, “Harbiy sho`ng`uvchi”, “Oppoqoyim va ovchi”, “Sirlar” kabi filmlar ulardan eng mashhurlari hisoblanadi.
6-o`rin Meryam Uzerli
Meryam Uzerli – go`zal turk-nemis aktrisasi bo`lib, “Muhtasham yuz yil” teleseriali orqali muvaffaqiyatga erishib, jahon ahlining suyukli aktrisasiga aylandi. U Germaniyada tug`ilgan bo`lib, otasi turk, onasi nemis millatiga mansub bo`lgan. Maryamni bolalagidan teatr, sahna hayoti qiziqtirgan, u oilaviy bordi-keldi qiluvchi insonning teatrida ilk rolini ijro etgan. Aktyorlik mahorati bo`yicha Gamburgda ta`lim olgan bo`lib, qisqa metrajli nemis filmlarida rollar ijro etgan. “Muhtasham yuz yil” teleserialidagi Xurram roli unga haqiqiy mashhurlikni olib kelib, dunyoga tanitdi.
5-o`rin Irina Sheyk
Irina Sheyk – o`zining go`zalligi bilan jahon ahlining e`tirofiga sabab bo`lgan rossiyalik model hisoblanadi. U modellik karerasi davomida bir qancha mashhur brendlarning yuzi bo`ldi. Irina Rossiyaning Chelyabinsk viloyatidagi Emanjelinsk shahrida dunyoga kelgan. Uning otasi tatar, onasi rus millatiga mansub. U 2004 yilda ilk marotaba Chelyabinsk shahrida o`tkazilgan go`zallik konkursida g`alabaga erishgan. Shundan keyin u professional modellik faoliyatini boshlab yubordi. 2007 yildan boshlab, amerikaning Sports Illustrated Swimsuit Edition jurnalida muntazam ravishda suratlari chop etiladi, bundan tashqari dunyoning eng mashhur moddellik bizneslari, fotosuratchilari bilan ham hamkorlik qilib keladi.
4-o`rin Ayshvariya Ray
Ayshvariya Ray – Hindistonlik mashhur aktrisa va fotomodel, Hindiston davlatining bir qancha mukofotlariga sazovor bo`lgan, dunyo go`zallari ro`yxatining to`rtinchi o`rnini egallagan go`zallardan biri. U modellik karerasini o`z yurtida Pepsi ichimligi reklama roligida ishtirokidan boshlagan. 1994 yilda Hindistonda o`tkazilgan go`zallik tanlovida “Hindiston go`zali”, keyin esa xalqaro go`zallik tanlovida “Dunyo go`zali” unvoniga sazovor bo`lgan. “Dunyo go`zali” tanlovi tarixida ilk bora hakamlar hay`ati uni bir ovozdan haqiqiy go`zal deb tan olishgan. Hind go`zali ilk bora 1997 yilda kinoda rol o`ynadi, ammo uning bu roli tanqidga uchradi. Ammo hozirga kelib, uning filmografiyasida muxlislar qalbidan joy olgan qirqdan ortiq mashhur filmlari mavjud.
3-o`rin Anjelina Jolli
Anjelina Jolli – amerikalik mashhur kinoaktrisa, fotomodel, ssenariynavis va rejissyor va dunyoning eng go`zal ayollaridan biri deb tan olingan. U ijodiy karerasi orqali millionlab muxlislar to`pladi va bir qancha mukofotlarni qo`lga kiritdi. Anjelinaning ota-onasi professional aktyorlar bo`lgan. U 14 yoshidan boshlab, modalar namoyishida ishtirok etib kelgan. Anjelina bir qancha musiqali kliplardagi ishtirokidan keyin, teatrda ishlagan. 1993 yilda ilk marotaba fantastik jangari filmda robot rolini ijro etib, daromadini oshiradi. Aktrisaning filmografiyasida hozirda aktyorlik mahorati bilan boyitilgan o`nlab filmlar mavjud.
2-o`rin Keyt Alton
Keyt Alton – mashhur amerikalik model va kinoaktrisa bo`lib, o`ziga xos tashqi qiyofasi, aktyorlik mahorati bilan mashhur dunyo go`zallari o`ntaligiga kiritilgan. Keyt o`ziga xos tashqi qiyofasi bilan boshqa qizlarga agar inson istasa hamma narsaga erishishi, yulduzga aylanishi mumkinligini isbotlab berdi. Keyt Alton to`lachadan kelganligi bois modellik biznesi haqida orzu qilmagan. Ammo u tashqi qiyofasidan hech qachon uyalmagan, qat`iylik bilan olg`a harakat qilgan. 2008 yilda Alton Elite Model Managemen agentligi kastingida ishtirok etib, ular bilan shartnoma imzolashga erishdi.
1-o`rin Monika Beluchchi
Monika Beluchchi – mashhur italiyalik fotomodel va kinoaktrisa, haqiqatan ham zamonaviy go`zal ayollardan biri hisoblanadi. U ijodiy karerasi, iste`dodi orqali muxlislar qalbini zabt etdi. Monika oddiy oilada dunyoga kelgan. Beluchchi bolaligida huquqshunos bo`lishni orzu qilgan, ammo taqdir uning orzusini amalga oshirmadi. U juda go`zal bo`lganidan bir necha marotaba mashhur brend va kompaniyalarning yuzi bo`ldi. Monika qisqa vaqt mobaynida Milan, Parij, Nyu-Yorkni o`ziga bo`ysundirdi, dunyo go`zallari ro`yxatida etakchilik qildi. Monika Beluchchi katta kinoda 1990 yildan boshlab ko`zga tashlandi, uning filmografiyasida, iste`dodini, go`zalligini, aktyorlik mahoratini namoyish etgan 50 dan ortiq filmlar mavjud.