Bugun O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda yangi nodavlat teletarmoq o`z faoliyatini boshladi.
O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA) muassisligidagi Renessans TV teletarmog`i joriy yilning aprel oyida O`zEOAVMA tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida ishlab chiqilgan “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” media dasturi doirasida tashkil etilmoqda.
Renessans TV teletarmog'i 2021 yil 1 sentyabr soat 6.00 dan test rejimida o`z efirini boshladi. Hozircha respublikamizning 70% hududini qamrab olishi ko`zda tutilgan teletarmoq keyinchalik bosqichma-bosqich butun yurtimiz bo`ylab o`z mediamahsulotlarini taqdim etadi.
“Ayni paytda assotsiatsiyamizga a`zo bo`lgan 48 teleradiokanalning 13 tasini hududlardagi nodavlat telekanallar tashkil etadi, - deydi teletarmoq Bosh direktori R. Rajabov . – Ularning har biri o`z auditoriyasi, o`z tarqalish hududiga ega bo`lgani sababali bir-biri bilan raqobatlashmaydi. Renessans TVning asosiy maqsadi ushbu telekanallarni televizon tarmoq mexanizmi orqali har tomonlama qo`llab-quvvatlashdan iborat. O`z navbatida joylardagi jarayonlarni, voqea-hodisalarni muntazam yoritishda hududiy nodavlat telekanallar ham teletarmoq bilan yaqindan hamkorlik qiladi va o'z mahsulotlarini teletarmoqqa joylashtirishga imkoniyat paydo bo'ladi.
Hududiy nodavlat telekanallarning aksariyati to`liq litsenziyalangan media-mahsulotlarni sotib olish imkoniyatiga ega emas. Renessans TV esa, O`zbekiston kinematografiya agentligi, tegishli hamkor tashkilotlar bilan shartnoma asosida turli media-mahsulotlar, filmlar va seriallarni mazkur televizion tarmoq orqali tomoshabinlarga taqdim etadi. Shuningdek, jamiyatimizdagi dolzarb masalalarning etakchi ekspertlar, tegishli mutasaddilar, taniqli jurnalist va blogerlar ishtirokidagi muhokamasiga bag`ishlangan turli formatdagi ko`rsatuvlar efirga uzatiladi.
Hozirda teletarmoqning ijodiy va texnik guruhlari shakllantirilgan, efirga tayyorgarlik jarayonlari qizg`in davom etmoqda. Test rejimida teletarmoq xodimlari o`zbek kinosining nodir durdonalari hamda so`nggi yillarda yaratilgan badiiy va hujjatli filmlar, mumtoz va zamonaviy kuy-qo`shiqlar, taniqli san`atkorlarning konsert dasturlarini tomoshabinlar e`tiboriga havola etadilar.






