Test imtihon natijalari sinovlar tugagan kundan boshlab, bir hafta muddatda chiqishi shart bo`lsada, abiturientlar hanuz javoblarni bilishganlari yo`q. O`quv jarayonlari esa 3 kundan so`ng boshlanadi. O`zXDP Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova bu holatni keskin tanqid qildi.
" -Hayotimizning har bir sohasiga raqamlashtirish kirib kelgan, imtihon savollarining javoblari to`g`riligini kompyuter tekshirayotgan vaqtda natijalarni cho`zish kimga kerak bo`lib qoldi?
Ijtimoiy tarmoqlarda “adolatsizlik qachon barham topadi”, qabilidagi savollar bejiz ilgari surilayotgani yo`q. To`g`ri, abiturient qancha ball olganini qisqa muddatda bilib olayapti, ammo mandatni e`lon qilishga, nahotki, bir oyga yaqin vaqt ketsa? Bizningcha, hamma soha raqamlashtirilgan davrda “bahona izlash” befoyda. Hech bo`lmaganda Davlat test markazi mutasaddilari xalq oldida hisobdorligini anglab, o`z harakatlariga vaqtida izoh berishlari kerak", - deydi deputat.
U aholi, ayniqsa umidvor yoshlarning talabiga javob bera olmaydigan Davlat test markazi faoliyatini butunlay qaytadan ko`rib chiqish kerak, aytadi.
" - Inson katta hayotga ta`lim orqali kirib keladi, oliy ta`limdagi adolatsizlik yoshlar qalbida jamiyatga, o`z kelajagiga ishonchsizlik bilan qarashga sabab bo`ladi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasini o`rganganimizda ularda bizdagi kabi o`qishga kirish bo`yicha ba`zi toifalarga imtiyozlar emas,yuqori bilim uchun rag`bat, stipendiyalar, ta`lim grantlari mavjudligini ko`ramiz. Bu albatta, barcha uchun barobar qilib qo`yilgan: biliming bo`lsa, marhamat, stipendiya, grant yutib olib imkoniyatlarga ega bo`l. Hech kimga qo`sh qo`llab imtiyoz taqdim etilmaydi.
Ta`limda aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida oliy o`quv yurtlariga kirishdagi imtiyozlar tizimini jiddiy isloh etish zarur. Imtiyozlar faqat respublika va xalqaro fan olimpiadalari g`oliblari, shuningdek, nogironligi bo`lgan shaxslar uchun (maxsus shartlar asosida, o`z yo`nalishlari bo`yicha) qoldirilsa, mantiqan to`g`ri bo`ladi. Qolgan barcha abiturientlar sog`lom raqobat muhitida, adolat mezoni bo`yicha saralanishi darkor.
To`lov-kontrakt miqdorini belgilashda ham aholining real daromadlarini hisobga olish adolatdan bo`lar edi. Zotan, ayrim abiturientlar kontrakt pulini to`lashga qurbi etmagani bois o`qishni tashlab ketayotganini bilamiz. Shunga muvofiq, aholining kam daromadli qatlami uchun ham maqbul keladigan ta`lim krediti liniyasini ishlab chiqish, ularga grantlar ajratish, kontrakt miqdorini qabul paytigina emas, balki o`qish jarayonida ham differensiallashtirish maqsadga muvofiqdir. Masalan, talaba o`quv yilini a`lo baholarga tugatsa, bu uning stipendiyasiga ham, kontrakt miqdoriga ham ta`sir ko`rsatsin. Shunda yoshlarda ilm olishga ishitiyoq kuchayadi, ta`lim sifati ortadi. Jamiyatimiz yuqori bilimli, vatanparvar, qiziquvchan, adolat tamoyillarida tarbiya topgan o`tyurak kadrlarga juda muhtoj", - degan o`z chiqishida Maqsuda Vorisova.