2021 yil 4 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luiji Di Mayo bilan uchrashuv o`tkazdi, deya xabar bermoqda TIV.
Tomonlar turli darajalarda bo`lib o`tajak tadbirlar jadvali, shu jumladan, Toshkent shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari darajasida "Italiya – Markaziy Osiyo" ikkinchi vazirlar uchrashuvi yuzasidan fikr almashgan.
Mintaqaviy xavfsizlik masalalari, xususan, Afg`onistondagi vaziyat ko`rib chiqilgan.
Abdulaziz Kamilov:
"O`zbekiston Italiya bilan Afg`oniston yo`nalishidagi aloqalarni, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, Afg`onistonga insonparvarlik yuklarini etkazib berishda hamkorlikni davom ettirishga tayyor", deydi Abdulaziz Kamilov.
Muzokaralarda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, ta`lim, turizm va boshqa sohalardagi O`zbekiston-Italiya hamkorligining dolzarb jihatlari muhokama qilingan.