Aholi o`rtasida xonadon sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste`mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish – botulizm kasalligi uchraydi.
Buning sababi oddiy – uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda hamma ham zarur texnologik jarayonlar, sanitariya me`yorlari va shaxsiy gigiena qoidalariga to`la rioya qilmaydi. Shuningdek, ularni belgilangan haroratda saqlashga ham ko`pincha e`tibor berilmaydi. Natijada konservadagi botulizm sporalari tez rivojlanadi va zaharli toksinlar chiqaradi.
- Uy sharoitida pomidor, bodring, patisson marinadi, baqlajon ikralari kabi konserva mahsulotlarini tayyorlamaslik;
- belgilanmagan joylar, ko`cha-ko`ylarda sotilayotgan konserva mahsulotlarini xarid qilmaslik;
- do`konlardan konserva mahsulotlarini xarid qilish jarayonida mahsulot yorlig`i va unda keltirib o`tilgan ishlab chiqaruvchi korxona nomi, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddatiga alohida e`tibor berish;
- har qanday konserva mahsulotlarini ochishdan oldin uni chayqamasdan yaxshilab ko`zdan kechirish, qopqog`i ko`tarilmaganligiga, suyuqligining tiniqligiga va mahsulotning ezilmaganligiga e`tiborli bo`lish.
Botulizm kasalligiga chalinmaslik va uning oldini olish uchun uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste`mol qilmaslik, ko`cha-ko`y va noqonuniy savdo tarmoqlaridan konserva mahsulotlarini sotib olmaslik muhim hisoblanadi.
Har qanday kasalliklar kabi, botulizmning oldini olish ham insonning o`z qo`lida. Botulizm kasalligiga chalinmaslik va uning oldini olish uchun qoidalarga rioya qilishingizni so`rab qolamiz.