1

Eron O`zbekistonga Bobur qalamiga mansub «Risolai aruz» asari qadimiy qo`lyozmasi nusxasini topshirdi

Madaniyat 08.09.2021, 19:42
Eron O`zbekistonga Bobur qalamiga mansub «Risolai aruz» asari qadimiy qo`lyozmasi nusxasini topshirdi

O`zbekiston elchisi Bahodir Abdullaev Eron fors tili va adabiyoti akademiyasi raisining o`rinbosari Muhammad Rizo Nossiriy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Uchrashuv davomida Eron vakillari Tehrondagi «Golestan saroyi» muzeyida saqlanayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub «Risolai aruz» (“Aruz risolasi”) asarining qadimiy qo`lyozma kitobi nusxalarini topshirdi.

O`zbekiston elchixonasi ma`lumotga ko`ra, ushbu qo`lyozmani ko`chirgan hattotning nomi aniq emas. U Hindistonda Bobur hukmronligi davrida qo`chirilgan va qo`ldan-qo`lga o`tib, Nasruddin Shoh Qojar (1848-1896) davrida Eron hududiga olib kelingan.

Shundan so`ng asar «Golestan saroyi» muzeyiga topshirilgan va so`nggi 150 yil davomida noyob qo`lyozma ushbu muzeyda saqlanib kelinmoqda.

“Aruz risolasi”da turkiy aruzning tabiati, taraqqiyoti va she`riy asarlardagi ko`rinishlari, aruzning 272 vazni va 21 bahriga ilmiy sharhlar berilgan.  Kitob 1524-1525 yillarda yozilgan. Asarda  X-XVI asrlarda yashab o`tgan 60 dan ortiq mashhur shoir va olimlar, shuningdek, ularning asarlari haqidagi ma`lumotlar o`rin olgan. «Aruz risolasi»da aruz vazni haqida boshqa risolalarga nisbatan ko`proq badiiy elementlar mavjudligi turkiy aruz tadqiqotlari Temuriylar davrida o`zining tadrijiy kamolotiga erishganidan dalolat beradi.

Aruz vazni dastlab arab she`riyatida paydo bo`lgan. Fors va turkiy she`riyatda keng tarqalgan uzun va qisqa bo`g`inlarning almashuviga asoslangan shakldir. Aruz ilmiy-nazariy ta`limot sifatida Temuriylar sulolasi davrida o`z cho`qqisiga erishgan. Aruzning nazariy asoslari Alisher Navoiy asarida ham chuqur tahlil etilgan.

Boburning «Aruz risolasi» asari Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» asaridan keyin turkiy tilda aruz vazniga bag`ishlangan ikkinchi qimmatli asar hisoblanadi.

«Risolai aruz» asarining qo`lyozma nusxasidan olingan fotonusxalar ilmiy tadqiq etish va  yanada chuqur o`rganish uchun O`zbekistonga yuboriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1