O`q otish sport turi bo`yicha O`zbekiston o`smirlar, o`spirinlar, yoshlar va kattalar terma jamoasi 14-Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun Qozog`istonning Chimkent shahriga jo`nab ketgan edi.
2021 yil 11-20 sentyabr kunlari bo`lib o`tadigan qit`a chempionatida O`zbekiston sharafini 28 nafar sportchimiz himoya qilishadi. Nufuzli musobaqada Osiyoning turli mamlakatlaridan jami 300 nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Quvonarli jihati, musobaqaning ilk kunidayoq vakillarimiz biryo`la 4ta medalga sazovor bo`lishdi. Shuni alohida ta`kidlash kerak, ikki nafar vakilimiz mamlakatimiz o`q otish sporti tarixida ilk marotaba Osiyo chempionligini qo`lga kiritgan holda yangi O`zbekiston tarixida yangi sahifa ochishdi.
10 metrga pnevmatik to`pponchadan o`q otish bahslarida o`spirinlar o`rtasida terma jamoamiz a`zosi Umidbek Kamolbekov eng yaxshi natija qayd etib, oltin medal sohibiga aylandi. Xuddi shu yo`nalishda yana bir vakilimiz Muhammad Kamolov murosasiz kechgan bahslarda qozog`istonlik raqibidan atigi 0,1 ochko kam jamg`argan holda bronza medalini qo`lga kiritdi.
O`smirlar o`rtasidagi bahslarda hamyurtimiz Nuriddin Nuriddinov bronza medali bilan taqdirlandi. Uning jamoadoshi Ilhombek Obidjonov esa bahslar boshlanishi hamonoq etakchilikni qo`lga oldi va yakunda u ham oltin medal sohibiga aylandi, deyiladi xabarda.