16-17 sentyabr kunlari Prezident Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig`ilishida ishtirok etadi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bu haqda ma`lum qildi. Ma`lumotlarga ko`ra, o`tgan yil ShHT sammiti pandemiya sababli onlayn formatda o`tkazilgan, bu safar esa davlat rahbarlari bevosita uchrashadilar.
"E`tiborlisi, ShHTning ushbu sammiti tashkilot tuzilganining 20 yilligi nishonlanayotgan bir paytga to`g`ri kelmoqda", – deya ta`kidlaydi Sherzod Asadov.
Xususan, sammitning birinchi kuni, 16 sentyabrda davlat rahbari tashkilotga raislik qilayotgan Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan, 17 sentyabr kuni esa Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan ikki tomonlama uchrashuv o`tkazadi.
17 sentyabr kuni esa davlat rahbarlarining yig`ilishi bo`lib o`tadi. Yig`ilish yakunida ShHTga raislik Tojikistondan O`zbekistonga o`tadi.
Ko`plab xorijiy ekspertlarning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan keyingi besh yilda olib borilayotgan keng ko`lamli ishlar hisobga olinsa, O`zbekistonning ShHTga raisligi xavfsizlik va yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xavf-xatarlarning oldini olish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega bo`ladi.
O`sha kuni yangi formatdagi “Shanxay hamkorlik tashkiloti — Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti” uchrashuvi bo`lib o`tadi. Unda tomonlar Afg`onistondagi vaziyatni muhokama qiladilar.
Shuningdek, hafta davomida Prezident huzurida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid taqdimotlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.