AsosiyJamiyat

Adliya vazirining Qonunchilik palatasida axboroti eshitildi

'Adliya vazirining Qonunchilik palatasida axboroti eshitildi'ning rasmi

Bugun, 14 sentyabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo`lib o`tdi. Majlisda adliya vaziri R.Davletovning jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish yo`nalishida amalga oshirilayotgan ishlar holati bo`yicha axboroti eshitildi.

Adliya vaziri o`z axborotida jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishda nimalarga e`tibor qaratish bo`yicha bir qator masalalarga to`xtalib o`tdi.

Birinchidan, amalga oshirilayotgan huquqiy targ`ibot tadbirlarining qanchalik samara berayotganini darrov baholash va o`lchashning imkoni cheklangan bo`lsada, oxirgi paytdagi olib borilgan ochiqlik siyosati aholimizning huquqiy ongini karra-karra ko`tardi.

2016 yilda Qonunchilik hujjatlari milliy bazasiga, 1 oyda zo`rg`a 200 ming odam tashrif buyurargan bo`lsa, hozirga kelib 1,5 mln odam bir oyda Lex.uzdan foydalanyapti, ya`ni huquqini taniyapti.

Bundan ko`rinadiki aholining huquqiy ongi yuksalib, talabi va ehtiyoji kundan kunga oshib bormoqda.

Ikkinchidan, insonlarga qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash uchun ular real hayotida ham shunga guvoh bo`lishi lozim, ya`ni adolat ta`minlanayotganini va jazo muqarrar bo`layotganligini ko`rib ishonishi ham muhim.

Adliya vazirligi bu borada qator aksiyalar o`tkazmoqda. Xususan, “Fermerga madad” aksiyasi doirasida fermerlar bilan shartnomaviy munosabatlarda jami 156 223 ta xato va kamchiliklar aniqlangan. Bu holatlar bo`yicha amaliy yordam ko`rsatilgan, takliflar ishlab chiqilgan.

Uchinchidan, huquqiy ma`lumotlarni targetlash zarur. Joriy yilning o`zida 1 300 dan ortiq hujjatlar qabul qilingan, aholi ularni barchasini eslab qololmaydi. Shu sababli, jamiyatda shunday holat shakllanishi kerakki, aholi eng zarurlaridan ham zarurlarini o`rgansa etarli bo`lishi kerak.

To`rtinchidan, davlat organlari xodimlarining o`zini huquqiy ongini oshirish zaruriyati mavjud.

Bu har bir sohada qonuniylikni ta`minlashga xizmat qiladi, tizimda muammolar kamroq bo`ladi, malakali kadrlar salmog`i ortadi va ish samaradorligi o`sadi.

Joriy yilning iyun-iyul oylarida platforma orqali jami 5 500 nafar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari o`qitilib, baholashdan o`tkazildi.

Beshinchidan, huquqiy yordam hamma uchun, har doim va etarli darajada bo`lishi kerak. Bu vazirlikning eng dolzarb vazifalaridan biridir.

Aholiga bepul huquqiy yordam ko`rsatish borasida  advokatlar tomonidan “pro bono” loyihasi doirasida jismoniy va yuridik shaxslarga 64 774 marta og`zaki, 5 162 marta shartnoma asosida bepul yuridik yordam ko`rsatilgan.

Shuningdek, vazir tomonida Britaniya tajribasi asosida vazirlik tashabbusi bilan tashkil etilgan “Madad” NNT orqali ham aholiga bepul yuridik yordam berish tizimi samarali yo`lga qo`yilgan, 60 ta tumanda filiali bor ekanligi aytib o`tildi.

Adliya vaziri xulosa sifatida huquq ustuvor bo`lgan jamiyatni barpo qilishda jamiyatdagi, ayniqsa mansabdorlarning huquqiy savodxonlik darajasi hal qiluvchi omillardan biri hisoblanishini alohida ta`kidladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar