AsosiySUG'DIYONA

Oilani saqlab qolish uchun aqlli ayol bo`ysunishi lozim bo`lgan 14 qoida

Aif.ru ” nashri oilaviy munosabatlarni saqlab qolish uchun Ellen Feyn va Sherri Shnayderlarning “Aqlli ayollarning qoidalari” nomli kitobidan 14 maslahatni sizga tavsiya qilmoqda.

№ 1 qoida: O`zingizga oro bering

Turmush o`rtog`ingiz albatta sizni go`zal ayol deb hisoblaydi, bo`lmasa sizga uylanarmidi? Uni yoningizda ushlab qolish uchun yuzingizni plastik operasiya qildirishingiz, kinoyulduz kabi go`zal ko`rinishga ega bo`lishingiz shart emas, ammo bu o`zingizni tashlab qo`ying degani ham emas. Yasama kiprik yopishtirib, go`zallik saloniga borib, ortiqcha pul sarflagandan ko`ra, qo`l tirnoqlaringizga e`tibor berib, kiprigingizga ozgina tush surtsangiz, olam guliston! Hech qachon eringizning 25 yoshli kotibasi bilan musobaqa o`ynamang. Agar tashqi qiyofangizdan o`zingizning ko`nglingiz to`lsa, bilingki, boshqalarning ko`ziga ham go`zal ko`rinasiz. Avvalo hamma narsani o`zingiz uchun bajaring!

№ 2 qoida: Qiziqishlaringizdan voz kechmang (sizning o`z hayotingiz bo`lishi lozim)

Ba`zi bir ayollar to`ydan keyin o`qishini ham, ishini ham yig`ishtirib qo`yib, butun diqqat-e`tiborlarini turmush o`rtog`iga qaratadilar. Ba`zilari esa hattoki qarindosh-urug`inikiga bormay ham qo`yishadi. Ba`zilari esa xobbilari, fitnes zallariga borishdan voz kechishadi. Bularning hammasi noto`g`ri va katta xatodir. Agar butun hayotingizni eringizga bag`ishlab, u siz uchun koinot markaziga aylanadigan bo`lsa, uning oldida qadringiz qolmaydi, sizga nisbatan qiziqishi so`nadi. O`zingizni qurbon qilganingizdan keyinchalik juda afsuslanasiz.  

№ 3 qoida: Har doim hamkor, hamfikr bo`ling

Agar nikohingiz mustahkam bo`lishini istasangiz, unutmang, ilgarilari bir o`zingiz hal qilgan muammolarni endi maslahatlashib, birgalikda juftingiz bilan hal qilishga harakat qiling. Ammo ishingizni, karerangizni, do`stlaringiz bilan muloqat qilishni tashlab qo`ymang. Yolg`iz paytingizdagidek fikrlashdan to`xtab, juftingizning his-tuyg`ularini, o`y-fikrlarini tushunishga intiling. Dugonangiz bilan kinoga tushishga yoki birgalikda restoranga ovqatlanishga borishdan avval eringizni bu haqda ogohlantiring. Balki u kechki ovqatni siz bilan birga tanovul qilmoqchidir, balki birga kino ko`rmoqchi bo`lgandir. Bunday hollarda dugonangiz bilan bo`ladigan uchrashuvni boshqa kunga qoldirganingiz ma`qul. Biror narsa xarid qilayotganda ham uning fikri bilan qiziqing. Bunday narsalar erkak kishini qiziqtirmaydi deb o`ylamang. Uning fikrini eshitib, hayratga tushishingiz mumkin!

№ 4 qoida: Eringiz ishdan qaytganda uni o`n besh daqiqa yolg`iz qoldiring

Erkaklar bu narsani inkor etishsa-da, ba`zan yolg`iz qolishni xush ko`rishadi. U eshikdan kirgandan oilaviy muammolar haqida gapirmang. Ishdan charchab kelgan odamga bunday gaplar yoqmay, asabiylashishi mumkin. Siz esa uning ko`ziga hukmbardor ayol bo`lib ko`rinib qolasiz. Agar bunday holat muntazam davom etadigan bo`lsa, u ishdan kechroq kelishga harakat qila boshlaydi. Eringiz ishdan qaytganda iloji boricha, uni xushkayfiyatda, ochiq chehra bilan kutib oling va o`n besh daqiqaga yolg`iz qoldiring. U nafasini rostlab olgach, o`zi sizni suhbatga chorlaydi. Shunda eringiz asabiylashmaydi, siz esa o`n besh daqiqa tilingizni tiyganingizdan xursand bo`lasiz!

№ 5 qoida: Uni har doim qo`llab-quvvatlang

Eringizni har doim, har qanday sharoitda ham qo`llab-quvvatlang. Tomog`i og`rib qolganda ham buni ahamiyatsiz kasallik deb hisoblamang. Unga e`tibor bering, mehringizni ayamang. Yaxshi ko`rgan taomini tayyorlang, dori-darmon bering. U oddiygina axlat chelakni to`kib kelganda ham, devorga bittagina suratni ilib qo`yganda ham “Yaxshiyamki baxtimga siz borsiz”, deb maqtashdan charchamang. Eringiz o`zini kerakli inson deb his qilsin. Unutmang, har qanday buyuk erkakning ortida buyuk ayol turadi! Agar siz eringizni qo`llab-quvvatlasangiz, ishonsangiz u sizning faxrlanishingiz uchun ham buyuk ishlarni amalga oshiradi va bundan sizning qalbingiz tog`day ko`tariladi!

№ 6 qoida: G`alaba qozonishiga imkon bering

Sizga biror dang`illama uy yoqib qolsa-yu, ammo bunga eringizning mablag`i etmasa, u arzonroq uy va yangi mashina sotib olishni istasa, to`yingizning o`n yilligini siz Parijda o`tkazishni istasangiz-u, u kamtarona tarzda o`tkazishni xohlasa bu nihoyasiz bahslarga chek qo`yib, uning g`alaba qozonishiga imkon bering! Bu bahsda g`alaba qozongandan ko`ra baxtli bo`lgan muhim emasmi?  

№ 7 qoida: Sizga aloqasi bo`lmagan narsalarga qiziqmang

Har bir erkakning hatto rafiqasiga ham aytolmaydigan sirlari bo`lishi mumkin. Siz undan hamma narsani gapirishni talab qilmang. O`ylab ko`ring, axir o`zingizning ham undan yashirgan sirlaringiz bordir? Turli savollar bilan uning joniga tegmang, vaqti kelganda o`zi yorilib, sizga ko`nglidagini to`kib-soladi. 

№ 8 qoida: Hech qachon uning sovg`asidan norozi bo`lmang

Eringiz hadya qilgan sovg`alar yoqmagan bo`lsa-da, buni ochiq tan olmang. Erkak kishi bundan qattiq ranjishi mumkin. Sovg`a ko`nglingizga o`tirmagan bo`lsa-da, eringizni xursand qilish uchun uni saqlab qo`ying.

№ 9 qoida: Hech qachon baqirmang, xotirjam ohangda gapiring

Erkak kishi bilan biror narsa to`g`risida gaplashayotganda gapning mazmunidan ko`ra uning ohangi ko`proq erkak diqqatini tortadi. Aksariyat erkaklar muloyim ohangda gapiradigan ayollarni yoqtiradi. Agar sekingina, past ohangda gap boshlasangiz, darrov eringizning e`tiborini jalb etasiz. O`zingizni haq deb hisoblagan taqdirda ham baqirish bilan hech nimaga erisha olmaysiz! Mabodo eringizga sut olib kelishni yigirma marotaba eslatgan bo`lsangiz-u, u unutgan bo`lsa, baqirib, janjal ko`targandan ko`ra, o`zingizni bosib olish uchun dugonangizga qo`ng`iroq qilib, suhbatlashing. Tinchlangandan keyin eringiz bilan xotirjam gaplashing. 

№ 10 qoida: Yolg`iz dugonalaringizdan maslahat so`ramang

Turmushga chiqmagan dugonangiz nikohni ideallashtirib yuborganidan oilada bo`ladigan janjallarni, tortishuvlarni, yonib-kuyib sevgan odamingni arzimagan narsadan yomon ko`rib qolishing mumkinligini tushunmaydi. Agar yolg`iz dugonangizga oddiy oilaviy nizolar haqida gapiradigan bo`lsangiz, u sizning oilangizda jiddiy muammolar bor deb o`ylaydi. 

№ 11 qoida: U oilasi haqida hamma narsa deyishi mumkin, ammo siz bu haqda og`iz ochmang!

Siz tanlab, ko`nglingizga yoqqan yigitga turmushga chiqishingiz mumkin, ammo uning oilasini tanlash sizning qo`lingizdan kelmaydi. Ba`zi bir qizlarning omadi kelib, kelin bo`lib tushgan oilasi uni quchoq ochib kutib olishi mumkin, ba`zi qizlar esa o`zini haqiqiy ari uyasiga tushib qolganday his qiladi. Hech qachon eringizning yaqinlari, qarindoshlari, oilasidagilar haqida yomon fikr bildirmang. Uning qarindoshlari haqiqatan yomon odamlar bo`lgan taqdirda ham bu haqda gapirishga haqqingiz yo`q! Boshqalardan ko`ra sizdan bunday yoqimsiz gaplarni eshitish unga yomon ta`sir qiladi. 

№ 12: Romantik kecha uyushtiring

Agar oilangizda farzandlar dunyoga kelgan bo`lsa ham, munosabatlarda romantikani saqlashga harakat qiling. Dam olish kunlarida eringiz bilan ovqatlanish uchun restoranga yo`l oling. Bolalaringizni esa buvisinikiga yuboring yoki enagaga qoldiring. Hech bo`lmaganda bir kunni kir yuvmasdan, ovqat qilmasdan, uyni yig`ishtirmasdan o`zingiz va juftingiz uchun bag`ishlang. Iloji boricha, telefoningizni o`chirib qo`ying, ishdagi, oiladagi muammolarni unuting!

№ 13 qoida: Farzandlaringizdan shikoyat qilmang

Uch yoshli o`g`lingiz loy o`ynab, yuvinishdan bosh tortsa, besh yoshli qizingiz shirinlikdan boshqa narsa eyishni istamasa, dugonangiz bilan maza qilib telefonda gaplashayotganingizda shovqin qilib xalaqit berishsa, eringiz ishdan qaytganda bu haqda darrov unga shikoyat qilishga shoshilmang. Yaxshisi, dugonangizga qo`ng`iroq qilib, bor dardu-hasratingizni unga to`king. U ham ayol, ona, eringizdan ko`ra balki undan jo`yali bir fikr chiqar? Bu bilan eringizga farzandlaringiz haqida hech nima gapirmang demaymiz, faqat shikoyatni kamaytiring. Agar bolalaringizning ustidan arz-hol qilishdan to`xtamasangiz, eringiz sizni bolalarni eplolmaydigan, yomon ona deb hisoblashi mumkin

№ 14 qoida: Turmushga chiqishdan oldin bilgan narsangiz uchun uni aybdor qilmang

Eringiz kam pul topar, balki ishdan beri kelmaydigan mehnatsevardir, balki uning qo`li ochiq, balki xasisdir, uchrashib yurganingizda uning barcha kamchiliklariga ko`z yumgansiz, faqatgina u bilan birga bo`lsam bo`ldi, deb ishqida kuyib yongansiz. Balki turmush qurgandan keyin uni o`zingizga moslab, o`zgartirishingizga ishontirgandirsiz, ammo bir narsani unutmang, siz uning barcha kamchiliklari va fazilatlariga qaramay, qanday bo`lsa shundayligicha qabul qilgansiz. Endi o`zingiz chiqargan bu qaror uchun o`zingiz javob berishingizga to`g`ri keladi.

“Sizni deb shu ko`yga tushdim, men qanday baxtiqora ayolman!” degan fikrdan endi foyda yo`q. Axir siz o`z xohishingiz bilan shu insonni tanlagansiz, bu erda qurbonlar emas, ko`ngillilar mavjud!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar