AsosiySiyosat

ShHTning sammitida Shavkat Mirziyoev Afg`oniston borasida o`zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishni taklif qildi

'ShHTning sammitida Shavkat Mirziyoev Afg`oniston borasida o`zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishni taklif qildi'ning rasmi

Dushanbeda bo`lib o`tayotgan Shanxay hamkorligi tashkilotining sammitida so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Afg`oniston borasida o`zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish hamda axborot xavfsizligini kuchaytirishni taklif qildi.

Shuningdek, O`zbekiston rahbari ShHT doirasida quyidagi yo`nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi.

Afg`onistondagi vaziyat bo`yicha:

▫️ o`zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish;

▫️ yangi hukumat bilan muloqotni yo`lga qo`yish;

▫️ Afg`oniston jamiyatining barcha qatlam va guruhlari vakillari davlat boshqaruvida bo`lishi juda muhim;

▫️ hududda ekstremizm va radikal g`oyalar o`sishiga yo`l qo`ymaslik;

▫️ Afg`oniston hududidan uchinchi mamlakatlarga xavf solishga yo`l qo`ymaslik;

▫️ inson huquqlari, ayollar huquqlarini ta`minlash;

▫️ ijtimoiy muammolarni hal qilish;

▫️ xorijiy banklardagi Afg`oniston davlat aktivlarini blokdan chiqarish;

▫️ doimiy ravishda «ShHT-Afg`oniston» formatida yuqori darajali uchrashuvlari o`tkazish;

▫️ Birinchi sammitni Toshkentda o`tkazish.

ShHTning istiqbollari bo`yicha:

1. ShHT obro`yi va potensialini oshirib borish muhim. Kelajak 5 yilga mo`ljallangan yaxshi qo`shnichilik va hamkorlik kompleks dasturini tuzish.

2. ShHT hududida ichki savdoni yo`lga qo`yish. Uning ichiga savdo to`siqlarini olib tashlash bo`yicha birgalikda qabul qilingan choralar kiritiladi. Texnik reglamentlar va bojxona jarayonlarini umumlashtirish.

3. ShHT sanoat kooperasiya dasturini qabul qilish. Davlatlarda industrial kooperasiya markazlari tashkil qilish. Kelgusi yilda ShHTning iqtisodiy forumi va innovasiyalar haftaligi o`tkazishga O`zbekiston tayyor.

4. Transport aloqalari bo`yicha ShHT strategiyasini qabul qilish. ShHT davlatlarining transport potensialini hamda «Sharq - G`arb» va «Shimol - Janub» transport koridorlari samaradorligini oshiradi. Energetika kommunikasiya va «Yashil taraqqiyot» sohalarida ShHTning uzoq muddatli infratuzilma loyihalarini qabul qilish.

5. ShHT doirasida kambag`allikni qisqartirish va oziq-ovqat muammolariga bag`ishlangan vazirlar darajasida doimiy uchrashuvlar o`tkazish.

6. ShHT hududida tinchlik va totuvlikni ta`minlash. Buning uchun ShHT RATS imkoniyatlaridan keng foydalanish.

7. ShHTning kiber xavfsizlik bo`yicha ekspertlar forumi tashkil qilish.

8. ShHT doirasida madaniyat, sport, turizm sohalarida va hududlararo hamkorlikni yo`lga qo`yish.

9. Sog`liqni saqlash sohasida infeksion kasalliklarni profilaktika qilish va davolash borasida birgalikda yo`l xaritasi qabul qilish. O`zaro vaksinalar sertifikatlarni tan olish.

Ma`lumat uchun: ShHT deklarasiyasi 2001 yilda Shanxayda Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Xitoy, Tojikiston va O`zbekiston tomonidan tashkil qilingan edi. 2017 yilda tashkilotga Hindiston va Pokiston to`liq a`zo bo`lishdi. Afg`oniston, Belarusiya, Eron va Mongoliya ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega. Shuningdek 6 ta davlat «muloqot sherigi» maqomida (Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka).

    Boshqa yangiliklar