Bugungi kunda mutasaddi tashkilotlar harakati yordamida aholi orasida to`lov intizomini shakllantirish, markazlashgan toza ichimlik suv ta`minoti tarmoqlari va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlari oldi olinmoqda.
Xususan, joriy yilning yanvar-avgust oylarida “O`zsuvta`minot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy mas`uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan suv ta`minoti va oqova suv tizimlariga 2798 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan. Bu haqda “O`zsuvta`minot” AJ xabar bermoqda. Ma`lum bo`lishicha, noqonuniy ulanish holatlari bo`yicha eng yuqori ko`rsatkichlar:
- Xorazm viloyatida – 600 ta,
- Toshkent viloyatida – 518 tava
- Toshkent shahrida – 423 ta holat qayd etilgan.
Shuningdek, Toshkent va Samarqand viloyatlarining ayrim hududlariga xizmat ko`rsatuvchi “Musaffo obi hayot”, “Damxo`ja suv ta`minoti” va “Chimyon-chorbog` suv ta`minoti” mas`uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan 34 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan.
Mazkur qonunbuzarliklar tufayli davlat va jamiyat manfaatlariga jami 8,4 milliard so`mlik zarar etkazilgani aytilmoqda.