Nikohdan avvalgi tibbiy ko`rik jarayonlari optimallashadi.
Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori Shahnoza Zufarova nikohdan oldingi tibbiy ko`rikning ahamiyati va bugungi kunda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida so`zladi.
"O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga ko`ra, endilikda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda, FHDYo organlari bilan tibbiyot muassasalari, xususan, ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalar o`rtasida nikohlanuvchilarning yagona avtomatlashtirilgan elektron bazasini shakllantirish belgilangan. Shu tarzda FHDYo organlari bilan tibbiyot muassasalari o`rtasida integrasion axborot tizimini yaratiladi.
Bundan kutilayotgan natijalar quyidagilar: • inson omilini kamaytirish;
• natijalarni soxtalashtirishning oldini olish;
• shifokorni erkin tanlash;
• yagona elektron ma`lumotlar bazasini shakllantirish;
• sifat va samaradorlikni oshirish;
• tibbiy ko`rikdan o`tish jarayonini nazorat qilish;
• tibbiy ko`rikdan o`tish jarayonidagi vaqtni tejash",-deya ta`kidlab o`tdi shifokor.
— Bo`lg`usi juftliklar tibbiy ko`rikdan o`tishni istamaca, qanday yo`l tutiladi?
" Ish tajribamiz davomida bo`lg`usi kelin-kuyovlar tibbiy ko`rikdan o`tmaslikka harakat qilish holatlari ham uchrab turadi. Ko`pincha bunga o`z salomatligiga bo`lgan haddan ortiq ishonch sabab bo`ladi. Bundan tashqari, o`z huquqlarini bilmasligi, tibbiy xizmatlarning bepul ekanidan xabarsizligi ham asosiy sabablardan. Bunday e`tiborsizlik natijasida nosog`lom farzandlar dunyoga kelish ehtimoli ortadi. Tibbiy ko`rik nafaqat bo`lajak avlodni sog`lom dunyoga keltirish uchun, balki yoshlar orasida uchrab turadigan irsiy kasalliklarning ham oldi olinishiga xizmat qiladi",-dedi Shahnoza Zufarova.