AsosiyJamiyat

1 oktyabrdan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?

'1 oktyabrdan qonunchilikda nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

2021 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o`zgarishlar haqida norma.uz sharhi taqdim etildi.

 

Soliq stavkalari o`zgaradi

 

  • Ayrim ishlab chiqariladigan alkogol va tamaki mahsulotlari turlariga soliq stavkalari oshiriladi. Tafsilotlar tegishincha bu erda va bu erda;
  • sement (klinker) ishlab chiqaruvchilar uchun foyda solig`ining stavkasi 20 dan 15%gacha pasaytiriladi.

 

QQS summalarini hisobga olishning yangi tartibi joriy etiladi

 

Eksport qilinadigan tovarlar ishlab chiqaruvchisi O`zbekistondagi bank hisobvarag`iga chet el valyutasi tushumi kelib tushishidan qat`i nazar kiruvchi QQSni hicobga olishi mumkin.

 

Yangi soliq va ma`muriy engilliklar

 

 Quyidagilar bekor qilinadi:

 

  • qat`iy belgilangan miqdordagi JShDS to`lovchisi bo`lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
  • alohida tayyor import iste`mol tovarlarining bojxona deklarasiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o`tgach sotuvga qo`yilishi hamda chakana savdoda realizasiya qilinishiga qo`yilgan taqiq;
  • davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining bir qator nazorat funksiyalari.

 

Eksportni qo`llab-quvvatlash

 

  • Eksportni rag`batlantirish agentligi yillik eksport hajmi $20 milliondan oshgan korxonalarga bir martalik moliyaviy resurslar $5 milliongacha miqdorda taqdim etishni boshlaydi. Resurslar eksport bilan bog`liq savdo operasiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun tijorat banklari orqali bir yilgacha muddatga taqdim etiladi;
  • oxirgi 12 oy davomida $1 milliondan ortiq tayyor to`qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan korxonalar asosiy va yordamchi ishlab chiqarishi uchun butlovchi buyumlar, xom-ashyo va materiallar olib kirishda bojxona to`lovlarini to`lash bo`yicha foiz hisoblanmagan hamda ularning to`lanishini ta`minlash talab etilmagan holda 120 kunga to`lovni kechiktirish (bo`lib-bo`lib to`lash) imkoniyatiga ega bo`lishdi;
  • yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlardan sertifikatlangan va deklarasiyalangan asbob-uskuna, butlovchi qismlar, xom-ashyo, o`lchov vositalari, kimyoviy reagentlar, ko`tarish moslamalari va transport vositalari importida milliy sertifikat olish talabi bekor qilinadi.

 

Bojxona sohasida yangiliklar

 

  • DBQning Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bo`yicha boshqarmalarida toifadan tashqari maqomga ega bo`lgan masofaviy elektron deklarasiyalash bojxona postlari ochiladi. Ular TIF ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan elektron BYuDning masofaviy bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi;
  • chegara bojxona postlaridagi inspeksion ko`rik majmualari (rentgen) bilan ishlash guruhlari xodimlariga zararli mehnat sharoitlari uchun Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan lavozim maoshining 40%i miqdorida har oylik ustama beriladi.

 

Sudyalarga — davlat byudjetidan qo`shimcha haq

 

Respublika byudjeti mablag`lari hisobidan quyidagi to`lovlar amalga oshiriladi:

  • sudlar, Sudyalar oliy kengashi sudyalari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta`minlash departamenti va uning hududiy bo`limlari xodimlarining ko`p yillik xizmatlari uchun ustamalar;
  • Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta`minlash departamenti va uning hududiy bo`limlari xodimlarining malaka darajasi va mansab darajasi uchun qo`shimcha haq.

 

KKUni uning quruvchisi boshqaradi

 

Qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan ko`p kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda uning quruvchisi zimmasiga yuklanadi, mazkur muddatga uy-joydan foydalanishning kafolat muddati joriy qilinadi.

 

Yuridik xizmatlar — davlat darajasida

 

  • Butun respublika bo`yicha Qoraqalpog`iston Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari tashkil etiladi;
  • Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan ayrim davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo`linmalarida 1 182 ta yuridik xizmatlar shtat birliklari qisqartiriladi. Bo`shatilayotgan shtat birliklari hisobidan Markazlar faoliyatini tashkil etish uchun 1 056 ta shtat birliklari ajratiladi;
  • "E-huquqshunos" elektron tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. U davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko`rsatish bilan bog`liq barcha ma`lumot va jarayonlarni to`liq elektron ravishda yig`ish, qayta ishlash, tahlil qilish va amalga oshirish imkonini beradi.

 

Korrupsiya ustidan qo`shimcha nazorat

 

Barcha davlat tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etiladi. Ularning vazifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish;
  • ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish;
  • manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`ymaslik;
  • korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish.

 

Davlat organlari o`z ishi to`g`risida hisobot beradi

 

Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda kamida bir marotaba OAV vakillari ishtirokida o`z faoliyatiga oid hisobotlarni jamoatchilikka e`lon qilib boradi

 

Jamoat tartibi xususiy nazorat ostida

 

Mahallalarda eksperiment tariqasida jamoatchilik nazorati maskanlari negizida elektron kuzatuv maskanlari faoliyati tashkil etiladi

 

Investisiya loyihalarini qo`llab-quvvatlash

 

Investorning qiymati 200 mlrd so`mdan oshadigan, uning o`z mablag`lari ulushi 25%dan kam bo`lmagan loyihalari zarur tashqi muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari bilan Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan ta`minlanadi

 

Iqtidorli yoshlarni qo`llab-quvvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar

 

  • Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha bo`lgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qo`shimcha ravishda har oy to`lab boriladi. Shartlar quyidagicha: yosh mutaxassis davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko`rsatatishi, nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro`yxatiga kiritilgan xorijiy OTMning bakalavr va magistr darajasiga yoki ilmiy darajaga (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) ega bo`lishi kerak;
  • yoshlarning "Biznesga birinchi qadam" startap g`oyalari tanlovlari tashkil etiladi. Har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan g`olibga grantlar beriladi. Eng yaxshi loyihalarning har biri uchun 200 BHMgacha grant mablag`lari beriladi;
  • har yili "Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob" tanlovi tashkil etiladi. Mualliflar — tanlov g`oliblari 50 mlndan 100 mln so`mgacha miqdorda mukofot oladilar.

 

Elektron onlayn-auksionlarni o`tkazishning yangi qoidalari

 

Auksion natijalari bo`yicha pul mablag`lari "Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi" DUKning maxsus hisobraqamida yig`iladi va auksion g`olibi tomonidan ob`ekt qabul qilinganligi tasdiqlangandan so`ng, ular buyurtmachi hisobraqamiga o`tkaziladi. 

 

Imtiyoz oluvchilar davolashni yangi sxema bo`yicha oladilar

 

  • Davlat tibbiyot muassasalarida (keyingi o`rinlarda – tibbiyot muassasalari) Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan imtiyoz oluvchilarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinadi. Ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo`llashning elektron axborot tizimi joriy etiladi;
  • Davlat byudjetidan ajratilgan mablag`lar doirasida ixtisoslashtirilgan muassasalarni Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida bazaviy narxlarda moliyalashtirish mexanizmi joriy etiladi;
  • ixtisoslashtirilgan muassasalar rasmiy veb-saytlarida bo`limlar kesimida mavjud o`rinlar soni, shu jumladan, bo`sh o`rinlar soni, ko`rsatiladigan tibbiy xizmatlar turlari va narxlari joylashtiradi va muntazam yangilab boradi.

 

Kam ta`minlangan  shaxslar to`g`risida ma`lumotlar idoralararo darajada almashinadi

 

“Ijtimoiy himoya yagona reestri” AT orqali kam ta`minlangan deb e`tirof etilgan oilalar va shaxslar to`g`risidagi ma`lumotlar manfaatdor vazirlik va idoralarga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integrasiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladi

 

Agrosanoat elektron portalni ochadi

 

Elektron agrosanoat bozori portali test rejimida ishga tushiriladi. Unda qishloq xo`jaligi va asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlari to`g`risida ma`lumot aks ettiriladi, ularning narxini kuzatib borish hamda tovarlarni onlayn sotish imkoni bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar