Ayni damda Senatning o`n to`qqizinchi yalpi majlisi bo`lib o`tmoqda.
Unda “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun muhokama qilindi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma`lum qildi.
Unga asosan, 2 ta kodeks hamda 2 ta qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.
Xususan “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunidan deputat yordamchisi bo`lish uchun qo`yiladigan talablar, ularning vazifalari, deputat yordamchisini ishga qabul qilish va ularning mehnatiga haq to`lash bilan bog`liq norma chiqarib tashlanmoqda. Ushbu norma “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a`zosining maqomi to`g`risida”gi Qonunga kiritilmoqda. Shuningdek, soliq to`lovchilar soliq qarzini to`lash imkoniyatiga ega bo`lmayotgani bois, ularga soliqlarni bo`lib-bo`lib to`lash imkoni berilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, hujjat bilan Bojxona kodeksida tovarlarni import qilish bilan uch yildan ortiq vaqtdan buyon shug`ullanayotgan, bojxona to`lovlari bo`yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko`ra to`lovlarni belgilangan muddatda to`lash imkoniyatiga ega bo`lmagan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to`lovlarini bo`lib-bo`lib to`lash huquqi berilishi belgilanmoqda.
"Ushbu o`zgarishlarning kiritilishi tadbirkorlik sub`ektlari va aholi orasida normativ-huquqiy hujjatlar har xil talqin qilinishining oldini olishga hamda xorijiy investorlarni jalb qilishda tadbirkorlik muhiti jozibadorligi oshishiga xizmat qiluvchi aniq normativ-huquqiy hujjatlar takomillashishiga olib keladi.
Qonun senatorlar tomonidan tomonidan ma`qullandi",–deyiladi xabarda.