Bobur Ganiev ismli bloger Uchtepa tumanida IIB xodimlarini "ment", deb haqorat qilgani va shaxsiy telefonida pornografik materiallar borligi uchun ushlangani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu voqeaga deputat Rasul Kusherbaev o`z munosabatini bildirdi.
"Blogerga jamoat tartibini buzdi, degan ayb ham qo`yilgan.
Qizig`i fuqaroni so`roq qilish jarayoni tarmoqlarga atayin tarqatilayapti.
Vijdon nimaligini bilmaydigan va buning uchun blogerlardan ko`p tanqidga uchraydigan sud`ya va prokurorlar ham ishlayotgan bir vaqtda blogerning jamoat tartibini buzmaganini isbotlash ko`rsatkichi nolga teng.
Shu bois, ish atayin uyushtirilgan, degan shubha ko`pligi sababli prosessual qoidalar doirasida quyidagi savollarga javob berilishi kerak bo`ladi.
- Birinchidan, qanday qilib IIB xodimlari qo`liga blogerning telefoni tushib qoldi? Telefondan jinoyat quroli sifatida foydalanilib IIB yoki boshqa shaxslarga tan jarohati etkazilganmi?
- Ikkinchidan, telefon nima uchun tintuvdan o`tkazildi? Bu tintuv emas, ko`zdan kechirish, deyilsa telefonning ost-ustiga qaraladi xolos. Ya`ni uning pichoq, to`pponcha, non emas, aynan telefon ekanligiga ishonch xosil qilish uchun ko`riladi. Bu o`rinda IIB xodimlari fuqaroning telefonidan qandaydir noqonuniy material topish maqsadida tintuv o`tkazishgan ko`rinadi. Tintuv uchun esa sanksiya kerak.
IIB xodimlariga sanksiyasiz tintuv o`tkazishga huquq berilganmidi?
- Uchinchidan, telefonni tintuvdan o`tkazish qanday usul va tartib bo`yicha olib borildi, tartib bormi o`zi?
- To`rtinchidan, erkak va ayol o`rtasidagi jinsiy aloqaga doir video va tasvirlarning voyaga etgan fuqaro telefonida bo`lishi mumkinmasligi qaysi qonunda belgilangan?
- Beshinchidan, ahloq normalariga to`g`ri kelmasa-da, er-xotin sifatida ayol va erkak o`rtasidagi jinsiy aloqa noqonuniy bo`lmagani holda, voyaga etgan inson uchun bu kabi tasvirlarni o`z telefonida bo`lishi qanday huquqiy javobgarlikka sabab bo`ladi?
- Oltinchidan, haqorat qilish deganda, fuqaro aynan qanday so`zlarni ishlatgan bo`lishi lozim. Masalan, IIB xodimlarini kalamush, deyish haqoratga kirmaydiyu, "ment" so`zi kiradimi. Bu qaerda belgilangan?
Yuqoridagi savollarga aniq va asosli javob berilishi shart. Aks holda blogerning huquqbuzarligiga doir harakatlarning qonuniyligi bo`yicha shubhalar yo`qolmaydi. Bo`lmasa istagan fuqaroni yo`q joydan jinoyatchiga chiqarish mumkin.
Umid qilamizki, Uchtepa tumani IIB xodimlari Prezident kafilligidagi Konstitusiyamizda belgilab qo`yilgan so`z erkinligidan foydalanib, tanqid qilayotgan fuqarolarni qo`rqitib, erkinliklarini bo`g`ish maqsadida o`zlari jinoyatga yo`l qo`yishmagan.
Agar shunday bo`lib chiqsa, bunday IIB xodimlari bor jamiyatda yashayotganimdan uyalaman" deb yozadi deputat.






