Internet ijtimoiy tarmoqlarida Oltiariq tumanida 5 yoshli qizchani o`ldirib, ichki a`zolari olib ketilganligi haqida audioxabar va fotosurat tarqaldi.
Farg`ona viloyati IIB mazkur xabarlarga oydinlik kiritdi.
Ma`lum qilinishicha, viloyat hududida yuqoridagi audioxabarda keltirilgan holat sodir etilmagan. Hozirda asossiz yolg`on axborot tarqatgan fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida tekshiruv harakatlari o`tkazilmoqda.
"Fuqarolarimizdan bunday asoslanmagan ma`lumotlar ta`sirida qo`rquv va sarosimaga tushmasliklarini so`raymiz.
Shu o`rinda, ayrim hamyurtlarimiz uchun shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro`sizlantirilishiga, jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg`on axborotlarni tarqatganlik uchun qonunlarimizda javobgarlik belgilanganligini esatib o`tamiz.
Yuqoridagi ovozli xabar ham odamlar orasida vahima va sarosima uyg`otishga, huquq-tartibot organlarini obro`sizlantirishga qaratilgan yolg`on axborot ekanligini unutmang.
Ogoh bo`ling. Har qanday xabar va yangiliklarni rasmiy veb-saytlardan hamda telegram kanallaridan olishga harakat qiling!" - deyiladi Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati xabarida.






