“Tolibon” harakati rasmiy vakili Zabihullo Mujohid “TASS” agentligiga intervyu berdi. Unda harakatning tan olinishi, moliyaviy manbalari va “Axloq polisiyasi” xususida so`z boradi, deya xabar bermoqda Zamon.uz nashri.
“Biz barcha davlatlar bilan aloqa o`rnatishga harakat qilyapmiz. Birinchi navbatda, gap diplomatik munosabatlar haqida ketmoqda. Rossiya bilan muzokara olib borilyapti, eng asosiy masala – bizning tan olinishimiz hamda elchixonalar ochilishi”, – degan Mujohid.
U elchixonalar haqida gapirar ekan, hozirda eng muhimi Kobul va Moskvadagi diplomatik missiyalarning odatiy ish tartibda faoliyatini davom ettirish zarurligini qayd etgan.
Mujohid Rossiyaning muhim iqtisodiy hamkor bo`lishi mumkinligini ta`kidlagan.
“Biz iqtisodiy yordamni olqishlaymiz va moliyaviy yordamga umid bildiramiz”, – deb aytib o`tgan u.
Uning so`zlariga ko`ra, boj va soliqlar toliblarning asosiy moliyaviy manbayi hisoblanadi. Shuningdek, kelajakda foydali qazilmalardan ham daromad olinishi mumkinligi qayd etiladi.
“Axloq polisiyasi” faoliyati tiklanadi
Mujohid "Daavat ul-Irshod" nomli idora tuzilganini va u 90 yillarga nisbatan nozikroq harakat qilishini ma`lum qilgan.
“Biz odamlarni din ko`rsatmalariga amal qilib yashashga masjid minbarlaridan turib da`vat qilamiz”, — degan harakat rasmiy vakili.
“Axloq polisiyasi” esa faqat davlat xizmatchilari va xavfsizlik xodimlari uchun ishlashi ta`kidlangan.