Prezident Shavkat Mirziyoev 16 oktyabr kuni Toshkent viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida Shavkat Mirziyoev Milliy tiklanish partiyasidan Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning chet eldagi o`zbek migrantlariga soliq solish to`g`risidagi taklifiga munosabat bildirdi. Prezident bu gaplar asossiz ekanini aytdi.
"Viloyatdan chet elga ketib, mehnat qilayotgan fuqarolarimiz imkon qidirib ketishgan. Imkon qidirgan odam fidoyi odam bo`ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda chetda yuradiganlarni daromad solig`ini tortish haqida gap chiqdi. Bu mutlaqo asossiz gaplar. Men, Xudo nasib qilib, rahbar bo`lib ishlasam, bunday bo`lmaydi. Ular o`ziga va oilasiga imkon yaratyapti, o`zini ish bilan ta`minlayapti, oilasini boqyapti. Ularni men o`z farzandlarim deb bilaman. O`tgan vaqtda biz ham ularni qo`llab-quvvatlash uchun choralar ko`ryapmiz.
Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida departament ochildi. Ularning hayoti va sharoitini yaxshilash, kasbga o`rgatish uchun harakatlar qilinyapti.
Aholimizga murojaat qilib aytmoqchiman: ko`nglingiz to`q bo`lsin, O`zbekistonda sizga imkon yaratish, (xorijda) to`layotgan coliqlaringizni kamaytirishga harakat qilamiz. Migrasiya masalasi bo`yicha Rossiya hukumatiga ko`p murojaat qilyapmiz.
Davlat, millat, prezident ularga otalik qilishi vazifadir. Ularning og`irini engil qilishga harakat qilamiz. O`ylaymanki, bu adolat namunasi bo`ladi",– dedi amaldagi davlat rahbari.