Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boshlandi.
Unda deputatlar “O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta`minlashga qaratilgan qo`shimcha kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasini ko`rib chiqishmoqda.
Deputatlar tomonidan muhokama qilinayotgan qonun loyihasi 3 ta moddadan iborat bo`lib, O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qator asosiy qo`shimcha kiritishni o`z ichiga olgan. Xususan, loyihada go`sht (mol, qo`y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda), so`yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni xorijdan O`zbekistonga olib kirishda va realizasiya qilishda QQS bo`yicha imtiyozlar berilishi nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta`minlash, narxlarning barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
Qizg`in muhokamalar, savol-javoblar va baxs-munozaralardan so`ng qonun loyihasi qabul qilindi.