Tokio-2020 Paralimpiya o`yinlarida erkaklar o`rtasida F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida O`zbekiston sharafini himoya qilgan Boburjon Omonov 14.06 metr natijani qayd etib, engil atletika yo`nalishda Paralimpiya rekordini yangiladi va oltin medalga sazovor bo`ldi. 10 sentyabr kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning farmoniga asosan "O`zbekiston iftixori" faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Prezident sovg`asi sifatida avtomobil va Toshkent shahridan uy topshirildi. Oradan ikki kun o`tib esa Andijon viloyati hokimi 2 xonali xonadon sovg`a qildi. “Darakchi” muxbiri Boburjonning sportga kirib kelish tarixi, g`alaba yo`lidagi qiyinchiliklar va kelgusida rejalari haqida suhbatlashdi.
— Boburjon, adashmasam, sport bilan bolalikdan shug`ullanasiz?
— Ha, 6-7 yoshlarimda boshlaganman desam ham bo`ladi. Avvaliga mahalladagi akalarga qo`shilib yugurardim. 9-10 yasharligimda ushuga qiziqib qoldim. Uch yil davomida turli darajadagi musobaqalarda qatnashib, faxrli o`rinlarni egallaganman. Esimda birinchi yutug`imni Buxoro shahrida o`tkazilgan musobaqada qo`lga kiritganman — birinchi o`rinni olganman. Hattoki, uch karra O`zbekiston chempioni bo`lganman. Avvalari musobaqalar kam o`tkazilardi. Aksariyatlariga esa o`z hisobingizdan borishingiz kerak edi. Ba`zan mablag` tomondan qiynalib qolgan paytlarimizda ishtirok eta olmaganman. Bundan tashqari, ushuda asosan bo`yingizga emas, yoshingiz va vazningizga qaralardi. Shu va boshqa sabablar ortidan asta-astabu sportga qiziqishim so`na boshlagan. Mashg`ulotlarda o`zim uchun qatnashib turardim. Qishloqda o`sgan bo`lsak-da, ota-onam hech qachon sport bilan shug`ullanishimga qarshi bo`lishmagan.
— Yadro uloqtirishga qiziqishingiz qanday paydo bo`lgan?
— Bugungi darajaga erishishimga ushbu sport turi bilan shug`ulannishga chorlagan, ustozimi 2016 yilda Rio-de Janeyroda o`tkazilgan paralimpiya o`yinlari ishtirokchisi Mavlonbek Haydarov hisoblanadi. Mavlonbek aka bilan 2017 yilning boshlarida o`zi ochgan tuman markazida joylashgan fitnes klubda tanishganmiz. O`sha erda do`stlarim va tanishlarim bilan kunda-kunora borib turardik. Mavlonbek aka haqida eshitgandim, ammo yaqindan gaplashmagandim. Odatiy mashg`ulotlarning birida meni ko`rib, oldiga chaqirdilar. Suhbat davomida bo`yimni necha santimetr ekanligini so`radi. “Bo`yim 140 santimetr bo`lishi kerak”, dedim. “Seni shogirdlikka olib, chempion qilaman”, deb aytganlar. Keyin tumanimizdagi Paxtakor o`yingohiga borganmiz. Shu erda tosh uloqtirishni o`rgandim. To`g`risi, unga qadar ham engil atletika bilan o`z sog`ligim, bo`yimni o`stirish uchun shug`ullanganman. Unda faqat yugurish mashqlarini bajarardim.
— Mana, bu yil o`zingiz ham chempion bo`ldingiz.
— Shukr, mashg`ulotlarni boshlagan davrimda men ham ustozim kabi Prezident qo`lidan qimmatbaho sovg`alarni olishni orzu qilardim. Aniqrog`i, Malibuga qiziqqanman. Ustozimning mehnati sabab birinchi yilning o`zidayoq yutuqlarga erisha boshlaganman. Misol uchun, avgust oyida O`zbekiston chempionatida ishtirok etib, oltin medalni qo`lga kiritganman. Bundan tashqari 2017 yilning 8-14 dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida engil atletika, suzish va pauerlifting sport turlari bo`yicha yoshlar o`rtasida o`tkazilgan III Yoshlar Para-Osiyo uyinlarida ham oltin medal olganman. Qisqa muddat ichida erishilgan natijalar menga yanada kuch bag`ishlagan. Biroq ko`nglimda “Hali yosh sportchi bo`lsam, olimpiada o`yinlariga tayyorlanishga ulgurarmikanman” degan xayollar o`tardi. Lekin o`z oldimga qo`ygan maqsad sari intilishdan to`xtamadim. Natijada 2018 yilning kuzida Indoneziyaning Jakarta shahrida o`tkazilgan III-Yozgi Paraosiyo o`yinlarida ham ishtirok etib, g`olib bo`ldim. 2019 yilning noyabr oyida Dubay shahrida para-engil atletika bo`yicha o`tkazilgan jahon chempionatida omad kulib boqib, 14.03 metr natija bilan oltin medal hamda Tokio-2020 Paralimpiyadasiga yo`llanmani qo`lga kiritdim. Ushbu yirik musobaqaning bir yilga kechiktirilgani menga ancha foydali bo`ldi. Boisi o`z ustimda tinimsiz ishlashga harakat qildim.
— Vanihoyat, 2021 yil...
— Bu yil men uchun omadli keldi! Fevral oyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o`tkazilgan para-engil atletika bo`yicha “Fazza” xalqaro Gran-pri turnirida ham oltin medal qatorida jahon rekordini ham yangilashga muvaffaq bo`ldim. So`nggi natijani esa barcha yurtdoshlarimiz yaxshi bilishadi.
— Sportchi uchun qaerda musobaqaga kirishgani muhimmi?
— Andijondagi “Paxtakor” o`yingohida har kuni kamida ikki mahaldan mashg`ulotlar olib borganmiz. Sharoit boshqalar o`ylaganchalik zo`r emas. Ammo, gap sharoitda emas. Negaki, har odam o`zi uchun etarli darajada sharoit yaratishi kerak. O`yingohning tepa tomonida yadro uloqtirish maydonimiz bor. Shu erda har kuni bir mashg`ulotni qayta-qayta takrorlaymiz. Yadro maydonni ustozim Mavlon aka ikkalamiz ushbu sportga kirib kelganimda qurganmiz. Chunki, yaro uloqtirish uchun 15 yoshdan yuqori, bir oz gavdaliroq bo`lishi zarur. Shu paytgacha Marhamatda engil atletikaning bu turi bilan shug`ullanishmagan. Bir narsani qayd etish lozim, bizni paralimpiya chempioni darajasiga etkazgan eng yaxshi joyimiz shu er hisoblanadi. To`g`risi, ushbu kichik maydoncha biz uchun dunyodagi eng qadrli joy.
— Engil atletikaning bu turiga qiziquvchilar ko`pmi?
— Nima desam ekan? Bilasizmi, tashqaridan qaraganda tosh uloqtirish boshqalarga oson tuyuladi. Lekin mashaqqati ko`p. Odamlarga asl qiyinchiliklar bilinmaydi. Oldimga kelib, «Tosh otib ham, shunaqa yutuqlarga erishsa bo`ladimi? Menga ham o`rgat»,, deyishadi. Xo`p deb, o`yingohga olib boraman, ammo hech qancha o`tmasdan izsiz yo`qolib qolishadi
— Muvafaqqiyatingiz siri nimada?
— Eng avvalo, har bir odam, har bir sportchi o`z oldiga maqsad qo`yishi kerak. O`zi uchun o`zi harakat qilishi zarur. Chekinmaslik lozim. Meni haligacha bo`yi past ekan, deydiganlar topiladi. Sportga kirib natijalarga erishar ekanman bunday gaplarga umuman ahamiyat bermay qo`ydim. Biror narsaga erishish uchun nimadandir voz kechish kerakligini angladim. Haqiqatan, o`z vaqtida men ham oshnalarim, tengdoshlarim bilan birga o`tirsam, u er-bu erlarga borsam bo`lardi. Ammo ularning yig`inlari, oshlarini rad etganman. Dastlab xafa bo`lishgan Chunki ko`zlagan maqsadimga erishish uchun tinimsiz mehnat qilishim, og`ir bo`lsa-da, boshqalar bilan kamroq ko`rishishim lozim edi. Endi ko`nglim xotirjam. Do`stlarim bilan ham bemalol uchrasha olaman.
— 2016 yil mashinaga havas qilgan ekansiz, endi dilingizga qanday niyatlarni tukkansiz?
— So`nggi paytlarda qanday qilib qisqa muddatda bunday natijaga qanday erishdingiz, deb ko`p so`rashmoqda. Haqiqatan ham to`rt yil ichida ketma-ket yutuqlarga erishish oson emas. Tinimsiz mashg`ulotlar sizni bezdirib yuborishi, shubhasiz. Ammo qandaydir kuch sizga motivasiya beradi. Motivasiya deganda eng avvalo ota-onamni tushunaman. Mening eng kuchli motivatorim. Chunki, ularning qo`llab-quvvatlashi, duolari sabab qiyinchiliklarni engib o`tdim. Ota-onaning hayotini yaxshi tarafga o`zgartirish farzandning qo`lida. Men ham shu insonlar uchun doim harakatdaman. Kelgusida paralimpiada g`olibligi uchun berilgan pulga ota-onamni hajga olib borishni niyat qilganman.
Umidjon MAMARASULOV suhbatlashdi