AsosiyJamiyat

Toshkentda 63 yoshli ayolga nevarasi tengi yigit shilqimlik qilgani aytilmoqda

'Toshkentda 63 yoshli ayolga nevarasi tengi yigit shilqimlik qilgani aytilmoqda'ning rasmi

O`zbekistonda zo`ravonlikka qarshi «Sukut saqlama» loyihasi 63 yoshli ayol nevarasi tengi yigit tomonidan zo`ravonlikka uchragani haqida maqola e`lon qildi. «Daryo»ning ma`lum qilishicha, voqea Toshkent shahrida yuz bergan.

«Onaxon, keling sizga bir teginay, 10 ming so`m beraman»

Unda aytilishicha, Marina Ivanovna (ismi o`zgartirilgan) gipertoniya kasalligining oldini olish maqsadida har kuni ertalab shifokorlar maslahati bilan sayrga chiqadi. 2021 yil 11 sentyabr kuni soat 5 larda, hali g`ira-shira bo`lgani uchun o`zi bilan kichik fonar olib, sayrga chiqqan. Birozdan so`ng ayol qadam tovushlarini eshitgan — ortidan bir yigit kelgan va «Onaxon, keling sizga bir teginay, 10 ming so`m beraman», deb aytgan.

Ayol undan tinch qo`yishini so`ragan, ammo yigit birdan kelib uning sonidan chimchilab olgan. Onaxon uni o`zidan itarishga harakat qilgan, lekin ichkilik hidi kelib turgan yigit hujum qilishda davom etib, goh qo`li, goh oyog`i, goh sonlarini chimchilay boshlagan. Ayol qadamini tezlatgan, ammo yigit ham unga ergashgan. Onaxon eshikda kodli qulf bor, o`sha erda yashirinaman, deb o`ylab, yorug`lik tushib turgan pod`ezd eshigi tomon otilgan. Ammo eshikda qulf bo`lmagan, shu sababli ayol eshikni tortib, yopib turishga harakat qilgan. Biroq yigit kuch bilan uni ochib, pod`ezdga kirgan. U behayo so`zlarni aytib qichqirgan holda Marina Ivanovnaning intim joylariga tegingan. Ayol uning shilqimligidan himoyalanish maqsadida devorga yopishib, baqirib, yordamga chaqirgan.

Shu vaqtda mast yigit ayolning yuziga bir musht tushirib, «Ovozingni o`chir, o`ldiraman!», deb tahdid qilgan va kiyimlarini yirtib, kaltaklay ketgan. Kaltak zarbidan ayolning ko`zoynagi erga otilib, ko`z oldi xiralashgan. U qo`rqsa-da, qarshilik ko`rsatishda davom etgan. Shovqinni eshitgan qo`shnilardan biri eshikni ochgan. Bundan cho`chigan yigit voqea joyidan qochib qolgan. Ayol esa karaxt ahvolda uyga etib olib, qiziga qo`ng`iroq qilgan. Qizi darhol etib kelgan va Marina Ivanovnaning turishga ham holi yo`qligi sababli uyda davolashga qaror qilgan.

Qayd etilishicha, jabrlangan ayol ruhan ezilgan, ovqat eyishni, hech kim bilan gaplashishni xohlamasdi. «Ichki ishlarga borsam, shahar bo`ylab rosa yugurtirishini bilardim. Meni esa hatto ovqat ham chaynay olmasdim, hammayog`im shishib, og`rirdi», — degan voqea haqida «Sukut saqlama» loyihasiga so`zlab bergan jabrlanuvchi.

Uyda o`tirgan Marina Ivanovna odamlarga pand berib, ishdan qolayotganini o`ylab siqilgan. Oradan bir hafta o`tgach, o`zi ishlaydigan o`quv markaziga ma`ruza o`qish uchun kelgan. Hamkasblari va o`quvchilari uning ahvolini ko`rib dahshatga tushgan. «Tezda ichki ishlar idorasiga xabar bering, buni shunday qoldirib bo`lmaydi!», degan ular. Ularning barchasi jinoyatchi topilib, javobgarlikka tortilishiga ishongan. 18 sentyabr kuni jabrlanuvchi ayol huquq-tartibot organlariga murojaat qilib, sodir bo`lgan voqeani batafsil bayon qilgan.

Tergov organlarining xatti-harakati

Ayolga 4 kun davomida turli erkaklarning suratlari ko`rsatilgan. Bir kuni kechki payt tezkor xodimlar unga qo`ng`iroq qilib, ko`chaga chiqishni so`ragan. Pod`ezddan chiqqan Marina Ivanovna bir necha kishini ko`rgan. IIB xodimlari ular orasida hujum qilgan yigit bor, yo`qligini ko`rsatishini so`ragan. «Qahramonimiz esankirab qolgan. Nahotki bizning mamlakatda jinoyatchining shaxsini aniqlash ishlari, tegishli tartibda sir saqlanmasdan, to`g`ri jabrlanuvchining uyi oldida o`tkaziladi?», — degan savol o`rtaga tashlangan «Sukut saqlama» loyihasida.

23 sentyabr kuni jabrlanuvchi IIBBga chaqirilib, yana bir necha kishilarning suratlari ko`rsatilgan. Ular orasida o`sha kungi yigitning ham surati bo`lgan. U voqea qayd etilgan kuzatuv kameralari orqali topilgan. Ayol unga hujum qilgan yigit ancha yoshligiga guvoh bo`lgan. U ayoldan undan, taxminan, uch baravar kichik bo`lib, tom ma`noda nevarasi tengi edi.

Surat orqali shaxsi aniqlangandan keyingina tezkor xodimlar jabrlanuvchiga tibbiy tekshiruvdan o`tishi kerakligini aytgan. «Nahotki tajribali tezkor xodim bunday tekshiruv imkon qadar tezroq o`tkazilishi kerakligini bilmaydi?», deb savol berilgan «Sukut saqlama» loyihasida. Ariza yozilganidan 6 kun, voqea sodir bo`lganidan esa qariyb 2 hafta vaqt o`tgan.

Tibbiy ko`rikdan so`ng ishni tergovchiga topshirish arafasida tezkor xodimlar jabrlanuvchi hali sud-tibbiy ekspertizasidan o`tmaganini eslaydi va uni sud-tibbiy ekspertiza markaziga yuboradi. Shifokor ayolni ko`zdan kechirib, uning holatini engil tan jarohati, deb baholaydi.

Ayol sud-tibbiy ekspertizadan qaytgach, uyiga gumonlanuvchi yigitning buvilari bo`lgan ikki ayol keladi va yig`lab, nevarasi mast bo`lganini aytib, uni kechirishni so`rab, yordam taklif qiladi. Marina Ivanovna buni rad etib, eshikni yopadi. U hayron qoladi: «Hujum qilgan yigitning qarindoshlari manzilimni qaerdan oldi? Ularga mening ismimni kim aytdi?». Bir necha kundan so`ng uyiga gumonlanuvchining opasi bir erkak bilan keladi. Ayol ularga eshikni ochmay, ketishlarini so`raydi.

Ayol tergov keyin qanday davom etganini bilmaydi — uning cho`zilib ketganini saylovoldi jarayoni bilan izohlashadi. 21 oktyabr kuni Marina Ivanovna gumonlanuvchi bilan yuzma-yuz uchrashishga chaqiriladi.

Yigit va uning advokati voqeani umuman boshqacha izohlaydi: «Ayol yigitni haqorat qilgan, keyin esa sababsiz urgan. Yigit mast bo`lgani uchun hech narsani eslay olmaydi, biroq dastlab jabrlanuvchini sevgan qizi bilan adashtirib yuborgani esida». Advokatning so`zlariga ko`ra, Marina Ivanovna o`ziga o`zi zarar etkazgan bo`lishi mumkin. U, shuningdek, ayolni voqea joyida guvohlarni kutmaganlikda, 102  yoki 103 ga qo`ng`iroq qilmaganlikda ayblagan.

«Meni, kap-katta ayolni haqorat qilganlikda, hammasini to`qib chiqarganlikda ayblashdi! Nima uchun advokatlar tuhmat qilganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi?», — degan jabrlanuvchi ayol «Sukut saqlama» loyihasiga qilgan murojaatida.

Qayd etilishicha, tergov hali yakunlanmagan, hujumdan keyin ayolning sog`lig`iga yangi tahdidlar paydo bo`ldi: oftalmolog chap ko`z kontuziyasini, neyropatiyani, chap ko`z arterial gipertenziyasini aniqladi. Aynan o`sha joyga yigit musht tushirgan. Oldinda nevrolog va nevropatolog tekshiruvi turibdi. Aftidan, sog`lig`iga etkazilgan zarar unga bir necha oy, hatto butun umrga tatigulik. Ammo sud-tibbiy eksperti buni engil tan jarohati deb baholadi, tergovchi esa qayta ekspertiza tayinlamayapti.

    Boshqa yangiliklar