1

Dilbar Ikromova: “Gavhar bo`lsang, balchiqqa tushsang ham yaltirab turasan”

Shou-biznes 20.04.2016, 12:51
Teglar: Shou-biznes, Aktrisa
Dilbar Ikromova: “Gavhar bo`lsang, balchiqqa tushsang ham yaltirab turasan”

Galdagi qahramonimiz haqida so`z ketganida fransuz yozuvchisi Onore de Balzakning “Mayda rollar yo`q, mayda aktyorlar bor”, degan fikri yodimga tushaveradi. O`zbekiston xalq artsiti Dilbar Ikromova ortga nazar solib, hayot va ijod yo`lini yodga oldi... 

“QIZINGNI SOG`LIGI JOYIDA EMAS!” 

— Ortga nazar tashlaganimda, baxtli bolaligimni xotirlayman. Otam Ilhombek O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan agronom bo`lgan. Onam Jamilaxon esa uy bekasi edi. Oilada sakkiz farzandmiz, ikki o`g`il, olti qizning uchinchisiman. Onam o`zi o`qiyolmagani uchun hamma bolalarini oliy ma`lumotli qilishni orzu qilgan va bu niyatiga erishgan. Bolaligimda sho`x, to`polonchi bo`lmaganman. Boisi o`zimni dunyoimda yashardim, haligacha shundayman va u “olam”ga hech kimni kiritmayman. 

Yodimda, hovlimizda tandir bo`lardi, pastki qismiga mato ilib, tagiga kirib bir o`zim orzularga berilgancha xayolot olamida o`tirardim. Dugonalarim bilan kamdan-kam ko`chada birga o`ynardim. Oilada ko`pchilik bo`lishimizga qaramay, eyish-ichish, kiyishdan qiynalgan emasmiz. Bayramlarda otam onamga “Sen bugun oshxonadan ozodsan. Farzandlarim bilan taom tayyorlaymiz”, derdi. Katta-katta baliqlarni did bilan qovurardi. Biz bolalar ham otamizga intilardik, doim ishda bo`lgani uchun kam ko`rardik-da. 

Otamning she`r o`qishi, rasm chizishiga, onamning esa dutor chalishiga mahliyo bo`lib o`tirardim. Onamning shu hislati menga o`tmagan-da, deb o`kinaman. Buvim hammamizni yig`ib, ertak aytganida boshimni oyog`imning orasidan chiqarib, uch buklanib o`tirsam, “Jamila, shu qizingni xonadan olib chiq. Qizing g`alati-ya, shifokorga ko`rsatinglar”, deb jig`ibiyron bo`lardi. Egiluvchanligim yuqori bo`lgani uchun har xil harakatlar qilishni yaxshi ko`rardim. 

Otam safarlardan hammamizga alohida o`yinchoqlar olib kelardi. Opam, singllarimga qaraganda, men o`zimning qo`g`irchoqlarimni avaylab-asrardim, hatto kiyimlarini ham kir qilmasdim. Bitta qutida  gerbariy, ikkinchisida o`yinchoqlar, uchinchisida “ketka”lar yig`ardim. Va dugonalarim bilan bir-birimizga maqtanardik. 

“TEATRDAN KET, DEYIShGAN...”

— 207-maktabda mehribon, talabchan ustozlardan tahsil olganman. O`sha kezlari hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan Qudrat Xo`jaev, Olim Xo`jaev, Zamira Hidoyatova ishtirokidagi spektaklni ko`rib qolganman. Balki san`atga bo`lgan mehr, ishtiyoqqa shu sahna asarining sehri sabab bo`lgandir. 

O`shanda  bu qiziqishimni hech kimga aytolmaganman. Lekin opa-singillarim, dugonalarimni uyimizga yig`ib, xonaga katta mato ilib, yig`gan o`yinchoqlarimdan tomosha qo`yib berardim. Egiluvchanligim sabab, Chaykovskiyning “Oqqush ko`li”ni ijro etib berardim. Opam “Egiluvchanligimng juda yuqori, sen balerina bo`lishing kerak”, deb ijroimga tan bergancha, xo`ng-xo`ng yig`lardi. Bolalikda raqsni berilib ijro etgan bo`lsam kerak-da, lekin hozir o`sha ishim men uchun kulgili. 

San`atkor bo`lish orzusi bilan 10 yillik maktabni tamomlaganman. Hatto 16 yoshimda baletmeyster, mohir raqqosa Mukarram Turg`unboevaga “Raqqosa bo`lish niyatim bor, meni o`qishga qabul qiling”, degan mazmunda yashirincha xat yozib, pochtaga tashlab kelganman. 

Kunlarning birida uyimizga javob maktubi kelgan. Onam hayratlanib “Dilbar, senga xat kelibdi”, degan. Ochib o`qisak, “Kelib suhbatdan o`ting”, deb yozilgan. 

Bir olam orzu va hayajon bilan Xoreografiya bilim yurtiga borganman. Ikkita rus ayol meni ko`rib, “Qizim, kech qolibsan. Bu erdagi qizlar 16 yoshda professonal raqs ijro etishadi. Yaxshisi A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san`ati institutiga hujjat topshir. U erda aktyorlikka o`qiysan”, deyishgan. Ochig`i, aktyorlikka qiziqishim bo`lmasa-da, bir borib ko`raychi, degan fikr tug`ilgan. Onam esa “Seni u erga o`qishga qabul qilishmaydi, kichkinagina, ko`rimsiz qiz bo`lsang. Aktyorlikka kelishgan yigit-qizlarni qabul qilishadi”, degan. 

Bola bo`lishimga qaramay, irodam kuchli edi. O`zimga o`zim hali hammaga mendan ham san`atkor chiqishini isbotlayman, degandim. Otamga onam ruxsat bermaganini aytganimda, “hech kimga indamay, hujjatlaringni topshirib kelaver”, deya meni ruhan qo`llab-quvvatlagani yodimda.

Imtihonda hay`at-a`zolarining birinchi savoli: “Siz o`zi maktabni tamomlaganmisiz? 5-6 sinf o`quvchisiga o`xshar ekansiz”, deb kulishgandi. Keyin “Qaysi asardan parcha o`qib berasiz?” deyishganida “Boy ila xizmatchi”dagi Sifat buvini”, desam yana kulgi ko`tarilgan. Mahorat bilan ijro etib berib, imtixondan muvaffaqiyatli o`tgandim. “Imtihonga kelganlarning bari bosh qahramonlarni ijro etishga intilishadi. Sizning boshqa yo`ldan borganingiz ma`qul keldi”, deya o`qishga qabul qilishgan. 

Lekin yordamchi guruhda edim, chunki chiroyli qizlar ko`p edi-da. Shunda kurs rahbarimizdan “Yordamchi guruh nima degani o`zi?” deb so`raganimda “Hozircha shu guruhda o`qiyver. Birinchi bosqichda o`qishdan haydaladiganlar topiladi. Shunda seni o`qishga qabul qilamiz. Sinovdan o`tgansan, yaxshi aktrisa bo`lasan”, degandi. 

Kunlarning birida katta opam talabalik guvohnomamni so`rab qolgan. Yo`qligini aytsam, opam “Dada, qizingiz o`qimayapti”, degan. Otam xavotir bilan rektorning oldiga borgan. Shunda u kishi “Qizingizni yangi yildan o`qishga qabul qilamiz. Imtihonlarni a`lo darajada topishrgan”, degan. Uchinchi bosqichda o`qib yurgan kezlarim hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatrida «Boy ila xizmatchi» spektakli sahnalashtirilayotgan ekan. Ustozim “Maston roliga mos aktrisa izlashyapti, borib To`la Xo`jaev degan odamga uchraysan”, degan. Teatrning qorovullari “Bir chekkada tura turing, kimdir chiqsa olib kiradi sizni ichkariga”, degan. Bolaligimga borib, ancha vaqt teatrning eshigi oldida turaverganman. 

Shunda O`zbekiston xalq artisti To`ti Yusupovaning turmush o`rtog`i – truppa boshlig`i Mirfayoz aka “Anchadan beri shu erda turibsan. Kimni oldiga kelding?” deya javobimni olgach, katta-katta san`atkorlar o`tirgan xonaga olib kirgan. O`sha vaqtdagi hayajonimni so`z bilan ifodalab berolmayman, ularni ko`rib lol bo`lib qolganman. Shu tariqa Maston rolini ijro etganman. 

To`la Xo`jaev doim meni negadir “o`g`lim”, derdi. U kishidan san`atning ko`p sir-asrorlarini o`rganganman. Nasibam qo`shilgan ekan, 1968 yili yordamchi guruhga ishga qabul qilishgan. Mashhur rejissyor To`la Xo`jaev 1970 yilda meni ishga taklif qilgan, hozirgacha shu teatrda ijod qilib kelaman. Hayot bir maromda davom etmas ekan. Ko`pchilik aktyorlar “Bu erda umringni o`tkazma, ket”, deyishardi. Bu ruhiyatimga ta`sir qilib, o`ksinganimdan o`ychan bo`lib qolgandim. Shunda onam “Ishdan ketmagin. Gavhar bo`lsang, balchiqqa itarib yuborishsa ham yaltirab turasan”, deya o`rinli maslahat bergan. Bu men uchun katta dalda edi. 

Rolsiz qolgan kunlarim juda qattiq tushkunlikka tushib, “Ketsammikan?” degan ikkilanish ham paydo bo`lgan. Uzoq vaqt ommaviy sahnalarda ishtirok etib yurganman-da. Bundan tashqari og`ir kunlarni ham boshdan kechirganman, bu haqda gapirish tugul, eslashni ham istamayman...

Yodimda ustoz san`atkor Nabi Rahimov “Shu aktrisaga e`tibor qilinglar, juda iste`dodli”, deb men qo`llardi doim. 35 yoshimda Said Ahmadning “Kelinlar qo`zg`aloni” asari film qilinganda Sotti rolini o`ynaganimdan so`ng tomoshabin meni aktrisa sifatida qabul qildi. Shunda o`zimga nisbatan ishonch paydo bo`lgan va teatrdan ketish fikrimdan qaytganman. Lekin biror marta bosh qahramonlar rolini ijro etmaganimdan sira afsuslanmayman. Chunki bunga intilmaganman ham, xarakterli rollarga qiziqqanman-da. 

Teatrda momo, ona rollarini ijro etardim, 80 yillardan boshlab kinoda ham kampir roliga chaqira boshlashdi. Ko`chada ko`rgan muxlislar “Voy, yosh ekansiz-ku”, deyishadi. Yoshlik vaqtimda qariyalarni rolini ijro etib to`g`ri qilgan ekanman. Yo`qsa, qarigan chog`imda “yosh ekansiz!” degan e`tirofni eshitolmasdim-da (kuladi). 

Aktrisa sifatida qiyinchiliklarga uchrab, keyin yorug` kunlarga erishgan ayol qismatini ijro etgim keladi. Shu o`rinda aytib o`tish joiz, bu istak o`z kechinmalarim bilan bog`liq emas. Chunki shaxsiy hayotim va ishni bir-biriga sira aralashtirmayman. 

Ayol taqdiri bilan bog`liq ko`nglimga o`tirgan asarlardan biri bu rejissyor va aktyor Turg`un Azizovning “O`zbekcha raqs” spektakli. Anchadan buyon rolsiz yurgan kunlarimning birida Turg`un aka “Shu pesani o`qib ko`rgin”, deb qoldi. Ochig`i, asardagi ayol Qumri chevarning qismati ta`sir qilib yig`lagandim. Bu rol aktrisaning bor imkoniyatini ochib berishiga ishonganman.

Aktrisalar Turg`un akaga “Bu Dilbar Ikromovaning roli emas!” deb aynitishga urinishardi. Shunda o`zimga o`zim “Mayli, aynitaveringlar, ortimdan xanjar sanchsanglar ham roziman. Lekin o`ttizinchi bo`lsam-da, shu rolni ijro etaman”, deb oldimga maqsad qo`ygandim. Hatto taqdimotda tomoshabinlar guldasta berayotganida ham o`zimni tiyolmay ho`ng-ho`ng ko`zyosh to`kkandim. 
      
“ISTE`DOD”LAR ORASIDA KO`RINMAY QOLYaPMAN”

— Tomoshabin ishonuvchan. Komediyadagi rollarimni ko`rib, “Dilbar Ikromova hayotda ham shunday xushchaqchaq bo`lsa kerak”, deb o`ylasharkan. Men bilan suhbatda bo`lganlar “Juda jiddiy, kamgap ekansiz-a? Atay shunday yurasizmi?” deyishadi (kuladi). Kursdoshlarim ham “Dilbar hayotda va sahnada boshqa-boshqasan-a?” deyishadi. Demak, menda ikkita odam yashasa kerak-da. 

Kasbimni sevganimdan bo`lsa kerak, komediyalarim ham o`zgacha chiqadi. U xoh kino, xoh klip bo`lsin, rol didimga o`tirmasa ijro etmayman. Bordi-yu yoqsa, qo`limdan kelgan imkoniyatlarni ishga solib, rolimni ijro etib beraman.

Har bir aktyor ko`ngildagidek asarda iste`dodli rejissyor bilan ishlashni orzu qilib yashaydi. Ayni damda menda ham shu istak ustuvor. Ochig`i, bugungi dramaturgiya meni qoniqtirmaydi. Lekin har bir dramaturg yozgan asarini durdona asar deb biladi. Gohida yo`qdan bor qilib o`ynab berasan, lekin baribir aktyor aybdorga chiqadi. “Quyoshni sen uyg`otasan” asarini rejissyor Valijon Umarov ko`z o`ngimdan yo`qdan bor qilib bergan va maza qilib rol ijro etgandim. 

Ba`zi xususiy filmlarimizdan ham ko`nglim to`lmaydi. Ochig`i, taksiga o`tirishdan bezorman, chunki doim bir xil savolni eshitaman. So`nggi vaqtlarda haydovchilar “Bir savol bersam maylimi?” deyishsa, “Siz savol bermang, men javobini aytaman”, deyman. “Nega ko`rinmaysiz?” degan savollar ham bo`ladi, “Iste`dod”lar ko`payib ketganda, ular orasida ko`rinmay qolyapman”, deb qo`yaman (kuladi). 

Xususiy filmda rol ijro etmagan odam qolmadi, nazarimda. Filmlarni ko`rib, xuddi serial ko`rayotganga o`xshayman. Bu ham bir o`tish davri. Yosh bola ham bir-ikki qoqiladi va shu tariqa yurishni o`rganadi. Xususiy filmlarimiz ham shu jaaryonni boshdan kechiryapti. Rollar masalasiga kelsak, buvi, amma, xola, qo`shni rollaridan ortmay qoldik. Rosti, so`nggi vaqtda filmlardan takliflar bo`lmayapti. Zulfiqor Musoqav, Hilol Nasimov, Sobir Nazarmuhamedovning filmlaridan rol ijro etish orzusidaman.

“ONAM DOIM DALDA BERARDI”

— Shaxsiy hayotim haqida gapirishga odatlanmaganman. Bu borada ayta oladiganim — o`g`lim Murodjon. Asosan onamning tarbiyasini olgan. Lekin ishim tugadi, deguncha uyga yugurardim. Sira hamkasblarim bilan gaplashib o`tirmas yo ushlanib qolmasdim. Eshikdan kirishim hamon  o`g`lim men bilan yig`lab ko`rishardi. Hozir ham gastrollarga ketsam, qo`ng`iroq qilib “Qachon kelasiz?” deyaveradi. Oilang bor, bo`ldi endi, deb kulaman. Lekin e`tiboridan boshim ko`kka etadi.

Onam shaxsiy hayotim va ishimdagi qiyin kunlarimda ham “Men borman-ku!” deb doim dalda bo`lardi. Onang hayot bo`lsa, bag`ring butun bo`ladi. Gohida yaqinim O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Yarasheva “O`zingiz kampirsiz-ku, yana “Onam”, deb yig`lab o`tirasiz-a?” desa beixtiyor kulib yuboraman. 

Onam doim “O`zbekiston xalq artisti” unvonini olganingni ko`rsam, armonim yo`q edi. Keyin o`lsam ham mayli edi”, derdi. Aytganidek, unvon olganimdan bir oy o`tib 84 yoshda vafot etdi. Otam esa 74 yoshida olamdan o`tgan. Yorug` kunlarga chiqqanimni deyarli ko`risholmadi, deb o`kinaman. Hasanjon ukam kutilmaganda 40 yoshida vafot etgan, eslasam vujudim yonib ketaman. Bular mening armonlarim...      

O`g`lim “San`atkor bo`lsammikan?” deb ikkilanganida ko`zing etadigan ishni qilgin, deb maslahat berganman. Va Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o`qidi. Kelinim Zohiraxon bilan ham o`qishda tanishib, bir-birlariga ko`ngli qo`yishgan. Aslida Murodjonga “Tog`ora ko`tarib eshikma-eshik yurmayman. Kelinni o`zing top!” degandim. Shukr, sakkiz yildan buyon ahil, baxtli yashab kelishyapti. 

Kelinimga har tomonlama yordam berishga harakat qilaman. Zohiraxon ish bilan band bo`lsa, nabiralarim Muslimaxon, Imonaxon bilan o`ynab, dars qilib o`tiramiz. Gohida bilmay xafa qilib qo`ysam kerak, deb o`ylayman. Istagim - o`g`lim bilan kelinim baxtli bo`lishsin!

BILASIZMI?
•  1947 yilning 17 iyulida Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tug`ilgan.
•  1996 yilda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoniga sazovor bo`lgan.
•  U 2001 yilda O`zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoniga sazovor bo`ldi.
•  2015 yil O`zbek Milliy akademik drama teatrining 100 yilligi munosabati bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.

Sharhlar

Gavhar Sharipovaga haydovchi shilqimlik qilganligi holati yuzasidan qo`shimcha bayonot berildi

20.11.2019, 14:21

“Aktrisaga shilqimlik qilingan, u esa yurib ketayotgan yuk mashinadan o`zini tashlagan” Qashqadaryo YHXB qo`shimcha bayonot berdi.2019 yil 18 dan 19 noyabrga o`tar kechasi soat 02:20...
Zoxirshoh Jo`raev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qo`ydi

06.11.2019, 12:06

Zoxirshoh Jo`raev "Milliy" telekanalining "Nishondasiz" ko`rsatuvida ishtirok etib, oilaviy mish-mishlarga nuqta qo`ydi...Ko`rsatuv davomida boshlovchi Zoxirshohdan Botir Qodirov Sherali Jo`raevning farzandi ekani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini...
Shavkat Komilov suratga olish jarayonida aktrisani o`ldirib qo`yishiga bir bahya qoldi (video)

05.11.2019, 00:13

“Yolg`izlar”, “Ko`z yoshim”, “Dard” kabi o`n beshdan ziyod filmlari orqali tanilgan aktyor Shavkat Komilov ishtirokida video  tarqaldi...Unda aktyor, portnyori Aziza Yoqubovani chin ma`noda o`ldirib qo`yishiga...
​AKTRISA ASAL ShODIEVA TADBIRKORLIKKA QO`L URDI (FOTO, VIDEO)

21.09.2017, 15:12

Asal Shodievaning Instagramdagi ijtimoiy tarmog`ida o`ziga xos dizayndagi liboslar to`plami aks etgan suratlar paydo bo`ldi. Ma`lum bo`lishicha, mazkur liboslar aktrisaning g`oyasi bilan yaratilgan bo`lib, Miel...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1