Investisiyalar va tashqi savdo vaziri o`rinbosari Shuxrat Vafaev Germaniyadagi anjumanda «O`zbekistonning ambisiyalari xomashyo manbasi bo`lib qolishdan ko`ra kengroq» ekanligini ta`kidladi. Uning so`zlariga ko`ra, mamlakat global etkazib berish zanjirlarida yuzaga kelgan bo`shliqlarni to`ldirish uchun ishlab chiqarish va qayta ishlashning bir qismini o`ziga olishi mumkin.
O`zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda investisiyalar va tashqi savdo vaziri o`rinbosari Shuxrat Vafaev 9 noyabr kuni Frankfurt shahrida Germaniya iqtisodiyoti sharqiy qo`mitasi tomonidan tashkil etilgan «Diqqat markazida — Markaziy Osiyo. Iqtisodiyot haqida suhbat» xalqaro anjumanida ishtirok etishdi.
ITSV rahbari o`rinbosari va Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi ijrochi direktori Shuxrat Vafaev Evropa, xususan Germaniya, va Markaziy Osiyo davlatlari, shu jumladan O`zbekiston, o`rtasida o`zaro manfaatli hamkorlik uchun yirik imkoniyatlar mavjudligini ta`kidladi.
«Birinchidan, bizning iqtisodiyotlarimiz bir-birini to`ldirishi sababli. Biz qandaydir savdo bozorlarida, xom ashyo bozorlarida raqobat qilmaymiz. Bizda energetik resurslar, xom ashyo resurslari, mehnat resurslari mavjud. Germaniyaning esa texnologiyalar va resurslarni samarali qayta ishlash imkoniyati bor», — dedi u.
Uning so`zlariga ko`ra, «O`zbekistonning ambisiyalari xomashyo manbasi bo`lib qolishdan ko`ra kengroq». «Shuning uchun biz qayta ishlash bo`yicha ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich rivojlantiryapmiz. Va bu erda o`zaro manfaatli hamkorlik uchun yana bir yo`nalish va soha paydo bo`lmoqda, biz ishlab chiqarish, qayta ishlashning bir qismini O`zbekistonda amalga oshirmoqchimiz, shu orqali bugungi kunda global etkazib berish zanjirlarida yuzaga kelgan bo`shliqlarni to`ldirish mumkin», — deya ta`kidladi Shuxrat Vafaev.
Vazir o`rinbosari bu oddiy emas, balki kompleks vazifa ekanligini tan oldi.
«Birinchi navbatda, odamlarni kasblarga o`rgatish, ularga yuqori texnologiyali qurilmalarda ishlash va sifatli mahsulotni ishlab chiqarish imkoniyatini beruvchi ko`nikmalarni berishdan boshlash kerak. Standartlar, qonunchilik va boshqa ko`plab masalalar bo`yicha ishlar kerak. Va bu erda moliyalashtirish ham juda muhim», — dedi u.
ITSV rahbari o`rinbosari ushbu masalalarning barchasiga echim topish mumkinligini aytdi. Germaniya va O`zbekistonda bu uchun «kerakli resurslar, xohish, siyosiy iroda» mavjud.
Shuningdek,Shuxrat Vafaev infratuzilma, ayniqsa transport va energetik infratuzilmaning muhimligini ham tan oldi.
«Bizning bu sohadagi strategiyamiz juda oddiy — biz zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yanada samaraliroq ishlab chiqarish quvvatlarini joriy qilish orqali, birinchi navbatda, energetika sohasida infratuzilmaning samaradorligini oshiramiz. Bu bug`-gaz qurilmalari, issiqlik energetikasidagi birlashtirilgan sikl. Biz faol ravishda qayta tiklanuvchi energetika sohasini joriy qilmoqdamiz. Hozirgi kunda amalga oshirish va qurilish jarayonida bo`lgan 4 GVt lik loyihalarimiz mavjud, va biz bu jarayonni davom ettiramiz», — dedi u.
O`zbekiston modernizasiya va infratuzilmani kengaytirishga xususiy sektor, xorijiy investisiyalarni jalb qilishning muvaffaqiyatli amaliyotini boshqa sohalarda, jumladan avtomobil yo`llari va temiryo`llar, aviatransport sohalarida ham joriy qilmoqchi. Chunki modernizasiya qilish, infratuzilma samaradorligini yaxshilash bo`yicha ehtiyojlar katta, ayniqsa moliyaviy nuqtayi nazardan, deya ta`kidladi Shuxrat Vafaev.
«Na davlatda, na rivojlanish bo`yicha hamkorlarda ushbu infratuzilmani tezlik bilan tartibga keltirish va uni sifatli qo`llab-quvvatlab turish uchun mablag`lar mavjud emas. Bunday vaziyatda xususiy va xorijiy investorni jalb qilish yagona va mantiqiy yo`l bo`ladi. Bu uchun investorlarga qulay ishlashga imkoniyat ochadigan sharoitlar yaratish, qonunchilik, regulyator bazasini shakllantirish lozim. Buning uchun davlat shartnoma bo`yicha o`z bo`ynidagi majburiyatlarni bajarishi to`g`risida kafolat berish kerak», — dedi u.
Shu bilan birga, vazir o`rinbosari O`zbekiston infratuzilmaga investisiya kiritishga qiziqayotgan investorlar o`rtasida raqobat va raqobat muhitini yaratish uchun faol ish olib borishi kerakligini qayd etdi.
Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, yanvar-sentyabr oylarida O`zbekiston va Germaniya o`rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 560,5 mln dollarni (jami tashqi savdoning 2%) tashkil qilgan. Ushbu ko`rsatkich ketma-ket uchinchi yil pasayib bormoqda. Taqqoslash uchun: o`tgan yilning shu davrida ko`rsatkich 572,3 mln dollar, 2018 yilning yanvar-sentyabr oylarida esa 743,7 mln dollarni tashkil qilgan edi.
Manba: Gazeta






