AsosiySport

Voleybol bo`yicha O`zbekiston superkubogi Olmaliqda o`tkaziladi

'Voleybol bo`yicha O`zbekiston superkubogi Olmaliqda o`tkaziladi'ning rasmi

Shu yilning 19-20-21 noyabr kunlari Olmaliq shahridagi “Metallurg” sport majmuasi voleybol bo`yicha mamlakat superkubogi bahslariga mezbonlik qiladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Unda erkaklar o`rtasida O`zbekiston chempioni va kubogi sohibi Samarqandning “O`ztelekom” jamoasi chempionatning kumush medalini qo`lga kiritgan OTMK jamoasi bilan kuch sinashadi.

Ayollar o`rtasida esa mamlakat chempioni hamda kubogi sohibi, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining SKUF jamoasi Nukus davlat pedagogika instituti voleybolchi qizlari bilan bosh sovrin uchun musobaqalashadi.

O`yinlar ikki g`alabagacha davom etadi. Agar dastlabki ikki o`yinda O`zbekiston superkubogi qarama-qarshiligining g`olibi aniqlansa, u holda so`nggi uchinchi o`yinni o`tkazishga ehtiyoj qolmaydi va musobaqa to`xtatiladi.

Mabodo dastlabki ikki o`yindan keyin kuchlar teng kelib qolsa, u holda superkubok sohibi so`nggi uchinchi kungi o`yinda aniqlanadi. Aynan O`zbekiston superkubogi bahslari bilan mamlakatimizda joriy yilgi voleybol mavsumi o`z yakuniga etadi.

    Boshqa yangiliklar