Bolalarda o`tkir respirator virusli kasalliklar qanday kechadi?

Salomatlik 21.11.2021, 11:26
Bolalarda o`tkir respirator virusli kasalliklar qanday kechadi?

Bolalarda o`tkir respirator virusli kasalliklar qanday kechadi? Ularning ilk belgilari nimalarda namoyon bo`ladi? Bunday vaziyatda ota-onalar qanday yo`l tutishlari kerak?  

Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya tibbiyot ilmiy-amaliy markazi etakchi ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori Zulxumor UMARNAZAROVA javob berdi:  

— Tana harorati ko`tarilishi, aksirish, burun bitishi va oqishi O`RVIning ilk belgilaridir, — deydi shifokor. — Bu holat odatda ikki kun davom etadi. Uchinchi kundan boshlab bolaning halqumida o`zgarishlar kuzatiladi. Ovoz bo`g`ilishi, yo`tal, mushaklar va bo`g`imlarda og`riqlar paydo bo`lishi mumkin.  

O`RVIda ham boshqa kasalliklar  ishtaha pasayadi. Ba`zida harorat ko`tarilishi hisobiga qayt qilish ham kuzatilishi mumkin.  

Agar xonadonda shunday bemor bolalar bo`lsa, onalar ularni darhol alohida xonaga yotqizishlari kerak. Xonani tez-tez shamollatib turish lozim. Chunki havo aylanmaydigan joyda viruslar tezroq ko`payadi.

Bolaga oz-ozdan, tez-tez suyuqlik ichilib turish, burun va tomoqni tuzli suv bilan chayish tavsiya etiladi. Chunki viruslar namlikka chidamsiz, tuz esa namlikni yaxshi ushlab turuvchi vositadir.

Yuqori nafas yo`llari shamollashi pastki nafas yo`llari yallig`lanishiga nisbatan engilroq kechadi. Bunda bola qiyinchilik bilan nafas oladi va chiqaradi. Yallig`lanish bronxlarga yoki keyingi bosqichda o`pkaga o`tganida esa yo`tal yanada zo`rayib, og`iz-burun uchburchagida ko`karish kuzatilishi mumkin. Bola hansirab nafas oladi.  

Ammo ba`zi ota-onalar farzandlarida O`RVIning ilk belgilari paydo bo`lishi bilanoq darhol vahimaga tushib qolishadi. Burun oqishi, engil yo`tal, harorat ko`tarilishi kuzatilsa, zudlik bilan “Tez yordam”ga murojaat qilishadi.  

Vaholanki, virusning ikki yuzdan ziyod turi bor. Bir turdagi virus bilan kasallangan bola shifoxonada ikkinchi turdagi virusga ro`baro` kelsa, uni ham yuqtirib olishi ehtimoli yuqori.  

Shu sababli o`g`il-qizlarda yuqori nafas yo`llarining yallig`lanishi, ya`ni xalq tilida tumov kuzatilsa, buni uy sharoitidagi muolajalar orqali ham davolasa bo`ladi. Ammo bu holatga “o`tib ketar”, “erta-indin yaxshi bo`b qolar” deya befarq munosabatda bo`lmaslik ham kerak.

“Tez yordam” qaysi vaziyatlarda murojaat qilinadi?  

  •   bola ovqat emay qo`ysa;

 

  •  kuchli hansirash kuzatilsa;

 

  •  nafas qisishi alomatlari paydo bo`lsa;

 

  •  tinmay yoki ko`p uxlasa.

 

Amaliyotda ko`krak suti bilan oziqlanadigan bolalarda kasallik asosan yuqori nafas yo`llari yallig`lanishida, engil asoratlar bilan kuzatiladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1