AsosiySport

Suzish: O`zbekistonning eng kuchlilari aniqlanmoqda

'Suzish: O`zbekistonning eng kuchlilari aniqlanmoqda'ning rasmi

Shu kunlarda suzish sport turi bo`yicha O`zbekiston kubogi bahslari qizg`in davom etmoqda. Nufuzli musobaqada mamlakatning barcha xududlaridan kelgan jami 349 nafar sportchi sovrinli o`rinlar uchun kurashga kirishgan. 25 noyabrga qadar davom etadigan bahslarda ishtirokchilar turli masofalarga suzish borasida o`z mahoratlarini namoyish etadi. Bu haqda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, musobaqalarning ilk kunida 100 metrga erkin, 200 metrga batterflyay, 4x100 metrga kompleks va 1 500 metrga erkin usulda suzish bo`yicha bahslar o`tkazilgan. Jumladan, 100 metr masofaga erkin usulda suzish musobaqasida marraga 50.33 soniyada etib kelgan poytaxtlik Aleksey Tarasenko oltin medalga sazovor bo`lgan. Ushbu distansiyada kumush va bronza medallari Navoiy viloyati vakillari Xurshid Tursunov (50.85 soniya) va Oybek Xo`jaevga (52.46 soniya) nasib etgan. Xuddi shu masofaga ayollar o`rtasida o`tgan musobaqada eng yuqori (1:00.19) natijani Respublika oliy sport mahorati maktabi vakilasi Anastasiya Zelinskaya qayd etgan.

"200 metrga batterflyay usulida suzish bo`yicha bo`lib o`tgan musobaqada Respublika olimpiya zaxiralari kolleji talabasi Asad Abdumalikovga teng keladigan topilmadi. U 2 daqiqa 10 soniyada marrani bosib o`tdi.

1500 metr masofaga erkin usulda suzish bahslarida belgilangan masofani 17 soniyada bosib o`tgan toshkentlik Abdujalil Abdug`aniev shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi.

Nihoyat, 4x100 metr masofaga kompleks usulda suzish musobaqasida 1-o`rinni Navoiy viloyati jamoasi band etdi (4:33.34). Andijonliklar 4:45.43 soniya ko`rsatkich bilan ikkinchi, 4:53.76 soniya natijani qayd etgan poytaxt jamoasi 3-o`rinni egalladi",-deya ma`lum qilinadi xabarda.

    Boshqa yangiliklar