Navoiylik ona o`z farzandiga jigarini berdi. Operasiya 12 soat davom etgan

Salomatlik 13.12.2021, 10:40
Navoiylik ona o`z farzandiga jigarini berdi. Operasiya 12 soat davom etgan

Kuni kecha akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ilk bor Karoli sindromiga chalingan bemorda murakkab jigar ko`chirish operasiyasi o`tkazildi. E`tiborlisi, ushbu jarrohlik amaliyoti xirurg, professor Mirshavkat Akbarov boshchiligidagi o`zbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil amalga oshirildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 12 soatdan ortiq davom etgan jarrohlik amaliyotida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Rabot mahallasida yashovchi 18 yoshli bemor — Feruzbek Shamsiddinovga 44 yoshli onasi Gulchehra Yuldashevaning jigaridan bir bo`lagi ko`chirib o`tkazildi.  

Hozir har ikkala bemorning ham ahvoli yaxshi, donor esa palataga olingan. Operasiya oldidan Feruzbek va onasi o`zlarining his-hayajonlari va fikrlarini SSV Matbuot xizmati bilan o`rtoqlashgan edi.

— Ikki yil avval terimda juda kuchli qichishish paydo bo`ldi, — deydi F. Shamsiddinov. — Keyinchalik rangim sarg`aya boshladi. Shundan so`ng tuman ko`p tarmoqli poliklinikasi shifokorlariga murojaat qildik. Topshirgan qon tahlillarim menda gepatit V kasalligi borligini ko`rsatdi.  

Vrachlar tavsiyasi bilan tibbiy muolajalar olishni boshladim, biroq umumiy ahvolimda ijobiy o`zgarish bo`lmadi. Shundan so`ng Buxoro viloyat klinik shifoxonasida qayta tibbiy tekshiruvlardan o`tdim.  

Yakuniy tahlillardan keyin shifokorlar jigarimda jiddiy xastalik borligini, uni esa Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida operasiya orqali davolash mumkinligini aytishdi. Bu erga kelgach, menda kamdan kam uchraydigan og`ir kasallik aniqlandi. Ochig`i, avvaliga biroz qo`rquv bo`ldi. Ammo shifokorlarning tavsiyalari, ruhiy daldasi ushbu hayajonni engishimga katta yordam berdi.  

Bemorni operasiyaga tayyorlagan shifokor Azimjon Usmonov bu yil o`nlab hamkasblari qatori Rossiyaning akademik V.I.Shumakov nomidagi transplantologiya va sun`iy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazida malaka oshirib qaytgan yosh jarrohlardan.

Uning ta`kidlashicha, Karoli sindromi kamyob kasallik bo`lib, har million kishining bittasida aniqlanadi. Bemor yosh bo`lgani va kasallik irsiy ekani hamda hech qanday virusli infeksiya yo`qligi sababli Feruzbek operasiyadan so`ng o`zini tez tiklab oladi.  

Ma`lum bo`lishicha, dastlab bemorning akasi donorlikka tayyorlanayotgan bo`lgan. Lekin tekshiruvlarning anatomik xususiyatlari uning donor bo`la olmasligini ko`rsatgan. Keyin esa bemorning onasi tekshirilib, jigarning bir bo`lagini olish uchun barcha ko`rsatkichlar mos kelgan. Biroq ortiqcha vaznga ega bo`lgani uchun Gulchehra opa bir oy ichida 10 kilogrammga ozishiga to`g`ri kelgan.

 — Har qanday ona uchun farzandining xastaligi eng og`ir sinov, — deydi G. Yuldasheva. — O`g`limning dardga chalinishi menga qattiq zarba bo`ldi. Boshida tushkunlikka tushib qoldim. Sababi avvallari jigar ko`chirish operasiyasi chet mamlakatlarda o`tkazilar, bunga esa har kimning ham qurbi etavermasdi.

Biroq yurtimizda ham bu kasallikni davolash yo`lga qo`yilganini bilgach, ko`nglim taskin topdi. Jigarimning "bir parchasi" sog`ayib ketishi uchun nafaqat jigarimning bir bo`lagini, balki jonimni berishga ham tayyorman. Fursatdan foydalanib, farzandimning sog`ligi uchun kurashayotgan barcha shifokorlarga minnatdorlik bildiraman.

Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, ayni paytda respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan aziyat chekadi. Ulardan 500 nafari jigar transplantasiyasiga muhtoj. Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e`tibor natijasida shu yilning o`zida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o`zbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil 6 ta jigar ko`chirib o`tkazish operasiyasi amalga oshirildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1