1978 yil Toshkent shahrida dunyoga kelgan Dildora Niyozova ko`p yillardan buyon muxlislari tomonidan samimiy ijodkor sifatida e`zozlab kelinadi. Xonanda shu kungacha olti marta “Xalqlar do`stligi” san`at saroyida yakkaxon konsert dasturini taqdim etgan. Uch yuzdan ziyod mualliflik qo`shiqlarini yozgan.
— Dildora opa, siz haqingizda “Anchadan buyon ijod qilmayapti” deya fikr bildirishmoqda…
— Yaratganga shukrki, men ijoddan to`xtaganim yo`q. Shunchaki hayotimdagi o`zgarishlar sabab ijod namunalarimni faqat ijtimoiy tarmoqlar orqali muxlislarga etkazib boryapmiz. Avvalgidan farqli ravishda ezgulik haqidagi qo`shiqlarga, salavotlarga ko`proq urg`u beryapman, xolos. Yaratgan umr bersa, men go`zal xonishlardan to`xtamayman.
— Yigirma yil avvalgi sahna va bugungi sahna. O`zbek san`ati ko`z oldingizda nimalarni yo`qotdi?
— Bilmadim, men bu borada biror narsa deya olmayman. O`zimdan qo`shib, ortiqcha gapirishni istamasdim. Sababi ayni damda men sahnada emasman. Umuman olganda, hozirgi ijodiy jarayonni kuzatishga vaqtim ham yo`q. O`z yo`nalishim, oila, bolalarim bilan ovoraman. Solishtirishga, vaziyatlarga baho berishga o`zimni haqli, deb hisoblamayman desam, to`g`ri bo`lsa kerak. Chunki biz ham bir paytlar ayni shu oqimda oqqanmiz, shunday ijod qilganmiz. Hamma narsa o`zining zamonasiga qarab bo`lsa kerak-da.
— Ijtimoiy tarmoqlar ommalashmasidan oldin muxlislar kuyunchakroq edi. Bugungi tinglovchi esa bevaforoqday tuyulmaydimi sizga?
— Inson astoydil yaxshi ko`rib ijod qilsa, o`sha ijrosi baribir muxlisga etib boradi. Ana shunda ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarga ham unchalik hojat bo`lmaydi. Men bu borada tinglovchilarni ham ayblay olmayman. Chunki hozir juda ham san`atkor ko`p, tanlash imkoni keng. Oldinlari ijodkor u qadar ko`p bo`lmagani sabab muxlislar chindan kuyunchakroq edi. Ularning muhabbati, vafosi kuchli edi. Shou-biznesga intilib, bu yo`lda yuraman desangiz, juda qiyin. Xonanda o`z yo`nalishiga ega bo`lishi kerak. Shunda haqiqiy san`atkor darajasiga erishib, muxlislar qalbidan joy oladi.
— Bolalikdagi og`riqlaringiz ham yo`q emas ekan…
— Menimcha, har birimizda bolalikdan qolgan og`riqlar yo`q emas. Ba`zan o`ylab qolaman, aynan o`sha og`riqlar tufayli ham ehtimol shu darajagacha ko`tarilgandirman. Bolaligimda sinfdoshlarim men bilan bir partada o`tirishni istamasdi. Ustozim menga “Sendan pol artuvchi chiqsa ham katta gap” deganida, uyga yig`lab borganman. O`shanda beg`uborlik bilan Xudoga nola qilgandirmanu va bu nolalarimni Yaratgan eshitgandir…
— Eshitishimizcha, milliarder Alisher Usmonovning marosimlari sizning ishtirokingizsiz o`tmas ekan…
— O`tmas edi. Avval. To`g`risi, internet tarmoqlarini muntazam kuzatmaganim uchun u insonni yaxshi tanimas edim. Viloyatma-viloyat to`ylarda yurganmiz-da. Keyin turmush o`rtog`im “Bu insonning kimligini bilasanmi, dunyoning eng boy odamlaridan biri”, dedilar. Bir kuni xizmatga borganimizda “Hamma jim bo`lsin”, deb butun davra tinchlangandan so`ng ijodim haqida juda ham yaxshi fikrlarni, tilaklarni bildirdilar. “Seni ko`rishim kerak” deb nomlangan taronam bo`lardi, Alisher Usmonov ushbu qo`shig`imni juda yaxshi ko`rib tinglardilar. Bir tadbirlarida shuni yigirma martalab kuylaganman.
— Dildora Niyozova hozir to`ybop, sho`x qo`shiqlardan butkul voz kechdimi?
— Yo`q! Shaddod qo`shiqlardan butkul voz kechdim, deb aytsam yolg`on bo`ladi. Bunday deya olmayman. Aslida voz kechaman, deb o`ylagandim. Jahl chiqqanda aql ketadi deganlaridek orada stressga tushganimda turli xil qarorlarga kelishimga oz qoldi. Hozir sevgi-muhabbat haqida kamroq kuylashga harakat qilyapman. Shunga qaramay, men baribir san`atkorman va bundan or qilmayman. To`ylarga borganda ham sho`x qo`shiqlar bilan davradagilarni o`yinga chorlayman. Albatta, faqat ayollar bor davralarda ularning ko`nglini olishga intilyapmiz. Chunki inson to`yga dam olish uchun keladi.
— Shou-biznes olamini ko`plar “hiyla-yu, dushmanlarga to`lgan olam” deya izohlaydi. Siz ham bu fikrlarga qo`shilasizmi?
— Nafaqat shou-biznes olami, hozirgi dunyomiz haqida ham gapirmoqchiman. Insonlar o`zgarib ketishgan. Barcha narsa tezlik bilan, engil o`tib ketayotganday. Muhabbat, oqibat, vafo degan tuyg`ular, umuman hamma-hammasi o`z qadrini, salobatini, mustahkamligini yo`qotayotganday, kuchsizlashayotganday, go`yo. Va eng achinarlisi, bular oddiy holatga aylanib qolib, biz ham bularni osongina hazm qilib yuborayotgandaymiz. Men baribir dunyoda yaxshi insonlar ko`pligiga ishongim keladi. Ular borki, dunyo talafotlardan xoli turibdi.
Hatto shou-biznesda ham xalqqa yordam berayotgan insonlar ko`p.
— Siz qachondan o`zingizdagi ruhan o`sishni his etdingiz?
— Men bolaligimdan to`g`ri yo`lda bo`lishga, nomimga dog` tushirmaslikka, ortimdan har xil gap chiqarmaslikka harakat qilganman. Umrim so`ngida, hayot kitobimga qaraganda sahifalarim chiroyli bo`lishini istayman. Odam yosh o`tgan sari yoshligiga ko`p razm solarkan. To`g`ri, xatolarimiz ham ko`p bo`lgan. Ammo men hozirgi kunlarni ko`rsatgan uchun Xudoga shukrlar aytaman. Bilasizmi, umr juda shiddatli ekan, yoshlik nihoyatda tez o`tib ketarkan… Biz baribir bandamiz, noto`g`ri ishlar qilamiz. Lekin ruhimizni pok qilishga urinaverish lozim. Shaxsan men bundan keyingi umrim davomida insonlarga yaxshilik ulashishga harakat qilmoqchiman!
— Yoshlikda qaysidir ustoz san`atkorlarning tanbehini eshitmaganingizdan hozir afsuslanasizmi?
— Birinchi ustozimiz, avvalo, ota-onamiz. Ular ko`p tanbeh berishardi, ilohim umrlari uzoq bo`lsin. Ustozlarimdan ham ko`p tanbeh eshitardim. Men bundan aslo xafa emasman. Kamchiliklarimni ko`pchilik ichida aytishganida, to`g`ri, og`ir botgan. Mendagi maqsad sahnada birinchi bo`lish emas, yaxshilik yo`lida birinchi bo`lishdir. Intizomimda, xulqimda go`zallik bo`lishini istayman!
Mohigul DIYoRXO`JAEVA suhbatlashdi. "Darakchi" gazetasi 2021 yil 9 dekabr soni