AsosiySUG'DIYONA
9727

Erkaklarni ayollarning g`ashiga tegadigan odatlari

Nima uchun erkaklar biror narsa talab qilsa, rafiqalaridan o`ch olishga harakat qilishadi va buning qanday oldini olish mumkinligi haqida “Gazeta.ru” yozadi.
 
Ayollarni turmush o`rtoqlarining qaysi odatlari g`ashiga tegadi? Dugonalaringizdan so`rasangiz, hammasi bir ovozdan erkaklardagi passivlik ayollarga yoqmasligini bilib olasiz. Rafiqalari uy yumushlarini bajarayotganda, qaynota-qaynonalarining xizmatini qilayotganda, bola qarayotganda ko`pchilik erkaklar divanda yotib, televizor tomosha qilishni yoki kompyuterda bo`lar-bo`lmas o`yinlarni o`ynashni ma`qul ko`rishadi. Aqalli axlat chelakni to`kib kelishni istamagan bunday erkak ayolning jahlini chiqaradi.  
Bunga erkaklarning o`zlariga boshqacha nuqtai-nazardan qarashlari sabab bo`lishini hamma ayollar ham tushunavermaydi.

Hammani g`azablantiradigan odam

Passiv-agressiv xulq belgilariga ega odam har qanday mas`uliyat va javobgarlikdan qochadi. U iloji boricha, kamroq vazifani bajarishga, o`zini oqlash uchun turli yolg`onlarni o`ylab topishga harakat qiladi. Dangasaligi tufayli ortiqcha kuch sarflagisi kelmaydi, ishdan qochish uchun turli bahona-yu, sabablarni vaj qiladi. Nazorat qilishlarini esa umuman yoqtirmaydi, bergan va`dasining ustidan chiqishga harakat qilmaydi, birov eslatsa jahli chiqadi. Bunday tabiatli inson dunyodan noroziligini ochiq ayta olmaydi. O`zi xohlaganday yashashi uchun zimdan ish ko`radi, undan kutilayotgan vazifalarni bajarmaslikka harakat qiladi, aybni boshqalarning bo`yniga qo`yadi. Bunday erkak bilan yashash judayam og`ir. U rafiqasini bo`lar-bo`lmasga janjal chiqarishda, jizzakilikda ayblaydi. “Menga bosim o`tkazishga harakat qilma!” degan iborani tez-tez ishlatadi. Unga bosim o`tkazmayotganligingizni, balki yordam so`rayotganingizni, vaziyatga oydinlik kiritishni istayotganligingizni qanday isbotlaysiz?

Bolaligida qattiq nazorat ostida bo`lgan odam

Passiv-agressiv xulq belgilariga ega odam hech nimani kelishib bo`lmaydigan odam tasavvurini uyg`otadi. Uning gapirgan gapi bajarayotgan ishiga to`g`ri kelmaydi, buni tushuntirishga harakat qilsangiz, sizni ayblarga ko`mib tashlaydi. Uning bunday yo`l tutishiga qo`rquv sabab bo`ladi. Bunga bolaligida ota-onasi uning his-tuyg`ularini, ehtiyojlarini ochiq aytishiga yo`l qo`ymaganligi, qattiqqo`llik qilgani sabab bo`lgan. O`z noroziligini ochiq aytolmagan bola keyinchalik buni yashirincha bajaradigan bo`lib qoladi. Bunday bola voyaga etgach, endi rafiqasi bilan kurasha boshlaydi, uning nazorat qilishi, ish buyurishi g`azabini keltiradi. Agar unga rafiqasi e`tiroz bildiradigan bo`lsa, xafa bo`ladi, bundan ayol o`zini gunohkor his qiladi.  

Bunday ko`ngilsizliklarning oldini olish uchun nima qilish kerak?

1. U majburiyatni bajarishdan bo`yin tovlayotganda hech qachon buyruq bermang, bu xato. Uni o`z holiga qo`ying. Uning o`rniga qaror qabul qilishni bas qiling, harakatlari uchun o`zi javob berishiga yo`l qo`ying.

2. Ko`pchiligimizga xotiramiz pand beradi, ammo passiv-agressiv xulqli turmush o`rtog`ingiz eng kerakli paytda zarur narsalarni unutib qo`yadi, u kommunal xizmatlar uchun to`lovni esidan chiqarsa, g`alati eshitilsa-da, ortiqcha asabiylashmaslik uchun buni o`zingiz bajarishga harakat qiling. Agar yana vaziyatga oydinlik kiritishni istasangiz, gunohkorga aylanib, aybsiz aybdor bo`lib qolasiz va bundan vijdoningiz qiynaladi.

3. Bunday insonlar tanqidni ko`tara olmaydi, o`z xato va kamchiliklarini tan olishni istashmaydi. Unga noto`g`ri ish qilayotganini baland ovozda tushuntirmoqchi bo`lsangiz, baqiroq va urushqoq ayolga chiqarib qo`yadi. Unga bajarishi lozim bo`lgan vazifani eslatsangiz, bolaligidagi kabi o`zini himoya qilishga kirishadi. Shuni hisobga olib, eringizni ayblashni bas qiling.

4. Passiv-agressiv xulqli erkak ko`p hollarda o`ziga ishonmaydigan, uni yo`qotib qo`yishdan qo`rqadigan ayolga uylanishni ma`qul ko`radi. Shuning uchun rafiqasini ketib qolish bilan qo`rqitadi. Bunday hollarda qo`rquvga berilmang, u hech qayoqqa ketmaydi. O`ziga ishongan va mustaqil ayolga aylanishga harakat qiling.

Boshqa yangiliklar