1

Mutaxassis: elektron sigaretalarning foydasi haqidagi da`vatlar nikotinga qaramlikni yuzaga keltiradi

Salomatlik 19.12.2021, 14:17
Mutaxassis: elektron sigaretalarning foydasi haqidagi da`vatlar nikotinga qaramlikni yuzaga keltiradi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti dunyo mamlakatlarini elektron sigaretalar tarqatilishini keskin cheklashga chaqirayotgan bir paytda ayrim manfaatdor tomonlar ularning oddiy sigaretalardan ko`ra xavfsizligi haqida bong urmoqda. Xo`sh, bu xulosalar qanchalik asosli? Sog`liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo`yicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat ShUKUROV bilan suhbatimiz shu haqda bo`ldi.

— “Har qanday elektronika vositasi kabi bunday moslamalarni ham doim tozalab, detallarini vaqtida almashtirib yoki burab turish kerak. Muntazam texnik tekshiruvlar sog`lig`ingizni xavf-xatarlardan himoya qiladi”, degan gaplarni ham eshitamiz, — deydi Sh. Shukurov. — Bu xuddi  zaharli moddani ehtiyot bo`lib iste`mol qiling, deyishga o`xshaydi.

Muntazam texnik tekshuvlar chekuvchi sog`lig`ini nikotin, kanserogen, aromatizatorlar yoki boshqa narkotik moddalardan himoya qilmaydi. Tozalangan, texnik tekshirilgan elektron sigaretalar tarkibidagi ayni shu suyuqliklar sog`liqqa zarar etkazadi.

Ma`lumotlarga qaraganda, 2019-2020 yillar davrida elektron sigaretalardan foydalanish oqibatida AQShda 68 ta o`lim va 2807 ta kasalxonaga yotqizish holati qayd etilgan. Tarkibida taqiqlangan moddalar bo`lmagan nikotin suyuqliklarini iste`mol qilgan yoshlarda jiddiy o`pka jarohatlari kuzatilgan.  

Rossiyada ikki kishi (17 yashar yigit va 20 yashar qiz) muayyan qo`shimchali suyuqliklar bilan to`ldirilgan elektron sigaretalar chekishi oqibatida reanimasiya bo`limiga tushgan.  

“Tutun quyuqligi va uning miqdoriga ko`p afzallik bermaslik kerak. Juda katta miqdordagi tutun organizmda yo`tal hosil qiladi”.  

Aslida har qanday turdagi elektron sigaretalarni iste`mol qilish o`pkaga zarar etkazadi va yo`tal xurujini keltirib chiqarishi mumkin.  

Elektron sigaretalarni targ`ib qiluvchi axborotlar tamaki sanoatining nikotinga qaram bo`lgan odamlar sonini oshirishga qaratilgan marketing strategiyasining bir qismidir.  

—  Tamaki sanoati elektron sigaretalarning sog`liqqa zarari kamroqligi yoki xavfsizligi, ularning chekishni tashlashga yordam beradigan samaraga egaligi haqidagi yolg`on va chalg`ituvchi bayonotlarni odamlarni ko`proq “nikotin qarmog`i”ga ilintirish uchun tarqadi, — deydi mutaxassis. — Yana shuni eslatib o`tishni istardikki, ushbu turdagi xabarlarni tarqatish O`zbekiston qonunchiligida taqiqlangan.  

Ma`lumot uchun, “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to`g`risida”gi Qonunning 7-moddasida: “Chilim va elektron sigaretalar chekishni targ`ib qilish, ya`ni chilim va elektron sigaretalarni chekishni rag`batlantiruvchi, shaxsda ularni iste`mol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi g`oyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan harakatlar taqiqlanadi”, deyilgan.

️Demak, har qanday elektron sigaretalarni chekishni targ`ib qilish va bunday materiallarni OAVda joylashtirish qonunga ziddir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1