Farg`ona viloyatida “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkiloti a`zolari safiga qo`shilish niyatida bo`lgan fuqaro qo`lga olindi.
Viloyatning Uchko`prik tumanida yashovchi, 2003 yilda tug`ilgan “U.M.” Internet tarmog`i orqali yot g`oyalar ta`siriga tushib qolishi natijasida, Suriyadagi “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti a`zolari safiga qo`shilish maqsadida 2021 yilning aprel oyida Turkiya davlatiga boradi. Lekin, u erdan Suriya hududiga o`ta olmagach, sentyabr oyida doimiy yashash manziliga qaytib keladi.
So`ngra Qo`qon shahri va Uchko`prik tumanida istiqomat qiluvchi yaqin aloqalaridan iborat yashirin “jamoat” tuzib, ular orasida “Islom davlati” terroristik tashkiloti g`oyalarini targ`ib qila boshlaydi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs o`zining uyali telefon apparati orqali ijtimoiy tarmoqlardagi aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan audio va video materiallarni tinglab, tomosha qilib, ularning ta`sirida “jamoat” a`zolari orasida “jihod” hamda “shahid”likka chorlovchi audiosuhbatlar olib boradi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaning ekspertiza xulosasiga ko`ra, “U.M.”ning uyali telefon apparati xotirasidagi ma`lumotlar o`zining mohiyati va mazmuni, ularda ilgari surilgan g`oyalar jihatidan O`zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallar sirasiga kirib, aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan hisoblanadi.
Ta`kidlash lozimki, ushbu ma`lumotlarni O`zbekiston Respublikasiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
Hozirda “U.M.” va uning aloqalariga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmokda.






