Toshkentda fuqaroning telefonini o`g`irlagan jinoyatchilar ushlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2024 yilning 18 iyun kuni fuqarolardan biri Ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Unga ko`ra, 3 nafar shaxs Elyor ismli fuqaroning yo`lini to`sib, tan jarohati etkazib, yonidagi qiymati 1 mln so`m bo`lgan telefonni olib, voqea joyidan yashiringan.
«Men va do`stim Begzod uyimiz oldidan o`tib ketayotgandik, oldimizdan qo`lida sumka ko`targan bir yigit o`tdi. Men boshqa sherigim Davidga qo`ng`iroq qilib, oldimda sumka ko`targan bir odam borligini aytdim. Shu paytda bizga qarama qarshi yo`ldan kelayotgan David kutilmaganda yigitga tashlanib, uni quvlab ketdi. Biz ham uning ortidan yugurdik», — dedi jinoyatchilardan biri.
Ma`lumotlarga ko`ra, David yigitning oldida kattaroq summa bor deb o`ylagan. U bolani yiqitib, cho`ntak va sumkalarini kovlab telefon o`g`irlagan. Telefonni bozorda 200 ming so`mga sotishgan va pullarni o`z ehtiyojiga sarflab yuborishgan.
Mazkur holat yuzasidan, uchala jinoyatchiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 166 moddasi (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.