AsosiyJinoyat

Surxondaryoda katta prokuror 10 ming dollar bilan ushlandi

'Surxondaryoda katta prokuror 10 ming dollar bilan ushlandi'ning rasmi

DXX matbuot xizmati pora bilan ushlangan mansabdor shaxslar haqida ma`lumot berdi. 

Unga ko`ra, Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi, maxsus texnikalar bilan xizmat ko`rsatishga ixtisoslashgan MChJ rahbari 2021 yilda ko`p funksiyali burg`ulash uskunasi olib kelish maqsadida Xitoy davlati kompaniyasining O`zbekistondagi vakolatxonasi orqali shartnoma tuzadi hamda bankdan olgan 1 mln 71 ming AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag`ini ushbu kompaniyaning hisob raqamiga o`tkazib beradi.

Ammo, shartnoma talablariga zid ravishda Xitoydan ko`p funksiyali o`rniga, bir funksiyali burg`ulash uskunasi yuboriladi. 

Natijada prokuratura organlari tomonidan xorijiy kompaniyaning mamlakatimizdagi vakillariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, Jizzax viloyati IIB tomonidan tergov harakatlari olib boriladi. 

Jinoyat ishi doirasida o`tkazilgan ekspertizada mazkur uskuna ko`p funksiyali ekanligi to`g`risida xulosa beriladi.

Bundan norozi bo`lgan tadbirkorga esa Toshkent shahrida yashovchi, 1969 y.t. shaxs o`zining mansabdor tanishlari orqali uskunaning bir funksiyali ekanligi to`g`risida qayta ekspertiza tayinlatish bo`yicha tergovchining qarorini chiqartirib, ekspertiza xulosasini uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni taklif etadi va evaziga 155 ming AQSh dollari so`raydi.

Ammo, u 105 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi. 

Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur shaxs ushbu masalani Toshkent shahar prokuraturasining ma`muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta`minlash bo`limi katta prokurori hamda uning vositachisi bo`lgan, Toshkent shahridagi sug`urta markazi rahbari orqali hal qilishi kerakligi ma`lum bo`lib, ular ham prosessual tartibda ushlandi. 

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanildi.

Surxondaryo viloyati prokuraturasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo`limi katta prokurori viloyatdagi fermer xo`jaliklariga tegishli bo`lgan 280 gektar er maydoniga tomchilatib sug`orish texnologiyasini o`rnatish bo`yicha mahalliy MChJ rahbariga buyurtmachi fermer xo`jaliklar topishda va ular bilan shartnomalar tuzishda hamda MChJning xizmati uchun bankdan pul mablag`lari ajratilishida yordam berganligini ro`kach qilib, 28 ming AQSh dollari talab qiladi. 

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, katta prokuror oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo`llanildi.

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining «Xalqlar do`stligi» san`at saroyi yong`inga qarshi profilaktikasi katta inspektori Yunusobod tumanida yangi qurilgan noturar binoga o`rnatilgan yong`in xavfsizlik tizimlarini qabul qilishda va binoning foydalanishga topshirilishi bo`yicha ijobiy xulosa berilishida vakolatli hamkasbi orqali ko`maklashish evaziga 12 ming AQSh dollari talab qilib, avvalroq 3 ming AQSh dollari oladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, u 2900 AQSh dollarini o`zining hamkasbiga bergan vaqtida ushlandi.

Hozirda katta inspektorga nisbatan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, garov ehtiyot chorasi qo`llanildi.

    Boshqa yangiliklar