Jinoyat ishlari bo`yicha Toshloq tumani sudida ko`rib chiqilgan jinoyat ishi bunga yaqqol misol. Ish holatiga ko`ra, Yozyovon tumanida yashab kelgan yosh yigit R.U. 2020 yil 19 dekabr kuni soat 21:30 larda tanishi R.O. bilan o`zaro suhbat chog`ida "Turonbank" ATB ning "My Turon" mobil ilovasi orqali Humo plastik kartasidan 9 ming 950 so`m pullarni Uzsard plastik kartasi hisob-raqamiga o`tkazganida, o`tkazma amalga oshib, pullar qabul qilinganligini, biroq o`tkazilgan 9 ming 950 so`m pullar Humo plastik kartasi hisob-raqamidan kamaymaganligini aytgan.
Shuningdek, istalgan summadan 50 raqamini ayirib tashlab, kelib chiqqan summani Humo plastik kartadan Uzsard plastik kartasiga o`tkazganida ham shu kabi holat sodir bo`lganligini ma`lum qilgan. R.U. ushbu holatni tekshirish maqsadida yashash xonadonida "Turonbank" ATB Farg`ona filialidan olingan Uzsard hamda Humo plastik kartasini o`zining telefoniga "sms" xabarnoma xizmatini yoqib, foydalanuvida bo`lgan "Red Mi-7" rusumli telefon apparatiga o`rnatilgan "My Turon" mobil ilovasiga ushbu har ikkala plastik kartalarni biriktirgan.
Foydalanish jarayonida u kartadan bunisiga pul o`tkazganda kamaymaganligini u ham biladi. Ushbu pullar "My Turon" mobil ilovasidagi texnik xatolik sababli "Turonbank" ATBning hisob-raqamidan echib olinayotganligini anglab, ushbu holatlarni bank mas`ul xodimlari sezmayotganliklariga ishonch hosil qilgan. Shundan so`ng R.U. va R.O. "Turonbank" ATBning hisob-raqamidagi pul mablag`larini o`marishni reja qilishgan. Ilovada mavjud bo`lgan xatoliklar haqida bank mas`ullarini ogohlantirmasdan “My Turon” mobil ilovasida texnik xatolik keltirib chiqarayotgan summalarni o`ylab topish va ushbu xatolikni keltirib chiqaradigan summalarda juda ko`p marotaba bank amaliyotlarini amalga oshirishlari natijasida "Turonbank" ATB hisob-raqamidan pullarni o`zlarida mavjud bo`lgan Uzsard plastik kartalari hisob-raqamiga ko`chirish orqali yashirin ravishda talon-toroj qilishgan.
Dastlab R.U. va R.O. yuqoridagi usuldan foydalanib, 121 million 171 ming 750 so`mni, oradan bir necha kun o`tgach R.U. o`rtog`i J.A. bilan 220 million so`mni, so`ng R.U. o`rtog`i I.Q. bilan 29 million so`mni, so`ng R.O. tanishi S.S. bilan 10 million 518 ming 850 so`mni, so`ng I.Q. o`rtog`i M.Q. bilan 310 million so`mni hamda R.O. bilan 8 million so`m pul mablag`larini o`zlashtirishgan. Umumiy hisobda ushbu etti nafar shaxslar qisqa vaqt davomida 698 million 689 ming so`m bankning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, o`g`irlik qilgan. Tezkorlik bilan olib borilgan harakatlar natijasida bankning pullarini to`liq qaytarilishiga erishilgan, sudlanuvchilar holat aniqlanishi bilan barcha pullarni o`z ixtiyorlari bilan topshirgan.
– Sudning hukmi bilan sudlanuvchilarning 5 nafari O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3 va 4-qismlari bilan 3 yil 6 oydan 5 yil 6 oygacha muddatga ozodlikdan mahrum qilindi, – deydi Farg`ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudyasi Abrorxon Akramov. –Ikki nafar shaxslarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazolar tayinlandi.
Achinarlisi sudlanuvchilarning 6 nafari yosh yigitlar ekanligi va ular jinoyatni juda kaltabinlik bilan sodir etganliklarida. Bankning tegishli hisob-raqamlaridan pul mablag`lari yashirin ravishda olinganida birov bilmaydi deb ishonib qolishganida. Agar o`z vaqtida ularni harakatlari to`xtatib qolinmaganida qancha mablag` o`g`irlanishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Har qanday holatda ham sud tomonidan qonun ustuvorligi ta`minlanib, aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo tayinlandi.






