Xabaringiz bor, tog` chang`isi bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zosi Komiljon To`xtaev shu yil 4-20 fevral kunlari Xitoyning Pekin shahrida bo`lib o`tadigan XXIV qishki Olimpiya o`yinlarida ishtirok etadi. Sportchimiz to`rt yillikning nufuzli musobaqasida tog` chang`i sportining slalom va gigant slalom yo`nalishlarida g`oliblik uchun kurash olib boradi.
Ta`kidlash kerak, To`xtaevning Olimpiya o`yinlariga yo`llanmani qo`lga kiritishida Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo`mitasi va O`zbekiston chang`i federasiyasi tomonidan sportchining xalqaro musobaqalardagi ishtirokini saralash davridan strategik jihatdan to`g`ri rejalashtirilganligi muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, sportchimizning Evropada o`quv-mashg`ulot yig`inlarini tashkil etishi va xalqaro musobaqalardagi ishtiroki Turizm va sport vazirligi tomonidan moliyalashtirildi.
Hamyurtimiz qishki Olimpiya o`yinlariga munosib tayyorgarlik ko`rish maqsadida shu yilning 6-yanvarida Italiyaga jo`nab ketgan edi. Shu kunlarda Komiljon To`xtaev Italiyaning Bruniko shaharchasi yaqinidagi Manguelfo qishlog`ida italiyalik trener Mattia Ganessi rahbarligida mashg`ulotlar olib bormoqda. Ushbu mutaxassis qishki Olimpiya o`yinlariga O`zbekiston nomidan ro`yxatdan o`tkazilgan.
Rejaga ko`ra, K.To`xtaev kuniga ikki mahaldan mashg`ulotlar olib bormoqda va Italiyadagi yig`in yanvar oyining oxiriga qadar davom etadi. Shundan so`ng sportchimiz qishki Olimpiya o`yinlarida ishtirok etish uchun Pekinga yo`l oladi.
Qishki Olimpiya o`yinlarining ochilish marosimi 4 fevralga belgilangan.






