Daraxt kesishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan bir vaqtda bir muddat avval 10 ta daraxt kesib ketilgan joyda kechasi yana 4 ta qimmatbaho daraxtlarni qasddan kesib ketilgan.
Davlat ekologiya qo`mitasi bu haqda ma`lumot berib, daraxtlarning noqonuniy kesilishini boshqacha baholay olmasligini va bunday harakatlarga nisbatan qat`iy kurashishini ta`kidladi.
"Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko`chalari chorrahasi yonidagi bir necha sotixlik joyda 18 dona eldor qarag`ayi yashnab turgandi. Shu erni auksion orqali qo`lga kiritgan fuqaro esa bu daraxtlarni boshqa joyga ko`chirishga ruxsat berishni so`rab murojaat qilgan. Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bunga rad javobini bergandan keyin turfa o`yinlar boshlandi",-deya ma`lum qilinadi.
Ta`kidlanishicha, dastlab noma`lum kimsalar tomonidan tunda 10 ta daraxt yarmigacha arralab ketilgan. Ekologlar esa ushbu daraxtlarni quritmasdan saqlab qolish maqsadida Botanika instituti mutaxassislarini jalb qilgan holda agrotexnik tadbirlarni olib borib, ularni asrab qolish choralarini ko`rishgandi.
Lekin tabiatga vahshiylik qilishni kasb qilgan kimsalar oradan ma`lum vaqt o`tgandan keyin qora niqobda yana kechasi shu atrofda paydo bo`lishadi. 4 ta daraxtni kesib, voqea joyidan qochib qolishadi. Bu erning egasi J.G. esa ekologlar ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat yo`llagan.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda mazkur holat bo`yicha tuzilgan maxsus ishchi guruhi qayd etilgan manzilda batafsil o`rganish ishlarini o`tkazib, sodir bo`lgan holatga qonuniy baho berish uchun to`plangan hujjatlar Yunusobod tuman prokuraturasiga topshirilgan.
"Tunda daraxtlarga atayin shikast etkazayotganlarni topish maqsadida ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda rejali tadbirlar amalga oshirilmoqda. O`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarning kesilishiga joriy etilgan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan vaqtda yuz bergan bu holatni hech narsa bilan oqlab bo`lmaydi. Modomiki, qo`mita rahbariyati huquqbuzarlarga nisbatan tez kunda qat`iy choralar ko`rilishini izchil nazorat qiladi va bu haqda jamoatchilikka axborot berib boradi",-deya munosabat bildiriladi xabarda.






