Kuni kecha "Taraqqiyot strategiyasi" markazi binosida O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashkil etilganligining 30 yilligiga bag`ishlangan tadbirlar doirasida “Huquqiy axborot tarqatish zamonaviy bosqichda” nomli davra suhbati bo`lib o`tdi.
Ushbu tadbir “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirdan xabar qilinishicha, unda Adliya, prokuratura organlari, sud, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi (AOKA)vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Adliya vazirligi tashkil etilganligining shonli 30 yilligida amalga oshirilgan ishlar, huquqiy axborotni tarqatishning kechagi va bugungi kundagi holati, huquqiy axborotni keng jamoatchilikka sodda va qiziqarli etkazilishida sud-huquq idoralari va jurnalistlarning hamkorligi zarurati muhokama qilingan.
“Bugun huquqiy axborotni tarqatishda zerikarli ma`ruzaxonliklar yo`q. Manzilli targ`ibot bor. Targ`ibot materiallari ham aholi ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlanmoqda. Masalan, markazimiz tomonidan chop etilgan ayollar huquqlariga oid qo`llanmani olaylik. Bu qo`llanmada ayollar bilishi zarur bo`lgan barcha huquqlari jamlangan. Shu bilan birga huquqiy axborotni tarqatishda katta ma`ruza matnlaridan voz kechilgan. Zamonaviy usullar qo`llanilmoqda. Infografikalar, solishtirma jadvallar, qisqa tezislar, kichik matnlardan iborat huquqiy axborotlar tayyorlanmoqda. Huquqiy targ`ibotda fuqarolar osonroq tushunishlari uchun interaktiv usullardan — viktorinalar, test va boshqa usullardan keng foydalanilmoqda. Va bu boradagi ishlar yanada takomillashtiriladi” — ta`kidlaydi F.Tojiev.
Shuningdek, tadbirda “Adolat” MHAM direktori o`rinbosari ham so`zga chiqib, markaz faoliyati haqida to`xtalib o`tgan.
"2017-2021 yillar barcha sohalar qatori huquqiy axborot tarqatish tizimini isloh qilishda ham tub o`zgarishlar davri bo`ldi. Adliya vazirligi qoshida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targ`ibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini rasmiy e`lon qilish sohasida respublikaning etakchi davlat muassasasi sifatida “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi yangidan tashkil etildi. Bugungi kunda huquqiy axborotni tarqatishda innovasion yondashuvlar qo`llanilmoqda.
Jumladan, Markaz tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar e`lon qilinadigan rasmiy manba — LEX.UZ sayti yuritilmoqda, hozirgi kunda ushbu bazada 100 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar joylashtirilgan bo`lib, bir oyda 1,5 mln odam saytda muntazam foydalanib kelmoqda.
Shuningdek, Markaz tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan, xususan internet va ijtimoiy tarmoqlar – telegram, facebook, instagram, YouTube orqali huquqiy axborotni keng tarqatishga alohida ahamiyat berilmoqda. Shu bilan birga aholini huquqiy axborot bilan ta`minlashda 290 mingdan ortiq foydalanuvchi kuzatib boruvchi “Huquqiy axborot” telegram kanali (@huquqiyaxborot)ning o`rni katta.
Barcha aholi qatlamlarini bepul huquqiy axborot va maslahat bilan ta`minlashni nazarda tutuvchi 10 ga yaqin huquqiy saytlar (advice.uz, Milliy huquqiy internet portali, bolahuquqlari.uz, test.adliya.uz, yurxizmat.uz, kurslar.huquqiyportal.uz, hudud24.uz) ishga tushirilgan.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarga turli huquqiy hujjatlarni avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda tayyorlash va erkin foydalanish imkonini beruvchi maxsus axborot tizimi yaratilgan. Ushbu Legal Tech konstruktor-platformasi orqali 500 dan ortiq shartnomalardan bepul foydalanish mumkin",-deydi Sherzod Bahromov.
Davra suhbati davomida huquqiy axborot tarqatishda prokuraturaning o`rni mavzusida ham ma`ruza tinglangan. Unda huquqiy axborot tarqatish hozirgi kunning asosiy mavzusi ekanligini, prokuratura organlari ushbu yo`nalish bo`yicha alohida shug`ullanishini va ularning faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidlab o`tilgan.
O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi dosenti:
"Noto`g`ri yoki o`z kuchini yo`qotgan huquqiy axborotdan foydalanish salbiy huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu borada huquqiy axborotlardan real vaqt rejimida o`z vaqtida tanishish imkoniyatini beruvchi O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma`lumotlari milliy bazasi (lex.uz) prokuratura organlari xodimlarining kundalik tashrif buyuruvchi asosiy manba hisoblanadi. Bosh prokuratura Akademiyasi ham malaka oshirish, kasbiy qayta tayyorlash, magistratura kurslarida qonunchilikdagi yangiliklar to`g`risida va tegishli sohaga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirishda nimalarga e`tibor qaratish haqida tinglovchilarda zarur ko`nikmalarni shakllantirib kelmoqda. Mavjud istalgan sohani (masalan, qurilish, ta`lim, sog`liqni saqlash va hokozo) huquqiy tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini prokuratura xodimlari ish jarayonida doimiy o`rganishi talab etiladi. Zero, Konstitusiyamizga muvofiq O`zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O`zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo`ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi",-deydi Nasimbek Azizov.






