Hozir qish chillasi bo`lishiga qaramay, yog`ingarchilik miqdori nisbatan kam. Qolaversa, havo harorati ba`zi kunlarda odatdagidan iliq. Bu esa turli mavsumiy kasalliklar, xususan, o`tkir respirator virusli infeksiyalar (O`RVI) avj olishi uchun qulay muhit.
Shu sababli bu yil shamollash belgilari bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qiluvchilar soni sezilarli darajada ko`paygan. Ayniqsa, bolalar o`rtasida. Xo`sh, bunday vaziyatda ota-onalar qanday yo`l tutishlari kerak?
Tibbiyot fanlari doktori Kamola SALIXOVA bu boradagi tavsiyalari bilan o`rtoqlashdi.
— Tana harorati ko`tarilishi, aksirish, burun bitishi va oqishi O`RVIning ilk belgilaridir, — deydi shifokor. — Bu holat odatda ikki kun davom etadi. Uchinchi kundan ovoz bo`g`ilishi, yo`tal, mushaklar va bo`g`imlarda og`riqlar paydo bo`lishi mumkin.
Ushbu kasallik paytida ishtaha pasayadi, harorat oshganda esa qayt qilish kuzatilishi ehtimoli bor. Uyda shunday bemor bolalar bo`lsa, ularni alohida xonaga yotqizish kerak. Xonani tez-tez shamollatib turish lozim.
Bolaga oz-ozdan, tez-tez suyuqlik ichirish tavsiya etiladi. Oddiy qaynagan suv yoki uyda tayyorlangan meva sharbatlari tomoqdagi yo`tal va og`riqni yumshatib, tanadan viruslarning tezroq chiqib ketishini ta`minlaydi. Burun va tomoqni tuzli suv bilan chayish ham juda zarur muolaja usulidir.
Lekin ba`zi ota-onalar farzandlarida O`RVIning ilk belgilari, masalan, burun oqishi, engil yo`tal, harorat ko`tarilishi kuzatilsa, zudlik bilan “Tez yordam”ga murojaat qilishadi.
Vaholanki, o`g`il-qizlarda yuqori nafas yo`llarining yallig`lanishi kuzatilsa, uy sharoitida ham davolansa bo`ladi. Biroq bu holatga “o`tib ketar” qabilida befarq munosabatda bo`lmaslik ham kerak.
Bola tana harorati 38,5 darajan oshsa, ovqat emay qo`ysa, kuchli hansirash kuzatilsa, nafas qisishi alomatlari paydo bo`lsa, tinmay yoki ko`p uxlasa, darhol “Tez yordam”ga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Bemor bolaning qisqa muddatda sog`ayishi uchun ularni sog`lom ovqatlantirish kerak. Masalan, olti oygacha bo`lgan chaqaloqlar parvarishida ona suti juda muhim. Shu sababli bunday bolalarni istisnosiz tez-tez va ko`proq emizish zarur. Olti oydan oshgan go`daklarni ko`krak suti bilan birga, odatdagidek, qo`shimcha ovqatlar ham bersa bo`ladi.
Kichkintoylarga yoshiga mos, avval ham eb o`rgangan hamda o`zi sevib iste`mol qiladigan, yumshoq pishirilgan, ishtaha ochuvchi taomlar berilishi maqsadga muvofiq.
Bolani kasal paytida tez-tez, kam-kam taomlantirish kerak. Sog`aygach esa unga odatdagidan ham ko`proq ovqat berishni taklif etamiz. Bu farzandlarimizning quvvatini tiklashi uchun muhim.