O`zbekiston Respublikasi hududida terroristik jinoyatlarni sodir etganligi uchun 23 yildan buyon qidiruvda bo`lgan “U.S.” xorijda ushlanib, mamlakatimizga olib kelindi.
Xususan, 1967 yil Toshkent viloyatida tug`ilgan “U.S.” 1998 yilda Chechenistonda jangovar tayyorgarlikdan o`tib, 1999 yilning 16 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo`poruvchilik harakatlarida ishtirok etadi va o`sha yilning mart oyida aylanma yo`llar orqali xorijga chiqib ketadi.
Shuningdek, “U.S.” iordaniyalik Amir Xattob tomonidan Chechenistonda tashkil etilgan jangarilarni tayyorlash lagerlariga “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkilotining O`zbekistondan bo`lgan a`zolarini jo`natish bilan ham shug`ullangan.
Ta`kidlash lozimki, “U.S.” 2001 yilning noyabr oyida boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida MDHga a`zo davlatlardan birining fuqaroligini olib, o`sha mamlakat hududida yashirinib yurgan.
O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida “U.S.” hibsga olindi.
Hozirda unga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.