Turmush, ro`zg`or, farzandlar tarbiyasi... Bu tashvishlar odamni ne ko`ylarga solmaydi, deysiz?! Ancha yil birga yashab, bir-birimizga ishonchimiz mustahkam bo`lsa ham, erim bilan oramizga sovuqchilik tushdi. Bu vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmayapman. Mahalla-ko`y, hatto yaqinlaringning ishonchini yo`qotish odamni juda ezib qo`yarkan. Boshimdan o`tganlarini sizlarga yozishimdan maqsad, ba`zi erkaklar o`ziga xulosa chiqarishini istardim...
Yosh turmushga chiqdim. Ota-onamning roziligi bilan serfarzand oilaga kelin bo`ldim. Aka-ukalari orasida erim “ishyoqmas, erinchoq” degan nomga ega ekanligini tez orada bilib oldim. Bu menga yoqmasa-da, haqiqat edi. Ba`zida erimning yaqinlaridan xafa bo`lib ketardim. Nega o`z jigarini buncha yomon ko`radi, deb. Boshida uning bu kamchiligi menga arzimasdek tuyulgan bo`lsa-da, keyinchalik o`zim ham uning tepsa-tebranmasligiga chidolmay qoldim. Bolalar kichikligida bu mayda-chuyda narsadek ko`rinarkan ko`zimizga. Erning toparmon-tutarmoni, uddaburoni yaxshi ekan. Ro`zg`orning kamchiliklarini to`ldirib qo`yish erkak kishining vazifasi-ku. Mening erim esa buning aksi, uni na bolalarining tashvishi, na ro`zg`ordagi etishmovchiliklar qiziqtirardi. Boshida qaynota-qaynonam bilan yashaganimiz uchun unchalik muhtojlik sezmaganmiz. Alohida ko`chib chiqqanimizdan keyin qiyinchiliklar boshlandi. Onam ahvolimizni ko`rib turgani uchun akalarimni tergab, bir necha marta bozorlik qilib berishdi. Men esa hadeb uydagilardan yordam olishdan uyalardim. Hammaning ham o`z tashvishi o`ziga etarli. Ayniqsa kichik akamning shartta gapiradigan odati bor:
- Eringga ayt, uyda yotavermasdan, hech bo`lmasa, bozorda arava sudrab bo`lsa ham pul topsin. Hadeb senikiga narsa tashiyverish jonga tegdi, - dedi.
Bularni ko`rib, bilib turgan erim hech xijolat ham bo`lmasdi. Bolalarim ham eyman-ichaman, deb turgan payti. Erimdan hech naf chiqmagach, qo`l qovushtirib turolmadim. O`zimni o`qqa-cho`qqa urib bo`lsa ham, pul topish yo`lini o`ylardim. Bozorga chiqib, savdo qila boshladim.
— Hadeb o`zing yuguravermay, eringni ham terga, hech bo`lmasa, senga yordam bersin, bozorga birga chiqinglar, – dedi onam.
Ularning menga achinib aytgan gapidan keyin uni ham bozorga chiqishga ko`ndirdim. Lekin savdoga umuman qo`li kelishmay, bozorda ham bekor o`tiradigan bo`ldi. Bunday paytda uyda bolalar yolg`iz qolayotganini o`ylab, battar siqilardim.
— Bozorchilik menga emas ekan, endi chiqmayman, boshqa ish surishtiraman, — dedi u.
— Mayli, uyga yaqin joyda yangi qurilish boshlanyapti ekan. Surishtirib ko`ring, ish bo`lsa, bolalardan ham ko`z-quloq bo`lib turardingiz...
Erim shundan keyin bozorga chiqmay qo`ydi. Bu orada bir-ikki joydan qurilish ishi chiqib, o`sha joylarda ishladi. Xursand bo`ldim. Lekin sheriklari negadir keyingi ishlarga erimni chaqirmay qo`yishardi. Bozorga chiqishni kamaytiraman, deb turganimda uning yana ishsiz o`tirganini ko`rib, fikrimdan qaytdim. O`zida harakat bo`lmaganidan keyin men nima qila olardim. Topgan pulimdan orttirib, ikkita buzoq oldik. Xo`jayinim bolalar bilan birgalashib, molga qaray boshlashdi. Ularni sotib, yana kichiklariga almashtirdik. Shunisiga ham shukr qilardim.
Uch-to`rt yil shunday ishlaganimizdan so`ng, sog`ligim yomonlashib qoldi, yozni-yoz, qishni-qish demay, bozorga chiqardim, axir. Jazirama issiq, qahraton sovuqda kun bo`yi bozorda turish o`z ta`sirini o`tkazmay qo`ymadi. Buyragim shamollab, to`shakda yotib qoldim. Baxtimga qizlarim ulg`ayib, qo`lidan ish kelib qolgani uchun, meni o`zlari parvarishlashdi. Lekin kasalim zo`rayib, ikki oy shifoxonada davolanib chiqdim. Jamg`arib qo`ygan ozroq pulim ham o`zimga ketdi. Uchta qizdan keyin tug`ilgan o`g`lim hali kichkina, qo`lidan ish kelmaydi. Otasi esa hamon bir ishning boshini tutay demaydi. Shularni o`ylab, yana qay yo`l bilan pul topsam bo`ladi, deb boshim qotdi.
Ahvolimdan xabardor bo`lgan yon qo`shnim aka-ukalari va kelinlari qo`shni davlatda ishlab, yaxshigina pul topayotganini aytib qoldi.
— Surishtirib ko`ring, menbop ish topilsa, men ham ishlab kelardim. Begona joyda tanishlar bo`lgani yaxshi, — dedim unga.
Biror hafta o`tmay, qo`shnim ish topilganini aytdi.
— Ularga bitta ayol kishi kerak ekan. Agar uch kun ichida etib borolsangiz, o`sha ishga sizni tayinlasharkan. Bo`lmasa, bir qarindoshimizga ham aytishmoqchi, dedi qo`shnim. O`ylab-o`ylab, qo`shni davlatda biror yil ishlab kelishga qaror qildim.
- Bolalarim o`zini eplaydigan bo`lib qoldi, otasi ko`z-quloq bo`lib turadi, - dedim norozi bo`lgan akamga.
Xullas, xorijga ketdim. U erda qo`shnimning aka-ukalari ishlayotgan supermarketga farrosh bo`lib ishga kirdim. Bozorda savdo qilib, qo`lim ancha kelishib qolgani uchunmi, kun bo`yi ularga yordam berardim. Sotuvchilarga yordam berayotganimni ko`rgan xo`jayin meni ham farroshlikdan olib, bir bo`limga sotuvchilikka qo`ydi. Shunga yarasha, maoshim ham oshdi.
Xudoga shukr, bolalarimning rizqi, ko`proq ishlasam, tezroq pul jamg`arib, uyga qaytardim, deb quvondim. Bekorga suyungan ekanman. Sheriklarimning menga muomalasi butunlay o`zgardi. Meni yomon ko`rib qolishdi. Avvaliga boshqa kvartiraga chiqib yashashimni talab qilishdi. Men “o`zlariga kelib qolar”, deb ularga parvo qilmadim. Kelganimga ikki oy bo`lmay, uyga anchagina pul jo`natdim. Bu esa sheriklarimga yoqmadi. Hasad, ko`rolmaslik odamning ko`zini shu darajada ko`r qilib qo`yarkan. Sheriklarim qishloqqa men haqimda yomon gaplar tarqatishibdi. Go`yoki, men supermarketning xo`jayini bilan don olishib yurganmishman. O`z yurtdoshlarim, men kabi musofirchilikda qiynalib pul topayotganlar ko`ra-bila turib tuhmat qilishlari etti uxlab tushimga ham kirmagandi...
Singlim qo`ng`iroq qilib, yig`lab gapirdi:
— Opa, nimalar qilib yuribsiz? Eringiz, bolalaringiz ko`zingizga ko`rinmadimi? Uyga qayta qoling, qancha ko`p pul jo`natganingiz sari siz haqingizda shuncha yomon gaplar tarqalyapti. Odamlarni bilasiz-ku, og`zi bilan yuradi... Akam juda g`azabda...
Bu gaplarni eshitib, dunyo ko`zimga qorong`i ko`rinib ketdi. Nahotki, oilamni deb qiynalganlarim evaziga yomonotliq bo`lsam?! Nega sheriklarim bnchalikka borishdi? Shundan keyin hech nima ko`zimga ko`rinmay, qo`lim ishga bormay qoldi. Oxirgi ish haqimni olib, uyga qaytishga qaror qildim. Yurtga kirib borarkanman, xo`rligim kelib, yig`lardim. “Ayol boshim bilan nega begona yurtga bordim o`zi?” degan savol miyamdan ketmasdi. Saharda uyga kirib borib, bolalarimni bag`rimga bosdim. Kutganimdek, erim meni sovuq qarshi oldi.
— Men sizning oldingizda ham, Xudoning oldida ham pokman... Ishim yurishib ketganini ko`rib, alamdan tuhmat qilishdi.
— Bu gaplar bekordan-bekorga chiqmaydi. Ishing ham o`z-o`zidan yurishib ketmagandir. Endi birga yashamaymiz...
Erimning bu gapi jon-jonimdan o`tib ketdi.
“Siz ro`zg`orni ta`minlab qo`yganingizda, men uyda o`tirardim...” dedim xayolimda.
O`zimni qanday oqlashni bilmay, boshim qotdi. Yurak-bag`rimni o`rtagan alamlarni zo`rg`a ichimga yutib, tilimni tiydim. Erimga meni nima chetga chiqib ishlashga majbur qilganini aytib, yuragimni bo`shatmoqchi edim. Lekin o`zimni tiydim. Baribir tushunmaydi. Keyin bolalarimni o`ylab, o`zimni qo`lga oldim. Axir o`zimga to`g`riman, oilamga, turmush o`rtog`imga xiyonat qilganim yo`q. Nega aybsiz bo`la turib, oilam buzilib ketishi kerak? Erimga ham, yaqinlarimga ham hech qanday yomon ish qilmaganimni, bo`lgan barcha vaziyatni tushuntirdim. Menga ishonishgani bilan baribir, ba`zi odamlarning nigohidagi istehzoni ko`rib, chidolmay ketaman.
O`ylab-o`ylab, shunday xulosaga keldim: avvalo oilada erkakning ham, ayolning ham o`z vazifasi bor. Bugungi kunda ba`zi ayollarimiz menga o`xshab o`z gardaniga ko`proq vazifalarni olayotgani bor gap. Lekin bu xato ekan. Mening boshimdan o`tganlari bunga yaqqol misol. Erim pul topmaydi, deb o`zim bozorga chiqib ketishim kerak emas edi. Aksincha, uni harakat qilishga, ishlashga undaganimda hozirgi vaziyatga tushmasdim. U pul topayotganimni, ro`zg`orni eplayotganimni ko`rib, battar xotirjamlikka berildi. Barcha yukni menga tashlab qo`ydi.
Hozir ayni qizlarimga sovchi keladigan payt. Oilamiz haqida bunday gaplar chiqqani yomon bo`ldi. O`zimga to`g`riligimni bilaman, haqiqatni yuzaga chiqarish uchun kurashishim kerak endi. Hammasi izga tushib ketishiga ishonaman.
Afsuski, erimga o`xshagan erkaklar kam emas. Ular ko`zlarini kattaroq ochishsin. Oila, farzandlar oldida asosiy mas`uliyat o`z bo`ynida ekanligini kech bo`lmasdan anglashsin, degim keladi.
Mohitobon oqqa ko`chirdi