Avvalroq Samarqandda "Bir million dasturchi" g`olibi eski noutbuk olgani, so`ngra uning noutbugi yangisiga almashtirib berilgani haqida yozgandik.
Zamon.uz' nashrining xabar berishicha, IT tanlovi g`olibiga eski noutbuk berilishi ortidan yana bir mutasaddi ishdan ketdi.
Ta`kidlanishicha, yana 2 kishi vazifasidan ozod etilishi mumkin.
Avval tuman hokimi o`rinbosariga hayfsan berilib, tuman XTB mutaxassisi ishdan olingandi.
Qayd etilishicha, viloyat Xalq ta`limi boshqarmasi bo`lim boshlig`i Xurshid G`oziev ham ishdan ketgan. Viloyat XTB mudirasi Zebuniso Shodieva tomonidan bugun, 18 yanvar kuni imzolangan buyruqqa ko`ra, boshqarmaning pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish sho`basi mudiri Xurshid G`oziev o`z arizasiga ko`ra ishdan bo`shatilgan.
Shuningdek, Sardor Sattorovga eski noutbuk berilishi ortidan Nurobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari Navro`zbek Jaloliddinovga hayfsan intizomiy jazosi qo`llanilgan.
Bundan tashqari, Nurobod tumani XTB ta`lim jarayoniga AKTni joriy etish sho`basi bosh mutaxassisi Asliddin Dangalov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
"Mazkur voqea sababli Nurobod tumani hokimining o`rinbosari va XTB mudiri ham lavozimidan ozod qilinishi kutilmoqda",-deyiladi xabarda.






