1

Buxoroda fuqaro Ichki ishlar binosida vafot etdi

Jamiyat 19.01.2022, 10:27
Buxoroda fuqaro Ichki ishlar binosida vafot etdi

2022 yil 17 yanvar kuni G`ijduvon tuman ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro F.Q. ariza bilan murojaat qilib, unda hududda giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug`ullanib kelayotgan “Asliddin” ismli shaxsga chora ko`rishni so`ragan.

Ariza asosida ichki ishlar tezkor xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda ariza muallifi F.Q.ga 3 dona gugurt qutilariga joylashtirilgan 12,61 gramm “marixuanna” giyohvandlik moddasini 1 mln. 350 ming so`mga sotgan A.R. ushlangan. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi. 

Xabarda aytilishicha, ashyoviy dalillar bilan ushlangan A.R. bilan o`tkazilgan surishtiruv jarayonida u “marixuanna” giyohvandlik moddasini tumandagi “G`ishti” qishlog`ida yashovchi I.T.dan sotib olganligi haqida iqrorlik ko`rsatuvlarini bildirgan.

Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida fuqaro I.T. tumandagi 4 -sonli IIBga taklif etilgan.

Ichki ishlar bo`limiga etib kelgan I.T.ning sog`ligi yomonlashgan hamda ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirilgan. Biroq, etib kelgan shifokorlar fuqaro I.T.ning vafot etganini qayd etgan.

Viloyat prokuraturasining tergov - tezkor guruhi tomonidan 4 - sonli IIB ma`muriy binosi, xizmat xonalari va bino yon atrofi ko`zdan kechirilib, holatga aloqador izlar yoki shubhali holatlar aniqlanmadi.

Bundan tashqari, binoga o`rnatilgan kuzatuv kameralari ko`zdan kechirildi hamda ularning xotira moslamalari olib qo`yildi.

Shuningdek, I.T.ning o`g`li Sh.T. hodisa joyiga chaqirilib, uning ishtirokida murda ko`zdan kechirildi. Murdani ko`zdan kechirish jarayonida uning murda tanasida tan jarohatlari yoki uning izlari aniqlanmagan.

Tibbiy ekspertiza birlamchi xulosasiga asosan fuqaro I.T.ning o`limiga yurak qon tomirlar trombozi, o`pka yallig`lanishi oqibatida kelib chiqqan o`tkir yurak qon tomir etishmovchiligi sabab bo`lgan.

Bundan tashqari, tuman tibbiyot birlashmasining ma`lumotiga ko`ra, I.T. muqaddam yurak xuruji bo`yicha davolanib kelganligi hamda jarrohlik amaliyoti orqali bitta buyragi olib tashlanganligi aniqlangan.

Hozirda, fuqaro A.R.dan giyohvandlik moddasi olinganligi holati yuzasidan G`ijduvon tuman IIB TB tomonidan unga nisbatan JKning 273 - moddasi 5 - qismi jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, I.T.ning vafot etganligi holati yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilmoqda.

Tekshiruv davomida, G`ijduvon tuman IIB xodimlarining harakatlariga qonuniy baho berilishini ta`minlash maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1