Prezident Shavkat Mirziyoev 21 yanvar kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlarini ko`zdan kechirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ulardan biri Yunusobod tumani, Shahrisabz va Amir Temur shoh ko`chalari kesishmasi yonida qurilayotgan Tashkent Central Park majmuasidir. Ushbu investisiya loyihasi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 dekabrdagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Majmua uchta 15 qavatli binodan tashkil topadi. Ularda besh yulduzli mehmonxona, biznes ofislar, konferensiya zali, savdo shoxobchalari, restoranlar bo`ladi. Atrofda landshaft dizaynli bog`, er ostida ikki qavatli avtoturargoh barpo etiladi.

Bugungi kunda binolarning asosi tiklangan. Majmua 2023 yilda qurib bitkazilishi mo`ljallangan.
Davlatimiz rahbari qurilish ishlarini jadallashtirish, kelgusida xizmat turlarini ko`paytirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Prezident Olmazor ko`chasida barpo etilayotgan Tashkent city mall majmuasini ham borib ko`rdi. Bu erda 29 qavatli mehmonxona, 30 qavatli biznes markazi, 4 qavatli savdo-ko`ngilochar shoxobchalar binosi bo`ladi. Ularning qurilishi jadal davom etmoqda va 2023 yilgacha ishga tushirilishi kutilmoqda.
Shu erda qurilish tashabbuskorlari va investorlar bilan qisqa muloqot bo`ldi. Majmua mintaqamizdagi eng yirik savdo markazlaridan biri bo`lishi, unda va turdosh sohalarda 10 mingta yangi ish o`rni yaratish mumkinligi, yaratilgan imkoniyatlar kichik va o`rta biznes rivojiga kuchli sur`at bag`ishlashi ta`kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahar hokimligida barpo etilgan vaziyatlarni boshqarish markazini borib ko`rdi.
Ushbu markaz aholiga zamonaviy xizmat ko`rsatish maqsadida tashkil etilgan. 110 milliard so`m mahalliy byudjet mablag`i hisobidan 4 qavatli bino qurilgan. 60 ta server, katta hajmli kuzatuv ekrani, kompyuterlar bilan jihozlangan.
Markaz elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va issiqlik ta`minoti, yo`l, transport, jamoat xavfsizligi kabi 60 dan ortiq soha idoralarining billing tizimi va portallari bilan integrasiya qilingan. Bu orqali mazkur sohalardagi ma`lumotlar, barcha mahalla va ko`chalaridagi holat geolokasiya orqali yaqqol ko`rinib turadi. Tumanlarga biriktirilgan mutaxassislar buni onlayn rejimda kuzatib boradi va zarur paytda tezkor xizmat ko`rsatadi.
Bundan tashqari, situasion markaz shahar infratuzilmasini tahlil qilish va rejalashtirish kabi strategik masalalar bilan ham shug`ullanadi. Masalan, qaerda shifoxona, maktab yo bolalar bog`chasi qurish, qaysi yo`l yoki muhandislik tarmog`ini ta`mirlash zarurligi to`g`risida xulosa beradi. Markazda 100 nafarga yaqin malakali mutaxassislar ishlamoqda.

Prezident ushbu markaz tajribasini boshqa hududlarda ham joriy qilishga ko`rsatma berdi.
Shu erda Toshkent shahrida mahallabay ishlashni tashkil etish bo`yicha yig`ilish o`tkazildi.
Mamlakatimizda barcha sohalardagi chora-tadbirlar har bir mahallaning o`zida tashkil etilmoqda. Toshkent shahrida ham Mahallabay ishlash agentligi boshqarmasi, 579 ta mahallada hokim yordamchilari va yoshlar etakchilari faoliyat boshladi.
– Bu ikki tizim vakillari, ya`ni hokim yordamchilari va yoshlar etakchilari mahalladagi islohotchi bo`ladi. Aholi hayotini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni kasbga o`rgatib, ishga joylashtirish masalalarida sizlardan umidimiz katta, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Mutasaddilarga qaerda qanday sohani rivojlantirish, ishsiz aholini qaysi kasblarga o`qitish bo`yicha har bir mahallaning iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish topshirildi.
Joriy yilda Toshkent shahri mahallalarida infratuzilmani yaxshilashga byudjetdan 500 milliard so`m ajratilishi ma`lum qilindi. Shuningdek, davlat tomonidan mahallalarda biznesni rivojlantirishga 476 milliard so`m kredit va subsidiyalar beriladi. Ushbu mablag`lar hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan, mahalladagi eng dolzarb bo`lgan ijtimoiy va kommunal masalalarga hamda tadbirkorlik loyihalariga yo`naltirilishi aytildi.
Toshkent shahar hokimligiga shu paytgacha birorta investisiya loyihasi bo`lmagan 271 ta mahalla uchun loyihalar shakllantirib, ularga investisiyalarni jalb etish bo`yicha topshiriq berildi. Yangi sanoat loyihalarini ishga tushirib, shahar eksportini 2 barobarga oshirish mumkinligi qayd etildi.
Mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar etakchilari bilan suhbatda davlatimiz rahbari ularning eng asosiy vazifasi ish samaradorligini oshirish, mahallalarda har bir oila holidan xabardor bo`lib, “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilganlarga qo`ldan kelgancha yordam berish, inson qadrini ulug`lash ekanini ta`kidladi.
Yoshlar etakchilari har kun izlanishlari va o`z ustida ishlashlari, tuman hokimiga yangi takliflar berib borishlari kerakligi ko`rsatib o`tildi.
Mahallalarda qurilishi rejalashtirilgan ijtimoiy inshootlar loyihasi ham ko`rib chiqildi.
“Hududgazta`minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, Tabiiy gaz iste`molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi natijalari haqida taqdimot ham o`tkazildi.






