Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o`tkazilgan brifingda geografiya fani soatlari qisqarishi yuzasidan savollarga Respublika Ta`lim markazi mas`ullari javob berdi.
Markaz rahbari Shuhrat Sattorovning ma`lum qilishicha, hozirda o`quvchilarning dars soatlari keragidan ortib ketgan. Natijada o`quvchilar mavzularni o`zlashtirishga ulgurmayapti.
Tadqiqotlarga ko`ra, ta`lim sifati dars soatlari bilan emas, sifati bilan bog`liq. Shu bois fanlar sonini optimallashtirish, o`quvchining o`quv yuklamasini xalqaro standartlar asosida belgilash yo`lga qo`yilmoqda.
Integrasion (fanlarning birgalikda o`qitilishi) fanlar joriy etilishi mana shunday islohotilarning biridir. Milliy o`quv dasturiga ko`ra, 2022-2023-o`quv yilidan boshlab, 1-6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinmoqda.
Yangi fan kiritilishi natijasida geografiya soatlarining hozirgi holatdan 2 soatga qisqarishi o`qituvchilarda norozilik keltirib chiqaryapti. Chunki mamlakatimizda o`qituvchilarga soat asosida maosh to`lanadi. Albatta, dars soatlarining qisqarishi o`z-o`zidan ularning maoshlariga ta`sir qiladi.
Dars soatlari va fanlar sonini optimallashtirish orqali o`quv yuklamasini kamaytirishga to`siq bo`layotgan muammo ham aynan o`qituvchilarga soat asosida maosh to`lanishi bo`lmoqda.
Jahonning aksariyat mamlakatlarida bu amaliyotdan voz kechilgan. Shuni inobatga olib, yurtimizda o`qituvchiga natija asosida, ta`lim samaradorligiga maosh to`lash tizimlari ham joriy qilinmoqda.
Yangi fan bo`yicha geografiya, fizika, biologiya, kimyo fani o`qituvchilari bir oylik qisqa tayyorlovda o`qib, maxsus sertifikatni qo`lga kiritsa, 6 sinflarda tashkil etilgan 3 soatlik “Tabiiy fanlar” (Science) fanidan dars berish imkoniga ega bo`ladi.
Shuningdek, ayni kunlarda geografiya fani soatlari qisqarishi o`qituvchilarining ishsiz qolishiga sabab bo`lishi aytilayotgan fikrlarga Ta`lim markazi rahbari o`rinbosari Isroil Tillaboev quyidagicha javob berdi:
– Xalq ta`limi vazirligi ishsizlik masalasi bilan emas, ta`lim sifati bilan shug`ullanadi. Bizning asosiy vazifamiz sifatli ta`limni ta`minlash. Oliy ta`limda yildan yilga kvotalar soni oshmoqda. Ammo Xalq ta`lim vazirligi barcha oliy ma`lumotli kadrlarni ish bilan ta`minlash vazifasini olmagan. Hozirgi islohot natijasida ta`lim eng iqtidorli o`qituvchi qo`liga o`tadi. Endi biz tanlov asosida o`qituvchilarni saralab olamiz. O`quvchilarni eng yaxshi o`qituvchilar qo`liga topshiramiz.
Shu nuqtai nazardan, jamoatchilikdan ta`lim mazmunida amalga oshirilayotgan islohotlarni to`g`ri talqin qilishlarini so`rab qolardik. Zero, bu yangilanishlar 6 milliondan ziyod o`quvchi-farzandlarimizning raqobatbardoshligini ta`minlash uchun amalga oshirilyapti.






