Bugun, 26 yanvar kuni soat 09:20 larda, Andijon viloyati, Xo`jaobod tumani hududidan o`tuvchi A-373 avtomobil yo`lining 450-kilometrida haydovchi, 1974 yilda tug`ilgan A.M. "Damas" rusumli avtomobilda harakatlanayotgan vaqtda, transport vositasining dvigatel qismida qisqa tutashuv sodir bo`lib, natijada yong`in kelib chiqqan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo`l harakati xavfsizligi xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, tutashuv bo`lishi bilan haydovchi avtomobilni zudlik bilan to`xtatgan. Yong`in o`t o`chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan. Yong`in natijasida tan jarohati olgan fuqarolar yo`q.
Mazkur hodisa yuzasidan tuman FVB va YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.






