AsosiyJamiyat

2030 yilgacha maktab bitiruvchilarini oliy ta`lim bilan qamrab olish ko`rsatkichini 50 foizga etkazish rejalashtirilmoqda

'2030 yilgacha maktab bitiruvchilarini oliy ta`lim bilan qamrab olish ko`rsatkichini 50 foizga etkazish rejalashtirilmoqda'ning rasmi

Keyingi paytlarda O`zbekistonda oliy ta`limni rivojlantirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. Bu borada keng ko`lamli islohotlar boshlanib, sohada jiddiy o`zgarishlar sodir bo`lmoqda.

Avvalo, bu sohani moliyaviy qo`llab-quvvatlashga e`tibor qaratila boshlandi. Jumladan, 2016 yilda davlat byudjetidan ta`lim sohasiga ajratiladigan mablag` ijtimoiy sohaga ajratiladigan xarajatlarning 6,8 foizini tashkil etgan bo`lsa, 2021 yilda bu ko`rsatkich 4 baravarga oshirilib, davlat byudjetidan ijtimoiy sohalarga, xususan, ta`lim sohasi xarajatlariga 34,6 trln. so`m, fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,2 trln. so`m yo`naltirildi. Bundan tashqari, davlat dasturlari orqali esa uzluksiz ta`lim tizimini rivojlantirish dasturlari uchun 2 197 mlrd. so`m, fanni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun 168 mlrd. so`m mablag` ajratildi. Maktab bitiruvchilarini oliy ta`lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 28 foizga ko`tarildi. 2030 yilda esa 50 foizga etkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, davlat grantlari 2 barobarga ko`paytirish mo`ljallangan.

Oliy ta`limning rivojlanish ko`rsatkichi ta`lim muassasalarining xalqaro reytinglarda e`tirof etilishi bilan belgilanadi. Bu borada ham aniq rejalar belgilangan bo`lib, 2024 yilgacha kamida 2 ta oliy o`quv yurtini dunyodagi kuchli 1000 talik universitetlari qatoridan o`rin olishga erishish hisoblanadi. Bu borada ham natijalar bo`y ko`rsata boshladi. Jumladan, 2021 yilda QS reyting kompaniyasining Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari reytingida O`zbekistonning 4 ta OTMsi (Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalashtirish muhandislari instituti 251-300 o`rin, O`zbekiston milliy universiteti 351-400 o`rin, Samarqand davlat universiteti 351-400 o`rin, Toshkent davlat texnika universiteti 351-400 o`rin) kiritildi. Yoki Britaniyaning Times Higher Education nashri jahon universitetlari reytingining yangi nashrida birinchi marta yangi turdagi "muxbir" maqomiga ega 450 ta universitetni belgilab, ular ichida O`zbekistonning 10 ta oliy o`quv yurti (O`zMU, TDYuU, TMI, TIQXMMI, TTA, TPTI, TFI, TDIU, Turin PU, UrDU)ni kiritdi.

Oliy ta`lim tizimidagi talabalar va professor-o`qituvchilarning ijtimoiy himoyasi masalasida ham ijobiy yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, talabalarning eng og`riqli muammolaridan biri – talabalar turar-joylarining etishmasligi masalasi hisoblanadi. Dunyoning rivojlangan davlatlarida bu ko`rsatkich 90 foiz atrofida bo`lsa, bizda 2020 yilda 15 foiz atrofida bo`lgan. Ana shundan kelib chiqib, talabalarni turar-joy bilan ta`minlash borasida rejalar ishlab chiqilib, 2021-2022 o`quv yilida umumiy talabalarni turar-joy bilan qamrovi 20 foizdan oshirishga erishildi. Shu o`quv yilidan boshlab ijarada turadigan talabalarga davlat tomonidan qo`shimcha haq to`lash amaliyoti joriy qilindi. Hukumat qaroriga ko`ra, respublika bo`yicha 2025 yilgacha 228 ta talabalar turar-joyi barpo etilishi, shundan hududlarda 2022 yilda 47 ta, 2023 yilda 67 ta, 2024 yilda 62 ta, 2025 yilda 52 ta talabalar turar-joyining qurilishi belgilandi. Shu bilan birga, muammoning echimida xususiy sektorni ham jalb qilish ularga tegishli imtiyozlar asosida talabalar turar-joylari qurishga imkoniyat yaratilmoqda.

Talabalar uchun kontrakt mablag`larini kvartallarga bo`lib to`lash, imtiyozli kreditlar ajratish, ta`limda tanlov huquqi kiritildi. Auditoriya soatlari kamayib, hatto ko`plab institutlarda 5 kunlik o`qish tizimiga o`tildi.

Yoki oliy ta`lim tizimida faoliyat yurituvchi professor-o`qituvchilarning oylik maoshlari 2016 yildan 2021 yilgacha 3.3 baravarga oshirildi. Ilmiy darajasi va ilmiy tadqiqotlarining samaradorligidan kelib chiqib, PhD ilmiy darajalilarga oylik maoshiga 30 foizgacha ustama haq (DSc) ilmiy darajalilarga 60 foizgacha oylik ustama belgilash amaliyoti yo`lga qo`yildi. Jamiyatda o`qituvchilik maqomini ko`tarish maqsadida ularni turli qo`shimcha ishlarga jalb qilishga barham berildi. Bugungi kunda o`qituvchilar qishloq xo`jvligi ishlari(paxta terimi)ga jalb etilmayapti.

Oliy ta`lim rivojlanishining asosiy mezonlaridan biri sog`lom raqobat muhitining mavjudligi hisoblanadi. Bu borada dunyo tajribasi shuni ko`rsatadiki, davlat ta`lim muassaslariga muqobil ravishda nodavlat ta`lim muassasalarining shakllanishi raqobatni ta`minlaydi. Ana shundan kelib chiqib, bu borada 2018 yildan uning huquqiy asoslari yaratilib, 2019 yildan nodavlat oliy ta`lim muassasalari tashkil etila boshlangan bo`lsa, 2020 yilda ularning soni 10 taga etdi. Ayni vaqtda yurtimizda 19 ta nodavlat oliy ta`lim muassasalari faoliyat yuritib, ta`lim sifati bo`yicha davlat oliy ta`lim muassasalari bilan bellasha boshladi.

Xullas oliy ta`limdagi islohotlar o`zining samarasini bera boshladi. Shunga qaramay, biz bu borada katta marralarni zabt etishimiz, O`zbekiston Markaziy Osiyoning ilm-fan va ta`lim bo`yicha xabi aylanish muhim. Buning uchun esa ta`lim va tayyorlanayotgan kadr sifatiga e`tibor qaratishimiz, ilg`or tajribalardan samarali foydalanishimiz maqsadga muvofiq hisoblanadi.

 

Oybek SIROJOV,

siyosiy fanlar doktori, professor,

Toshkent kimyo-texnologiya institutining

Ijtimoiy-siyosiy fanlar kafedrasi mudiri

    Boshqa yangiliklar